Mundial ishtirokchilari Qatarga yetib keldi
Shu yil 20 noyabrdan 18 dekabrga qadar Doha shahrida futbol bo‘yicha 2022 yilgi jahon chempionati bo‘lib o‘tadi.
Doimgidek biz bu ro‘yxatda yo‘q
Yozda Qatarda 50 daraja issiq kuzatiladi. Bunday vaziyatda to‘p surish u yoqda tursin, havodan nafas olish ham mushkul. Ammo mamlakat jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rish uchun ulkan reja tuzib chiqdi va 12 yil deganda buni hayotga tatbiq etdi.
O‘yinlarni o‘tkazish uchun 8 ta arena tayyor
Ixchamlik – 2022 yilgi jahon chempionatining eng asosiy xususiyati. Katta turnir deyarli bir shaharda - mamlakat poytaxti Dohada o‘tkaziladi. Bir-biridan eng uzoqda bo‘lgan 2 ta stadion orasidagi masofa 75 kilometrni tashkil qiladi. Jahon chempionatining ochilish o‘yini “Al-Bayt” stadionida o‘tkaziladi.
Chempionat uchun 208 milliard yevro atrofida pul sarflandi
Bu Rossiyada bo‘lib o‘tgan 2018 yilgi mundialda sarflangan xarajatlardan 17 baravar ko‘p degani. Xo‘sh, bu bir necha kunlik chempionatni deb shuncha mablag‘ bekor ketdi, deganimi? Yo‘q.
Mamlakat rasmiylarining ta’kidlashicha, jahon chempionati Qatarning 2030 yilga qadar milliy taraqqiyot loyihasi tarkibiga kiradi. Bu butun mamlakat bo‘ylab shaharlar, sanoat va turli ob’yektlarni jadal rivojlantirish, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimlarini taraqqiy ettirishga qaratilgan keng ko‘lamli davlat strategiyasidir.
“JCh-2022” timsoli haqida
Futbol muxlislariga yaxshi tanish bo‘lib ulgurgan navbatdagi eng yuksak nufuzli turnirning timsoli 8 raqamiga aylantirilgan, qizil hoshiyali oppoq halqadan iborat. 8 raqami - Qatardagi stadionlar soniga ishora va cheksizlik belgisi hamdir.
“Jahon chempionatining logotipi nufuzli musobaqaning regionimiz aholisiga ko‘rsatgan uzoq yillik ta’sirini aks ettiradi. Bundan tashqari, emblemaning yuqori qismi turnir g‘olibiga beriladigan sovrinni eslatadi”, deyishyapti “JCh-2022” tashkiliy qo‘mitasi vakillari.
Mundialning rasmiy to‘pi
Qatar mundiali rasmiy to‘pi “Al Rihla” nomi bilan tanildi. Arab tilidan olingan ibora “sayohat” ma’nosini bildirar ekan. Adidas kompaniyasi tomonidan tayyorlangan to‘p mutaxassislar fikricha, tezkor va aniq. Bunday sifatlarga erishish uchun to‘pni CTR-Core texnologiyasidan, ya’ni to‘p ichiga aniqlik va balansni oshiradigan jajji yadro qo‘yish usulidan foydalanib tayyorlashgan.
“JCh-2022” tumori
Qatar mundialining tumori “Laib” nomli uchar gilamga berildi. Arab tilida u juda yaxshi o‘yinchi ma’nosini anglatadi. Yaratuvchilarning fikriga ko‘ra, Laib o‘ta chaqqon, quvnoq va qiziquvchan. “Laib hammani o‘ziga ishonishga chorlamoqda. U barchaga futbol zavqini olib keladi”, deyiladi xalqaro tashkilotning rasmiy saytida.
Madhiya doim muhim bo‘lgan
Mundial madhiyasi mart oyining oxirida Dohada bo‘lib o‘tgan qur’a tashlash marosimida ijro etildi. Shunday sharafga sazovor bo‘lgan “Nauua Nauua” (Better Together) qo‘shig‘ini amerikalik Trinidad Kardona, afrikalik Davido va qatarlik Oyshalar ijro etdi. Ta’kidlash lozimki, mundial madhiyasi chempionat ruhiyatiga katta ta’sir o‘tkazadi.
Yevropaliklarni cheklovlar cho‘chityapti
Qatar 2022 yilgi jahon chempionatida barcha futbolchilarni majburiy emlashga chaqirmoqda. Shuningdek, murabbiylar, xodimlar va mamlakatga keladiganlarning hammasi, shu jumladan, barcha muxlislar emlanishi kerak. Bundan tashqari, mamlakat rahbariyati tomonidan mahalliy xalq qadriyatlariga oid ayrim cheklovlar ham borki, bular chempionatning qiziqarli o‘tishiga deyarli salbiy ta’sir qilmaydi.
Ilk bor ayol hakamlar ishlaydi
FIFA Qatarda bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatida ishtirok etadigan hakamlar ro‘yxatini e’lon qildi. Ro‘yxatdan 36 nafar bosh hakam, 69 nafar yordamchi hakam va 24 nafar VAR bo‘yicha mutaxassislar o‘rin olishdi. O‘zbekistonlik hakamlar ushbu ro‘yxatga kiritilmadi. Hamyurtlarimiz 2010 yildan buyon ilk marta mundialda ishtirok etmaydigan bo‘lishdi.
Bu mundialda biz ham ishtirok etamiz
Albatta, milliy terma jamoa bilan emas. Ayni paytda Osiyo futbol konfederatsiyasida musobaqalarni o‘tkazish departamenti rahbari lavozimida ishlayotgan Avaz Berdiqulov FIFA tomonidan Jahon chempionatida ishlash uchun taklif etildi. Vatandoshimiz mundial o‘tadigan stadionlardan biri – “Al-Janub” o‘yingohi direktori sifatida faoliyat yuritadi.
Chempionat 20 noyabrdan 18 dekabrga qadar bo‘lib o‘tadi. Darvoqe, mezbon jamoa – Qatar termasi jahon chempionatida debyut qiladi.
Sulaymon Mardiyev tayyorladi.
***