Murojaatlarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqmagan mutasaddilar jarima to‘laydi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 20 apreldagi PF-5421-sonli farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 21 iyundagi 461-sonli qarori ijrosi bo‘yicha viloyatda olib borilayotgan ishlar muhokama etildi.

Viloyat hokimligi axborot xizmatining xabariga ko‘ra, muhokamada fuqarolarning o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarida yoki imorat qurish uchun ruxsatnoma olmasdan qurilgan turar joylariga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida jami 37241 nafar fuqaro tomonidan murojaatlar kelib tushganligi qayd etilgan. Ammo ushbu murojaatlarning 10025 tasi ijro muddati komissiyalar tomonidan kechiktirilgan. Belgilangan talablarga muvofiq murojaatlarni o‘z muddatida o‘rganib chiqmaganligi sababli viloyat yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasining xo‘jalik hisobidagi “Yermulkkadastr” xizmati davlat unitar korxonasi hamda uning Samarqand shahar, Urgut, Past Darg‘om, Samarqand, Oqdaryo, Ishtixon, Paxtachi, Qo‘shrabot, Payariq, Kattaqo‘rg‘on, Jomboy va Tayloq tuman filiallari rahbarlari, Samarqand va Ishtixon tumanlari davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bosh vrachlari, Urgut va Nurobod tumanlari ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi rahbarlari, Samarqand tumani va Samarqand shahar davlat soliq inspeksiyasi boshliqlari, shuningdek, Samarqand va Urgut tumanlari davlat yong‘in nazorati organlari rahbarlari eng kam oylik ish haqining 5 barobari miqdorida jarimaga tortilishi qayd etildi.

Ushbu yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar bir haftadan so‘ng viloyat hokimligi tomonidan yana bir bora tanqidiy muhokama etilishi belgilandi.