Mutaxassislar ogohlantiradi: Nos chekish saratonga olib keladi

Yurtdoshlarimizning salbiy odatlarimizdan biri bu nos chekishdir. Ko‘pchilik nosni an’anaviy usulda til ostiga tashlasa, ba’zilar pastki lab orqasiga, yana kimdir  burun  bo‘shlig‘iga  joylashtirib chekadi. Nosning inson salomatligiga salbiy ta’sirini bilsak-da undan voz kecha olmaymiz.

Nos asosan tamaki, dog‘lanmagan yog‘ va ohak kabi mahsulotlar aralashmasidan hosil bo‘ladi. Lekin uni tayyorlashda har xil usullardan foydalanishadi. Chunonchi, Kattaqo‘rg‘on nosida yog‘ miqdori kamroq, donador shaklda bo‘lsa, Urgutda tayyorlangan nos tarkibida to‘liq o‘chirilmagan ohak moddasi bo‘lib, u shilliq qobiqlarni ko‘proq kuydiradi. Ushbu mahsulot uzoq vaqt iste’mol qilinsa, og‘iz bo‘shlig‘i shilliq qobig‘ida o‘sma kasalliklarining rivojlanishiga olib keladi.

Nos chekishning zarari xaqida aytsangiz, ko‘pchilik «Mening otam, bobom yoki tog‘am 50 yil, 60 yil nos chekkan, lekin hech qanday asorati bo‘lmagan», deyishadi. Ammo har bir organizm o‘ziga xos, tashqi muhit ta’siriga turlicha reaksiya beradi. Nos chekkan kishilarning hammasi ham saraton kasaliga yo‘liqmaydi, albatta. Lekin har 100 nafar noskashdan 1-2 nafari rak bilan og‘rishi haqiqat. Bu jarayon ba’zi kishilarda 40-50 yil davom etsa, ba’zilarda atigi 3-4 yil davomida kechadi. Inson psixologiyasi shundayki, xamma «Ushbu balo meni chetlab o‘tadi», deb fikrlaydi. Shuning uchun ham ular har yili «ajal lotereyasi»da ishtirok etishni kanda qilmaydilar.

Xo‘sh, nos nima sababdan saratonga olib keladi?

Nos tarkibini tashkil etgan mahsulotlar - tamaki, dog‘lanmagan yog‘, so‘ndirilmagan ohak - har biri alohida kanserogen (rak kasalini chaqiruvchi) moddalar hisoblanadi. Kishi kuniga o‘rtacha 7-10 marta nos cheksa, bu ko‘rsatkich bir kunda 30 gramm, bir oyda 1 kilogramm, 1 yilda 10-12 kilogramm va 30 yilda 300-350 kilogrammni tashkil qilar ekan. Nosni uzluksiz iste’mol qilish til ostida, tilda va og‘iz tubida shilliq qobiqlarida metaplaziyaga olib keladi. Bu jarayon til ostida oqimtir dog‘lar paydo bo‘lishi bilan namoyon bo‘ladi. Bu tibbiyotda leykoplakiya, deb atalib, dori-darmonga deyarli ta’sirsiz bo‘lib, yillar mobaynida rivojlanib boradi va rak oldi kasalligi hisoblanadi. U operativ davoni talab etadi, vaqtida davolanmasa saratonga olib keladi.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Samarqand viloyatida har yili 45-50 kishi nos chekish oqibatida og‘iz bo‘shlig‘i a’zolari rakiga chalinadi. Ushbu toifadagi bemorlarni davolash ko‘p mablag‘ va vaqt talab qiladi. Muolajalardan so‘ng atigi 40 foiz bemorlarni asrab qolishga muvaffaq bo‘lamiz. Tuzalgan bemorlar ham mehnatga layoqatsiz bo‘lib, ijtimoiy hayotdan chetlanib kolishlari mumkin.

Endi o‘ylab ko‘ring, nos chekish sizga kerakmi? Bundan nima yutasiz-u nimalarni boy berasiz?..

R.XOLIQULOV,

E.BAGIROV,

Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali shifokorlari.