Mutolaa: Amerikalik qo‘shnilarim (hajviya)
Habib Siddiq.
Ishdan qaytsam, xotinim gap topib qo‘yibdi: yonimizdagi hovliga yangi qo‘shnilar ko‘chib kelayotgan emish. Yana qayerdan deng. Naq Amriqodan.
— Qo‘ysang-chi, qayerdagi gaplarni topasan-a?
— Ishonavering, allaqanday uyushmami, jamiyatning yo‘llanmasi bilan urf-odatlarimizni o‘rgangani kelayotgan emish.
— Ana, endi qo‘shnilar bilan ham tarjimon orqali gaplashamizmi? Yo imo-ishora bilan tillasharmikanmiz?
— Kim biladi, deysiz, dadasi. Uncha-muncha inglizchaniyam o‘rganib yurardingiz shekilli.
— E-e, harbiydan qaytgach, bir qiziquvdim. Tijoratga o‘tgandan keyin hammasi qob ketdi.
— Madaniyat uyidayam chet tilini o‘rgatadigan kurs ochilgan, deb eshitgandim. Men ham qatnab turganimda bo‘larkan-a.
— Ke, ko‘p boshimni qotirma. Bir gap bo‘lar. Amriqodan kelgan odamlarni sen bilan valaqlashib o‘tirgani vaqtiyam bo‘lmaydi.
— Harqalay, amriqolik qo‘shnilarimiz savdo ishlari bilan Dubayga qatnaydigan tijoratchining xotini ingliz tiliniyam bilmas ekan, deb kulishmasin deyman-da. Bo‘lmasa, sizga tekkanimdan beri televizorning dacturidan boshqa narsa o‘qiganim yo‘q.
— Bo‘ladiganidan gaplashaylik. Uy-puy, hovli-povli, ko‘cha-ko‘yni supurib-sidirib qo‘yinglar.
— Bo‘pti, bo‘pti. Baribir, ko‘nglim g‘ash-da. Ularni-ku biz bilan darrov gaplashgani vaqtlari bo‘lmas. Lekin ularni ko‘chirib kelayotgan o‘zimiznikilar qo‘shnilariniyam bir sinab qo‘yaylik, deb qolishsa-chi? «Katta machitning hovuzi»ni inglizchasiga nima deydi, deb qolishsa, qanday javob beraman. Bo‘taqorada sholi ko‘p ekiladi, «sholi» inglizchasiga nima bo‘ladi desa-chi? O‘lay agar, hech narsa bilmayman. O‘ziyam sizga tekkanimdan keyin judayam qoloqlashib ketdim-da.
— Bo‘ldi endi. O‘zi ilgari ham og‘zing qani, desa, qulog‘ingni ko‘rsatarding.
Xotinlarning mish-mishidir-da, bizning qishloqda amriqolikka nima bor, deb o‘ylagandim. Yo‘q, xotinimning gapi chippa-chin bo‘lib chiqdi.
Ertasiga tushlikni uyda qila qolay, deb kelsam, darvozamiz oldida yuzlari ham, sochlari ham sap-sariq, boshiga do‘ppi qo‘ndirgan bolakay o‘g‘lim bilan koptok o‘ynayapti. Uzun yuzli, atlas ko‘ylak kiygan, malla sochlari ro‘moli chetidan ko‘rinib turgan ayol qo‘shni darvoza oldini supurar, o‘ziga quyib quyganday o‘xshash o‘zbekona kiyingan qizchasi yelim chelakda vodoprovoddan suv olib sepayotgan ekan.
Moshinadan tushib, ikki qadam yurishim bilan kutilmagan hol yuz berdi. Dunyoning narigi burchagidan kelgan ayolning ona tilimizda nazokat ila salomlashuvidan sezilar-sezilmas entikib ketdim. Uyga kirib suyunchili xabarni aytay desam, xotinim allaqachon yangi qo‘shni bilan tanishib olib, xursand bo‘lib o‘tirgan ekan.
Ikki kun o‘tgach, ishxonada telefonga chaqirishdi. Tumanga bog‘lanadigan telefon boshqa xonada bo‘lganligi uchun «Tinchlikmikan?» deb o‘ylab halloslab chiqsam, go‘shakdan xotinimning ovozi eshitildi:
— Allo, dadasi… Anu yangi qo‘shnilarimiz sizni qayerda, deb so‘rashyapti. Hech tushuntirolmayapman… «Dejurstvo»ni o‘zbekchasiga nima deydi?..
— Navbatchilik?!
— Ha, bo‘ldi. Xayr.
Oradan hech qancha o‘tmay talaffuzidagi jinday sezilar-sezilmas nuqsonni demasa, sof o‘zbek tilida gapiradigan nazokatli, xushsuxan amriqolik ayolni qishlog‘imizda deyarli hamma taniydigan bo‘b ketdi. Eri bo‘lsa mahallaning to‘yidan ham, ma’rakasidan ham qolmaydi. Bir marosimda oftoba olib, oqsoqollarning qo‘liga suv quyib qolsa bo‘ladimi…
— Barakalla, o‘g‘lim, — dedi oqsoqollardan biri hayron bo‘libroq qarab. — Tanimayroq turibman, sen qaysi mahalladansan, bolam?
— Chikagodan.
— A-a?.. Bizda unaqa mahalla yo‘q edi-yu.
Ana shunda yangi qo‘shnim kelishining sababi-yu dastlabki taassurotlarini o‘zbekona lutf bilan bayon qilib oqsoqollarniyam duosini oldi.
Uch-to‘rt kundan keyin xotinim yana bir gap topdi.
— To‘tixonlar mahallaga osh berishmoqchi emish.
— To‘tixoning kim?
— Anavi yangi qo‘shnilarimiz-da. O‘zlarigayam, bolalarigayam allaqachon o‘zbekcha ism qo‘yib olishibdi. Eri siz bilan maslahatlashmoqchi. Detsaddan kelayotsam povorotda turgan ekan.
— Kimlarni taklif qilganimiz ma’qul? — dedi u kechki payt biznikiga kirib. — Harqalay, siz bu yerning past- balandini bilasiz…
— Biz odatda huv anovi perekrestkadan banyaning oldigacha aytamiz.
Qo‘shnim hech narsa tushunmadi.
— Hammomning deng, — eslatdi xotinim. Darrov gapimni o‘ngladim.
— Chorrahadan hammomgacha.
Shundagina gapimni anglagan mallavoyning yuz-ko‘zida tabassum zohir bo‘ldi.
— Uchastkavoyniyam aytib qo‘ying, — dedim.
— Kimvoy, — hayron bo‘lib so‘radi u. Yana tilimni tishladim.
— Ha, anovi nozirimizni aytaman-da.
Bunaqa hollar tez-tez takrorlanadigan bo‘b qoldi. O‘z yurtida sof o‘zbek tilini ixlos bilan o‘rgangan qo‘shnilarimizga chetdan kirib qolgan so‘zlar guruchdan chiqqan toshdek g‘ashga tegardi. Sal o‘ylabroq gaplashmasak, bo‘lmaydiganga o‘xshaydi. Har gal gapimni anglatishga qiynalganimda, xijolatdan ter bosadi. Rus maktabida o‘qigan, ko‘p qavatli uyda o‘sgan xotinimni-ku asti qo‘yaverasiz:
— Qanaqa odamlar o‘zi, a? «Obed» desang tushunmasa. «Dom kultura»ni bilmasa. «Optom»i nimasi, deganiga o‘laymi?.. Naq davleniyam ko‘tarilib ketadi-da!
— Qo‘y, qizishma, ayasi. Axir, ayb o‘zimizda-ku. Men ham avvaliga shulardan tanbeh eshitamanmi, deb g‘ashim keldi. Ammo sal o‘zimni bosib o‘ylab ko‘rsam, ular ikki yuz protsent..e, yo‘g‘-e, foiz haq ekan. Tilimizga bo‘lgan hurmati bois ularga ixlosim benihoya ortib ketdi.
— To‘g‘ri aytasiz, — deydi xotinim sal hovridan tushib. — Bahonada uncha-muncha narsani o‘rganib ham olyapman. «Skovordka»ning o‘zbekchasi «tova» ekanligi tushimga ham kirmagan edi. «Bilet»ning chipta ekanliginiyam endi bildim. Bir jihatdan shu qo‘shnilarimizning kelganiyam yaxshi bo‘ldimi, deb o‘ylab qolaman, dadasi.
— Nimasini aytasan, ayasi, — deyman men ham kulib. — Amriqolik qo‘shnilarimiz bizdan urf-odatlarimizni, biz ikkalamiz esa ulardan tilimizni o‘rganayapmiz.