Mutolaa: Bahs. Hajviya

Tog‘aymurod Shomurodov

- Mahalla-ko‘yda xijolatdan bosh ko‘tara olmay qoldim. Siz ham erkak bo‘lib, bundoq uy-joyga qaraysizmi, yo‘qmi? – Satangbonuning labi labiga tegmay javradi. – Xuddi lo‘lining kulbasiga o‘xshaydi!

 

Sulton xotinining diydiyolariga o‘rganib qolgani uchun miq etmadi. Bu Satangbonuning battar jag‘ini ochdi.

- Hoy, men kimga gapiryapman, qulog‘ingiz tom bitganmi? – Satangbonu ilonday “vishilladi”, qo‘llarini beliga tirab, “F” shakliga kirdi. Endi aytganini qildirmay qo‘ymaydi!

Sulton hushyor tortdi. Bosiqlik bilan xotinini shashtidan tushirish kerak. To‘g‘ri, u hozir bir do‘q bilan unini o‘chirib qo‘ysa bo‘ladi. Ammo unday qilmaydi. Yo‘q, qo‘rqqanidan emas, hurmat qilganidan. Qolaversa... Ha, mayli buyog‘i boshqa mavzu. Uylangandan beri shunga o‘rgangan, chizgan chizig‘idan chiqmaydi. Ovozi eshitilgan zahoti komandirning buyrug‘ini bajarishga shay askarday tik qotadi. Kim nima desa, desinu, bu qo‘rqqanidan emas, azbaroyi hurmat qilganidan. Xullas, hozir javob bermasa, biror kor-hol bo‘lishi aniq.

- Uyga nima qilibdi, biror joyi o‘pirilib tushibdimi? Xudoga shukur, binoyidek uy, o‘tiribsan malikaday...

- O‘pirilib tushsa mayli edi, siz tashqariga chiqib, tomga qarang! Qo‘shnining tomidan qancha past?

- Ey, xotin, yana boshladingmi? Qo‘shni bilan basma-bas tom ko‘taraverib, belim chiqdi-ku! Qo‘y, endi, yarim metr past bo‘lsa bo‘lar.

- Nima? Nima dedingiz? - Satangbonu yeb qo‘ygudek bo‘lib, eri sari yurdi.

- Xo‘p dedim-ku, xo‘p! - Sulton ortiga tisarildi.

Sulton mashinasini garovga qo‘yib, bankdan qarz oldi. Tomni ochib, qo‘shnisining tomidan yarim metr baland qilib ko‘tardi. “Ana salobatu, mana hashamat. Qurg‘ur xotinning tili arining nishiday bo‘lsa ham, didi chakki emas. Ey, Sulton, toming baland, tomingdan noming baland. Qandingni ur, qarzni uzish bir gap bo‘lar”.

U tomga qarab, mamnun bo‘ldi. Sultonning bu qilig‘i qo‘shnisining izzat-nafsiga tegdi. Negaki, u ham xotinini hurmat qiladigan erkaklardan edi. Tomni Sultonnikidan baland­roq ko‘tarish uchun ishni boshlab yubordi. Ertalab ishga otlangan Sulton uning darvozasi yonida g‘isht to‘kayotgan mashinalarni ko‘rib, bo‘shashib qoldi.