Mutolaa: Erni qanday parvarishlash kerak? Hajviya

 Xisrav Shohoniy

Agar siz Habibni uchratsangiz uni tanimagan bo‘lardingiz. U juda  o‘zgargan, men uni tanidim, negaki, biz u bilan bir necha yillardan beri do‘stmiz.

Ilgari u chaqqon, serg‘ayrat, xushmuomala, o‘yin-kulgi va hazilni yoqtiradigan yigit edi. U ko‘p pul ishlardi, shunga yarasha ko‘p sarflardi ham. Ko‘rinishi ham ajoyib edi: yuzlari yumaloq, yonoqlari qizil, yurishlari qat’iy. Endi-chi, uni ko‘rsangiz... Go‘yo bezgakka chalingandek: yuzlari oqarib cho‘kkan, oyog‘i-oyog‘iga o‘ralib yurayotganday. Qisqasi, Habibni tanib bo‘lmaydi.

Do‘stlarim ishiga aralashishni va ularni haddan tashqari qiziquvchanlik bilan bezovta qilishni unchalik yoqtirmasam-da, uning ahvolini ko‘rib o‘zimni to‘xtata olmasdan so‘radim:

- Nima bo‘ldi Habibjon? Seni tanib bo‘lmaydi, guyo almashtirib qo‘yilgandeksan!

U javob berdi:

- Alloh barcha sotsiologlar, oila hayoti sohasidagi bu mutaxassislarni, maslahat berishni yoqtiradiganlarni la’natlasin!

Do‘stimni nozik joyiga tegib ketganimni his qilib, uni tinchlantirishga kirishdim:

- Tinchlan, Habibjon! Aytsang-chi, nima bo‘ldi o‘zi?

- Men unga yuz marta shu ayollar jurnalini sotib olma, o‘qima deb aytgandim! Axir men ularni sotib olmayman-ku, sen ham... E... yo‘q, u quloq solmadi, mana, endi meni shu ahvolga solib qo‘ydi!

- Ayollar jurnallarining sening ahvolingga nima aloqasi bor?

Habib menga hasrat bilan qaradi:

- Hammasiga shular aybdor, sen tushunmayapsan! Kel, kahvaxonaga kiramiz, senga hammasini batafsil aytib beraman.

- Sen meni yaxshi bilasan, - gap boshladi Habib. – Qanday tinmas, xushchaqchaq bo‘lganimni eslaysanmi?

- Eslaganda qandoq...

- Endi-chi?.. Kim aybdor, nima deb o‘ylaysan?

- Qayoqdan bilishim mumkin?

- Shifokorlar aybdor, o‘sha la’nati doktor Hildor Gavsher, uch marta la’nat unga! Olti oy oldin xotinim ayollar jurnallaridan biriga obuna bo‘lgandi. U ularda yozilgan hamma narsani yodlaydi, keyin esa tajriba hayvonchasiday meni sinab ko‘radi. Tushundingmi?

- Yo‘q, hech narsani tushunmayapman!

Habib jahl bilan sigaretani o‘chirdi va menga tikilib davom etdi:

- Taxminan olti oy oldin bu soqoli o‘smagur shifokor “Ayollar, eringizning hayoti sizning qo‘lingizda. Agar siz uning sog‘lom bo‘lishini istasangiz, ushbu maslahatlardan foydalaning”, sarlavhali maqolalar turkumini yoza boshladi.

- Xo‘sh, nima bo‘libdi?

- Besh oy oldin uyga kelib, dahlizda tibbiy tarozini ko‘rib qoldim. Xotinim Minadan faqat “Bu nima” deb so‘raganimni eslayman...

- Taroziga chiqing, sizni tortmoqchiman, - tabassum bilan javob berdi u.

- Men-a?

- Ha, siz!

- Nega?

- Doktor Hildor Gavsher “Eringiz sog‘lig‘ining garovi bu vazndagi barqarorlikdir”, deb yozgan, - dedi.

- O‘shandan beri bu ayol kuniga olti marta: ertalab, tushlik paytida, kechqurun yotishdan oldin, ovqatdan oldin, ovqatdan keyin meni bir qop lavlagi kabi tortadi. Agar vazn kamaygan bo‘lsa – u meni yana dasturxonga o‘tqazib olib, ovqat yeyishga majburlaydi, agar oshib ketgan bo‘lsa bu la’nati tabib Hildor Gavsherning maslahatiga amal qilib meni qo‘shnilarning ko‘z o‘ngida ichki kiyimda uy atrofida sakson marta yugurishga majbur qiladi.

- Yugurish yaxshi, Habib, lekin nega ichki kiyimda?

- Chunki Doktor Gavsher bu muolaja paytida butun tana erkin nafas olishi kerakligini aytgan ekan. U xotinlar har oyda bir marta erini shifokorga ko‘rsatib, to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib turishi va agar Xudo ko‘rsatmasin, biror og‘ish sezilsa, o‘z vaqtida chora ko‘rish kerakligi to‘g‘risida yozadi. Olti oydirki, bu ayol mening sog‘lig‘im uchun....

- Demak, u seni yaxshi ko‘radi, - qistirdim men.

- ...Meni klinikaga olib boradi, - davom etdi mening so‘zlarimga e’tibor bermay u. – Bir kuni ko‘z shifokoriga, ikkinchi  quloq, uchinchi, to‘rtinchi, beshinchi kunlari – stomatolog, jarroh, terapevt, yana Xudo biladi kimlarga!.. Bularning hammasi jonimga tegdi, men charchadim!

- Achchiqlanma, do‘stim, - dedim murosa bilan.  - Demak, Minaxonim seni yaxshi ko‘radi, u ko‘zlaring zaiflashib qolishi yoki oshqozoning ishlamay qolishi mumkinligidan xavotirda.

- Bu shifokor yana xotinlarga erlari ish qobiliyatini uzoqroq saqlash uchun ertalab va kechqurun gimnastika bilan shug‘ullanishga majburlashni maslahat beradi. Xotinim menga har biri sakkiz kilogrammdan keladigan ikkita gantel va shtanga sotib olgan. Qasamki, ular katta buqaning umurtqasini sindiradi. Menda na kuch, na sabr qoldi.

- Xo‘sh, ishing-chi, ishlaring qalay?

- Hammasi ishdan kelganimdan so‘ng boshlanadi. Har kuni kechqurun soat sakkizda u bolalarni yotqizadi, meni alohida xonaga qamab qo‘yadi. Bir dasta kitob va jurnallarni berib: “O‘qing, mutolaa qilib dam oling”, deydi.

- Nega?

- Doktor Gavsher tomonidan tavsiya etilgan ekan. Emishki, siz (ya’ni men) dam olishingiz kerak, sizga o‘qib, uxlash uchun tinchgina, osoyishta joy kerak.

- Men unga yolg‘izlikdan aqldan ozishimni, men mahbus yoki moxov emasligimni aytmoqchi bo‘laman. Gavsherning maslahati bu, hech narsani bilmayman, deb javob beradi. Bu doktor mening tinch va baxtli hayotimga hasad qilgan ekan. Kechqurun ishdan keyin bolalarim bilan televizor ko‘rardik, har xil o‘yinlar o‘ynardik, kulardik... Soat o‘n ikkilarda uyquga ketardim, ertalab sakkizgacha hech kim meni, hatto qurol bilan uyg‘ota olmas edi, endi har safar o‘rnimdan sakrab turaman.

- Nega, axir?

- Kechqurun oilamiz valine’mati, doktor Hildor Gavsherning maslahati bilan Alloh taolo unga jahannam azoblarini yuborsin! – oshqozonda og‘irlik sezmaslik, yengilgina yotib, har xil tush ko‘rmaslik uchun qotgan non bilan qirg‘ichdan o‘tkazilgan sabzi sho‘rvasini ichaman. O‘zing bilasan, men qo‘yning ikkita tili va to‘rt oyog‘ini ikkita non bilan faqat gazak sifatida yeb qo‘yardim. Ustiga-ustak xotinim kechalari ustimni vaqti-vaqti bilan ko‘rpa bilan yopadi yoki uni olib tashlaydi.

- Bunisi nima uchun?

- Hammasi o‘sha doktor tavsiyasi bilan. Tushunyapsanmi? “Eringizga e’tiborli bo‘ling, kechalari usti ochilib qolib, shamollamasin yoki ko‘rpa uning nafas olishiga xalaqit bermasin va bo‘g‘ilib qolmasin”, degan ekan. Endi tushundingmi?

- Ha, tushunib yeta boshladim! Keyin-chi?

- Ishdan kelishim bilan hali kiyim almashtirishga ulgurmasdan Mina oldimga savollar bilan keladi:

- Xo‘sh, charchadingizmi, dadasi?

- Yo‘q!

- Bugun xo‘jayiningiz bilan janjallashdingizmi?

- Yo‘q!

- Janjallashgandirsiz, rostini ayting?

- Aytdim-ku, janjal qilganim yo‘q deb!

- Balki boshqa birov bilan mojaro bo‘lgandir?

- Yo‘q, nega men mojaro qilishim kerak?

- Bir gap bo‘lgan, lekin aytmoqchi emassiz? Doktor Hildor Gavsher erlarga o‘zlarining xotirjamligi uchun hamma narsani xotini bilan bo‘lishishni maslahat beradi! Xo‘sh, azizim, menga to‘g‘risini ayting, birov bilan janjallashdingizmi?

- Joning haqi, yo‘q.

- Ehtimol, politsiyachi arzimagan narsaga ayb topgandir?

Shu yerda Habib qo‘llarini osmonga ko‘tardi va ro‘parasida go‘yo men emas, uning xotini Mina turgandek, menga qarab baqira ketdi:

- Qibla qasamki, yo‘q! Yo‘q! Yo‘q! Men hech kim bilan janjallashmaganman, hech kim bilan! Men boshliqlardan tanbeh eshitganim yo‘q. Politsiyachi mendan ayb topgani yo‘q. Meni tinch qo‘y, charchatding, qiynoqqa solding!

 Habibning qichqirig‘ini eshitgan ofitsiant hushyor tortib, yaqinroq keldi:

- Hammasi joyidami, og‘a? Iltimos, tinchlaning.

- Hammasi joyida. Biz dardlashyapmiz, - javob berdim men Habib o‘rniga.

- Shundan keyin ham u nima qilayotganini bilasanmi? – davom etdi Habib ofitsiantga e’tibor qilmay. – U mening asablarim joyida emas deb aytadi va doktor bunday hollarda buzilishlarning oldini olishni maslahat berishini va... hatto aytishga uyat!

- Gapir, gapir Habibjon, tortinma.

- Majburlab suyuq dori ichiradi. O‘sha la’nati doktor bizning oilamiz boshqara boshlashidan oldin men xohlagan vaqtda turardim, xohlagan ishimni qilardim. Endi u meni soat oltida uyg‘otadi. Men tushunolmay qoldim, bu mening xotinimmi yoki doktor Hildor Gavsherning xotinimi? Nega u meni go‘rga tiqmoqchi bo‘lishga harakat qilyapti?

- Albatta, u sening xotining do‘stim, - e’tiroz bildirdim.

- Unda nega u meni bu ahvolga soldi?

- Ehtimol, u seni sevar.

U tishlarini shu qadar g‘ijirlatdiki, menga stulning oyo­g‘i singandek tuyuldi.

- U meni sevadimi yoki o‘zinimi?

- Albatta, seni Habibjon, shuning uchun u xohlaydiki...

Shu payt ofitsiant hisobni olib keldi va fikrimni tugatishimga imkon bermasdan eshik tomon ishora qildi.

 Rus tilidan Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.