Mutolaa: G‘or (hikoya)

Voqif Sultonli.

Ular ikki kishi edi. Biri jingalak, malla sochli, boshqasi novcha, cho‘qqisoqol. Qo‘llaridagi belkurak va cho‘kich bilan g‘or ichida qazishma ishlarini olib borishardi.

Bir necha kundirki, g‘ayrioddiy topilmalar bu ikki ajnabiy olimni tamomila sehrlab qo‘ygandi. Ularni boshqa hech narsa qiziqtirmasdi. Aytishlaricha, ular g‘ordan topgan topilmalarning har biri kamida ming yillik tarixga ega edi. Miloddan bir necha asr ilgari ham bu hududda qadim madaniyat izlari mavjud bo‘lganini ko‘rsatuvchi dalillar topishgandi. Ular o‘zlari istagan narsalarni topgan bo‘lsa-da, qazishni davom ettirishardi.

– Qarang, mana bu qoldiqlar juda qadimiy tamaddundan darak bermaydimi? – so‘radi mallasoch erkak qo‘lidagi suyak parchasini tuproqdan tozalab, oq mato ustiga qo‘yarkan.

Cho‘qqisoqol sherigi qaramasdan:

– Agar bularni yuzaga chiqarsak, butun dunyo arxeologiyasida katta yangilik qilgan bo‘lamiz, — dedi.

…Birmuncha narida g‘orni eslatuvchi qazma dahmada qochoq oilasi yashardi. Oila er, xotin va ularning o‘n bir yoshlardagi o‘g‘ilchasidan iborat edi. Oiladagi katta o‘g‘ilni armanlar asir olishgandi.

Oila boshlig‘i bir qazma g‘orni ikki yil avval uy qilib olgandi. Avvalroq ular sal narida joylashgan qochoqlar lagerida yashashardi. Ularning chodiri juda tor edi, bundan tashqari qishda sovuqdan, yozda chang-to‘zondan ichkarida turib bo‘lmasdi. Yomg‘ir yoqqanida chodirni suv bosar, tuproqning rutubati haftalab saqlanib qolardi. G‘orda yashash chodirga nisbatan ancha yaxshiroq edi. Oilaning boshchisi avval arxeologlar ishlayotgan g‘orga ko‘chib kirmoqchi bo‘ldi. Ammo g‘orning juda kengligi, chuqurligi, suyak-savoqlarga to‘laligi uni fikridan qaytargan, aynan shu g‘orga o‘xshash bu qazmada joylashishni afzal bilgandi. Bir hafta harakat qilib, bu qazmani yashash uchun yaroqli holga keltirishdi.

Qazmaning bir eshigiyu bir derazasi bor edi. Derazani suvqog‘oz bilan o‘rashgandi. Eski brezent parchasi esa eshik vazifasini bajarardi.

Qochoqlikning ilk davrida har kuni joy almashtiraverib, bola maktabga chiqolmagandi. Keyin chorasizlikdan chodirga ko‘chishgandi. Bu yaqin orada maktab bo‘lmagani uchun u darsga chodir shaharchasi yonida joylashgan qishloqqa boradigan bo‘ldi. Avvaliga bola maktabga borishni istamas, tengdoshlari undan uch sinf yuqorida o‘qishgani uchun uyalardi. Bir tarafdan yo‘lning uzoqligi uni charchatardi. Bir necha kun davomli darsga bormagani bois sinf rahbari orqasidan qidirib kelardi. Bola o‘qishni istagani uchun emas, ko‘proq muallimi uning izidan kelishini istamagani uchun ham dars qoldirishni istamasdi.

O‘tgan yildan boshlab, qochoqlar shaharchasida eski yuk vagonida maktab ochilgandi. Endi o‘qish uchun shuncha yo‘lga borib kelishga hojat qolmagandi.

Bu ikki ajnabiy olimning yaqindagi g‘orda qazishma ishlarini olib borishi bolaning qiziqishini oshirgandi. Ular g‘or yaqinida tikkan moviy chodir va undan chiqadigan turli musiqa sadolari uzun antennali, qora oynali "Jip" mashinasi, atrofga sochilgan bo‘sh konserva bankalari, kechalari chodirni yoritish uchun g‘urillab ishlab turadigan elektrik qurilma – hamma narsa uni o‘ziga jalb etardi. Unga hammadan yoqimlisi, ushbu qurilma ularning ham boshpanasini yoritib turishi edi.

Bu yerga kelgan ilk oqshomlari shu ikki arxeologni mehmonga chaqirishgandi. Otasi mehmondo‘stligi sababli qochoqlikdan oldingi davrlarda uylarida har kuni mehmon bo‘lardi. Onasi arxeologlarni g‘arib musofir deb bilar, ularning biror kam-ko‘stiga yordam berishni istardi.

Mehmonlar kelgan kuni, ichkarini yoritish uchun bir o‘ram sim olib kelib, haligi qurilmadan uylariga elektr olib kirishgandi. Mehmonlar onasi pishirgan qaynoq yupqa va tovuq qovurmasini yeyisharkan, atrofni hayrat bilan kuzatishar, ularning hayoti bilan bog‘liq turli savollarni berishardi. Mehmonlar yarim kechagacha ularning qazma hujrasida o‘tirishdi.

Kunduzlari elektr qurilmasi o‘chirilar, faqat kechalari ishlatilardi, shuning uchun chiroq faqat kechqurun bo‘lardi.

Shu ikki ajnabiy g‘orda ishlarkan, ular chiroq g‘amini yemasalar ham bo‘ladi.

G‘orda qazish ishlari boshlanganda, ilgari hamma narsani befarq kuzatadigan bolaning endi hamma ko‘rgan narsalariga munosabati o‘zgargandi. Endi u otasini savolga tutishdan charchagandi.

– Dada, ular kim, bu yerda nima qilishyapti?

– Ular arxeolog. Qazishyapti. O‘tmish izlarini qidliryapti.

Ertasi kuni boshqa savollar tug‘ilardi:

– Bolalarning aytishicha, ular oltin qidirishayotganmish.

– Balki…

– Nega biz ham o‘z uyimizni qazmayapmiz?

– Uyda qazilma ishlari olib borilmaydi, bolam. Qazilmani g‘orlarda olib borishadi.

– Axir, biz ham g‘orda yashaymiz-ku, onam shunaqa dedi.

–U hazillashib aytgandir, – ota ichida ayolini yanib qo‘ydi.

Bir kuni kechasi bola qat’iyat bilan:

– Ota, men katta bo‘lsam, arxeolog bo‘laman, — dedi g‘urur bilan. – Qadim tariximizni o‘rganaman.

– …

Otasi javob bermadi.

Bola ertalab yotoqdan havas bilan uyg‘onib, har kungidek bir finjon sut bilan bir parcha nonni yeb, qochoqlar shaharchasidagi maktabiga yo‘l oldi. Bugun o‘zini boshqa bir olamda his etdi. U qat’iy qarorga keldi – katta bo‘lsa, arxeolog bo‘ladi. Bolaning tasavvuriga ko‘ra, maktabda hamma uning bu sirli orzusidan xabardordek edi.

Darsdan keyin otasi uni bir topshiriq bilan yubordi. Otasining topshirig‘ini a’lo darajada bajarib keldi. Uyga qaytganida qosh qoraygandi.

…Har doimgidek, arxeologlarning moviyrang chodiridan musiqa ovozi kelardi. Ikki arxeolog belkurak va cho‘kichlarini bir tarafga irg‘itib, hordiq chiqarish uchun yig‘ma karavotga uzanishgandi. Balki ularning bu yotishi charchoqdan emas, ularni kutayotgan shuhratning sarin shabadasidan sarxush bo‘lishgandi.

..Bola esa qazmaning atrofida to‘xtab, ertangi darslarini tayyorlash uchun elektrik qurilmaning ishga tushishini kutardi. Axir, u ulg‘ayib arxeolog bo‘lishi, shunga hozirlik ko‘rishi kerak.

 Ozarbayjonchadan Rustam Jabborov tarjimasi.