Mutolaa. Ishonchli dalil. Hikoya
Jek Richi
U to‘pponchani juda dadil tutardi. Ishxonamga nima uchun kelganini bilib tursam-da xotirjam edim.
- Men bexabar bo‘lib o‘lishni xohlamasdim, - dedim. – Sizni kim yolladi?
- Dushmaningiz bordir.
- Dushmanlarim borligini bilmayman. Xotinimmi?
- Xuddi shunday. U tabassum qildi. – Sabablari ham aniq.
- Ha, - xo‘rsindim. – Menda u qo‘lga kiritishni istagancha pul bor. Pullarimning hammasi, albatta...
U meni boshdan-oyoq kuzatdi.
- Yoshingiz nechada?
- Ellik uchda.
- Rafiqangiz-chi?
- Yigirma ikkida.
U tilini chertib qo‘ydi.
- Mister Vilyams, bunday vaziyatda barqarorlikka umid qilish qiyin bo‘lsa kerak.
- Bir-ikki yilda ajralib ketishini taxmin qilgandim. Xotinimga kattagina pul tegardi.
- Siz uning ochko‘zligiga baho bermabsiz, mister Vilyams.
Nigohim to‘pponcha bo‘ylab sirg‘aldi.
- Chamamda ilgari odam o‘ldirgansiz?
- Ha.
- Bu sizga yoqishi aniq?
- Ha. Qotillik menga zavq bag‘ishlaydi.
Unga diqqat bilan qaradim.
- Ikki daqiqadan ko‘proq vaqtda bu yerdasiz, men esa hali tirikman.
- Shoshiladigan joyimiz yo‘q, janob Vilyams, - yumshoq javob qildi u.
- Demak, qotillikning o‘zi muhim emas. Siz uchun voqeaning muqaddimasi muhim.
- Zakovatingizga qoyil, mister Vilyams.
- Zerikmaguningizcha tirik qolaman, shundaymi?
- Albatta. Garchi vaqtimiz cheklangan bo‘lsa ham.
- Tushunarli. Balkim biron narsa ichmoqchidirsiz, janob...
- Smit... Bu ismni eslab qolish oson. Ha, jonim bilan. Lekin siz shunday turingki, qo‘llaringizni kuzatib tursam.
- Qo‘limda zahar bor deb o‘ylamassiz?
- Kim bilar, bo‘lishi ham mumkin.
U men ikki qadahni to‘ldirganimni kuzatdi, o‘zinikini olib kursiga cho‘kdi, men esa yaqinidagi o‘rindiqqa o‘tirdim.
- Xotinim hozir qayerda?
- Mehmonda, mister Vilyams. Uning aybdorsizligini qasamyod ostida tasdiqlaydigan bir talay odamlar orasida.
- Meni o‘g‘ri o‘ldiradimi?
U qadahini oramizdagi stolga qo‘ydi.
- Ha. Siz vafot etganingizdan so‘ng stakanlarni yuvaman va barga qo‘yaman. Ketishimdan oldin barcha barmoq izlarini o‘chirib tashlayman.
- O‘zingiz bilan biror narsa ham olmaysizmi? O‘g‘rilik taxminini tasdiqlash uchun?
- Bu shart emas, mister Vilyams. Politsiya sizni o‘ldirib qo‘yib, o‘g‘ri qo‘rqqanidan bo‘sh qo‘l bilan chiqib ketgan, degan xulosaga keladi.
- Sharqiy devordagi mana bu rasm o‘ttiz ming dollar turadi.
U rasmga qaradi va nigohini darhol menga qaytardi.
- Hayotingiz evaziga menga ushbu rasmni taklif qilmoqchimisiz?
- Aynan shu narsa haqida o‘yladim.
U bosh chayqadi.
- Kechirasizu, janob, agar men buyurtma olgan bo‘lsam, uni bajarishim kerak. Bu professional sharaf masalasi.
Men stakanni stolga qo‘ydim.
- O‘ljangiz sizdan rahm-shafqat so‘rashiga odatlanib qolganmisiz?
- Ha, har holda.
- Ular sizga pul taklif qilganmi?
- Ko‘p hollarda.
- Demak, bunday qilishim befoyda?
- Hozirgacha shunday bo‘lgan, janob Vilyams.
- Ushbu rasmning orqasida seyf bor, janob Smit. U yana ko‘rsatilgan tomon qaradi.
- Shunday deng.
- Unda besh ming dollar bor.
- Men stakanimni olib, devor tomon bordim. Seyfni ochib, jigarrang konvertni chiqarib, stakanni seyfga qo‘ydim va eshikni yopdim.
Smitning nigohi konvertga to‘xtaldi.
- Iltimos, uni bu yerga olib keling.
Konvertni stolga, uning kadahi yoniga qo‘ydim.
- Nahotki, hayotingizni qutqarishga umid qilayotgan bo‘lsangiz?
- Yo‘q. Siz sotilmasligingizni tushunib oldim.
- Lekin nega bu besh mingni menga olib keldingiz?
Men konvert ichidagilarini stol ustiga bo‘shatdim.
- Bu eski kvitansiyalar. Siz uchun ularning ahamiyati yo‘q.
Smitning yonoqlari g‘azablanishdan qizarib ketdi.
- Bu maynavozchilikning kimga keragi bor?
- Men seyf yoniga borib, unga siz ushlagan stakanni qo‘yish imkoniga ega bo‘ldim.
Smitning ko‘zlari stol ustidagi stakanga qaradi.
- Mana mening qadahim.
Men tabassum qildim.
- Sizniki – seyfda, mister Smit. Shubhasiz, politsiya nega u yerda bo‘sh stakan turgani bilan qiziqadi. Barmoq izlarini olishni aniqlash ular uchun qiyin ish emas, ayniqsa qotillik ishi tergov qilinganda.
Smit oqarib ketdi.
- Men bir soniyaga ham sizdan ko‘zlarimni uzmaganman. Siz stakanlarni almashtira olmasdingiz.
- Yo‘q, eslashimcha siz ikki marta rasmga qaradingiz.
Tabiiy tarzda u rasmga uchinchi marta qaradi.
- Men unga bir ikki soniyagina qaradim.
- Shuning o‘zi yetarli.
U cho‘ntagidan ro‘molchasini chiqarib, terlagan peshonasini artdi.
- Qadahni almashtira olmaganingizga aminman.
- Unda detektivlarning tashrifi sizni hayratga qoldirishi mumkin. Birmuncha vaqt o‘tgach, o‘z o‘limingizni kutishdan zavqlanib elektr stulida o‘tirish imkoniyatiga ega bo‘lasiz.
U to‘pponchasini ko‘tardi.
- Qiziq, - davom etdim men, - siz qanday o‘lar ekansiz? Ehtimol, stul yoniga borib, xotirjamlik bilan unga o‘tirganingizni tasavvur qila olasizmi? Yoki sizga nisbatan kuch ishlatib o‘tqazib qo‘yishadimi?
- Seyfni oching, aks holda sizni o‘ldiraman, - irilladi u.
Men kulib yubordim.
- Qo‘ysangizchi, janob Smit. Seyfni ochsam meni o‘ldirishingiz ikkalamizga ham ayon.
U o‘ylanib qoldi.
- Stakanni nima qilmoqchisiz?
- Agar siz meni o‘ldirmasangiz, men uni xususiy detektivlik agentligiga olib borib, barmoq izlarini suratga tushirishni iltimos qilaman, fotosuratlar va uning tashqi ko‘rinishini tegishli yozuvlar bilan konvertga muhrlayman. Mabodo men zo‘ravonlik oqibatida o‘lib qolsam, konvertni politsiyaga topshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar qoldiraman.
U chuqur xo‘rsindi.
- Ortiqcha ovoragarchilikning keragi yo‘q. Hozir men ketaman va siz meni hech qachon qaytib ko‘rmaysiz.
Men bosh irg‘adim.
- Yo‘q. Men o‘z rejamni afzal ko‘raman. Kelajakda o‘zimni xavfsizlantirmoqchiman.
U o‘ylanib qoldi.
- Nima uchun politsiyaga bormaysiz?
- Buning sabablari bor.
Smit to‘pponchani cho‘ntagiga solib qo‘ydi. To‘satdan uning miyasiga bir fikr kelib qoldi.
- Xotiningiz boshqa qotilni yollashi mumkin.
- Bo‘lishi mumkin.
- Sizning o‘limingizda meni ayblashadi.
- Shunday bo‘lishi aniq. Agar... – Smit umid bilan menga qaradi, – agar unda boshqa qotilni yollash imkoniyati qolmasa.
- Lekin boshqa o‘nlab qotillar bor... – u jim bo‘lib qoldi, men esa unga dalda berganday jilmayardim.
- Rafiqam sizga qayerga ketganini aytdimi?
- Petersonlarnikiga. Kech soat o‘n birlarda qaytadi.
- O‘n birlarda? Juda qulay vaqt ekan. Hozir kechalar qorung‘u... Petersonlar qayerda yashashini bilasizmi?
- Yo‘q.
- Brijhemptonda, - unga manzilni berdim.
Smit sekin paltosi tugmalarini qadadi.
- Soat o‘n birda siz qayerda bo‘lasiz, janob Vilyams?
- O‘z klubimda. Do‘stlarim bilan qarta o‘ynayman. Shubhasiz, rafiqam... otib o‘ldirilgani to‘g‘risida qayg‘uli xabar olganimda ular meni chin dildan yupatishgan bo‘ladi.
- Hammasi vaziyatga bog‘liq, - u quruqqina jilmayib kabinetdan chiqib ketdi.
Smit ketgandan keyin stol ustidagi stakanni detektivlik agentligiga olib bordim, keyin klubga yo‘l oldim. Seyfni ochganim yo‘q. Undagi stakanda faqat mening barmoq izlarim bor edi.
Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.