Mutolaa: Kalvak maxsum nomalari (Hikoya)

Nusrat RAHMAT

“Ayol kulib turib o‘lishi mumkin,” deb yozgan edi bir shoira. Garchand, Jamila nimtabassum qilib turgan bo‘lsa hamki, dilining mahzunligini, ruhiyatini allaqanday dard timdalayotganligini sezib olish qiyin emasdi.

– Biqining tag‘in og‘riyabdimi, - so‘radim mehribon ohangda.

 – Yo‘q, hammasi joyida, - javob berdi u.

 Keyin esa kart ustidagi konvertga ko‘zim tushdi. Demak, Dushanbedagi opasidan maktub olgan, ehtimol, u noxushroq gapdan voqif etgandir, o‘yladim o‘zimcha.

Jamilaning opasi sho‘rolar davrida Dushanbega to‘y bo‘lib ketgan, aniqrog‘i, uni bir qarindoshlari kelin qilgan ekan. O‘zim aniq eslayman: u zamonlar Samarqanddan Dushanbega har soatda samolyot uchib turar, bileti ham arzon edi. Opa gohida ertalab mehmon bo‘lib kelib, kechki reysda jo‘nab ketardi. Mustaqillik e’lon qilingandan keyin...

Bir aylanib kelib, xatni qo‘lga oldim. Opa maktubiga odatdagidek, “Sog‘inchilik salom” deb sarlavha qo‘ygan va kaminaga, singlisiga, qizim, o‘g‘illarimga nomma-nom salom yo‘llagandi. Har galgidek, mustaqillikni la’natlagan, Gorbachevni qarg‘ashni unutmagan edi. Maktub oxirida esa keksayib, “bir oyog‘i go‘rda”ligini, qon bosimi oshib ketayotganligi bir kunmas-bir kun o‘lib qolishini izhori dil etgandi. Shu bilan birga, xat so‘ngida: “O‘lsam, Samarqandga eltib, dadam bilan biyimning yonlariga ko‘minglar” deb o‘zicha vasiyat ham qilgandi.

Jamila bunday paytda opasini juda qumsar, uni borib ko‘rish, hol- ahvol so‘rashga juda xohishmand bo‘lardi, albatta. Ammo Tojikistonga borish, Amerikaga borishdan ham qiyinligini hisobga olib, istagini oshkor etmasdi.

Bundan olti yil avval opasining eri, ya’ni bojamiz bandalikni bajo keltirdi. U kishi saksondan oshgan bo‘lib, bir umr bosmaxonada harf teruvchi bo‘lib ishlagan, qobil-mo‘min inson edi. Xullas, bormasak bo‘lmasdi. Ammo telegramma bilan chegaradan o‘tkazishmasligini bilardim. Sabil qolgur vizani qo‘lga kiritish uchun esa kamida besh-olti kun kerakligini aytishdi. Shunda, Tojikistondagi akasinikiga bot-bot borib turadigan mahallamiz oqsoqoli Ilhom milisa maslahat berib qoldi. “Sariosiyoda Cho‘nqaymish degan qishloq bor. Shu yerdan ot bilan o‘tkazib qo‘yishadi. Samarqanddan o‘sha qishloqqacha taksi olib boradi. Bu kirakashlar Cho‘ponota turishadi”.

Endi, o‘shanda Tojikistonga borib-kelishimning tafsilotini eshiting.

 Ertalab shoshilinch Cho‘ponotaga yo‘l oldim. “Men Termizga boryapman, dedi, ilk ro‘para bo‘lgan shoferim, siz huv anovi rijiy bilan gaplashing”. Bu odam bilan tez til topishdik va savdolashdik. “O‘zim cho‘nqaymishlikman, dedi u, radnoy amakimga olib boraman, o‘tkazib qo‘yadi”. Uyga kelib, Jamilani oldik va qaydasan Sariosiyo deb yo‘lga tushdik.

Yo‘l olis edi. Taxti Qorocha dovonidan oshganimizdan keyin shofyor bilan gapimiz avj ola boshladi.

- Chegaradan o‘tadigan joyda soldatlar yo‘qmi, mina qo‘yilmaganmi, - xavotirlanib so‘radim.

- Askar ham bor, mina ham qo‘yilgan, - dedi u va batafsil hikoya qilishga tushdi.

Uning aytishicha, chegara bir soylikdan o‘tgan bo‘lib, Cho‘nqaymish bu tomonda, tojiklarning Voroshilov degan qishlog‘i nari tomonda qolib ketibdi. Lekin azal-azaldan, ikkala qishloqda qiz olib, qiz berish odat bo‘lgan ekan, bordi-keldi qilib turisharkan. Chegaraga mina qo‘yilgandan keyin ahvol taranglashibdi. O‘tishning iloji bo‘lmasa hamki u yoki bu qishloqning jarchilari toqqa chiqib, bor ovozlari bilan to‘y yo janozadan xabar berishni kanda qilishmabdi. Ammo bu hol ikki tomonni ham joniga tegib, ilojini izlashibdi. Izlagan – topadi, deganlaridek, tojiklar toqqa chiqib, soylikka tosh yumalatishibdi. Ancha-muncha minalar portlabdi. Keyin cho‘nqaymishliklar ham shunday yo‘l tutishibdi. Shu tariqa uch-to‘rt joydan yo‘l ochib, pinhona bordi-keldi yo‘lga qo‘yilibdi. Ammo chegarachilarning sardori qahrga minib, bu yerga bir qatiqqo‘l mayorni boshliq qilib tayinlabdi. Bu galvars ishga kelgan kuniyoq: “Chegarani kim buzsa, ayovsiz otinglar!” deb farmoyish beribdi, degan gap tarqaldi. Baxtga qarshi deng, Said polvon deganimizning o‘g‘li tojikistonlik bir studentni olib o‘tayotganda, askarlar ularni o‘qqa tutishibdi. Student qochibdi, ammo polvonning o‘g‘li o‘sha yerda nobud bo‘ldi.

 “Suxsurdan yigitcha edi, - davom etardi shofyor. - Ta’ziyaga ko‘p joydan odam keldi. Bolani tuproqqa topshirdik. Biz nima ham qila olardik, bu yog‘i davlatning siyosati bo‘lsa. Oradan desangiz bir oy o‘tmay, juda yomon gap bo‘ldi: haligi mayorni otib ketishdi. Cho‘chqa o‘q kallasidan tekkan ekan, o‘sha zahoti o‘libdi. Hammayoq tus-to‘polon bo‘lib ketdi. Toshkentdan, Termizdan kazo-kazolar kelishdi. Eng avval, Said polvonni uyini bosib, tintuv qilishdi. Yo‘q, miltiq-miltiq chiqmadi. Buni qarangki, polvonning o‘zi Yakkaboqqa kurashga ketgan ekan. O‘sha yoqdan ushlashibdi-yu, kegebening yerto‘lasiga tashlab rosa qiynoqqa solishibdi. Ammo polvon, xudoni o‘rtaga qo‘yib, qasam icharkan. Nuqul: “Bu gapdan xabarim yo‘q”, deb zorlanarkan.

Ikki kundan keyin milisalar uning uyiga tag‘in tintuvga kelishibdi. Polvonning xotini – tatarkalardan. Lokinda o‘zbeklashib ketgan. Ota-onasi sho‘rolar davrida muallim bo‘lib kelib, Cho‘nqaymishda qolib ketganlardan. Ayol xavfsirab, tekshirib ko‘rsa, milisalar ko‘rpaning qatiga nasha qo‘yib ketgan ekan. Olasolib, tandirga tashlabdi. Haligilar qayta kelib ko‘rishsa, hech vaqo yo‘q. “Yanga, debdi, tintuvchilarning sardori, siz bizdan ham zo‘rroq chekist ekansiz”. Shundan keyin Said polvonni chiqarib yuborishdi. Isbotlasholmadi. Mayorni nari tomondagi tog‘dan turib, tojiklar snayper bilan otgan, degan xulosaga kelishgan ekan. Bu ishni polvonning o‘sha yerdagi jo‘ralaridan birortasi qilgan bo‘lishi mumkin. Ammo ularni chaqirib, tergov qilib bo‘lmas ekan-ku”.

 Nohaq otilgan yigitchaga ham, mayorga ham rahmim keldi. Ularning ham bu dunyodan umidlari ko‘p bo‘lgan, yashashga daxldor odamlar bo‘lgan-ku! Sho‘rliklar...

- Keyin yangi komandir keldi, - davom etardi haydovchimiz. – Bunisi: “O‘taveringlar, faqat begonalarga yo‘l bermanglar”, debdi. Qayda, deysiz, Endi Cho‘nqaymishda hamma yo‘lovchilarni o‘tkazish hisobiga kun ko‘rayapti. Ko‘plar ot, eshak sotib oldi. Qishloqda ish yo‘q. Yoshlarning ko‘pi Rossiyaga ketib qolgan.

 – Chegarada askarlar hozir ham turadimi, - qiziqaman ichki bir xavotirlik bilan.

- Turadi, ammo birovga ishi yo‘q. Gohi-gohida pasportlarni ko‘zdan kechiradi, xolos.

- U tomonda hayot og‘ir, deyishadi-ku, - so‘rayman.

– Ha, yaxshimas: qishda svetlari ertalab bir soat, kechqurun bir soat bo‘ladi.

 – Sizlarda tuzukmi?

 – Bizda ham shunday. U tomonda erkaklar Rossiyaga ketib qolgan. Voroshilovda bojam yashaydi. Men unga Sariosiyodan gaz ballon eltib beraman. Ularda bunaqa gaz yo‘q. “Rog‘un ishga tushsa, bizda svet pastayanni bo‘ladi, deydi bojam. Sizga bitta liniya tortib beraman”.

- Rog‘un xavfli emish-ku?

– Ha, xavfli...Televizorda ham aytishdi.

Yoz oxirlab qolgan bo‘lsa ham havo juda issiq edi va Surxondaryoga kirganimizdan keyin haroratning tag‘in ham oshganligini his etdik. Garmsel nafasni qisar, yonbag‘irdagi giyohlar allaqachon qovjirab bo‘lgan, toshlar olov purkayotgandek bo‘lib tuyulardi.

 Men jimgina o‘tirgan Jamiladan holpurslik qildim va bakalashkadagi suvni unga uzatdim.

- Akamning o‘g‘li minaga duch kelib, o‘ldi, - davom etardi haydovchi. O‘ninchini bitirgan kuni jo‘ralari bilan toqqa chiqqan. Aslida mina borligini yozib ham qo‘yishgan, ammo ularni o‘t bosib ketgan, ko‘rinmaydi. Bir jo‘rasi bilan lola terayotganda portlagan. O‘likni olish apasni ekan, ertasi Toshkentdan odam kelib, olib berdi. Hamsoya qishloqning podachisi uxlab qolib, mollar chegaradan o‘tib ketgan. Bir nechta qo‘y, sigir minaga duch kelgan, qolgani nariga o‘tgan. Ammo tojiklar mollarni qaytarib berishmadi. Taqsimlab olishgan, noinsoflar. Shu yil bahorda bir chegarachi askarimiz u tomondagi qo‘yni olaman deb, minaga portlab ketdi.

- Endi nachora, - dedim, - shunday qilmasa ham bo‘lmas. Nasha, qurol olib o‘tishlari mumkin.

 – Ha, mumkin, - qo‘shildi fikrimga. - Ammo hali birorta shunaqa shumqadam portlab ketganini eshitmadim. U dayuslar qayerdan o‘tishni yaxshi bilishadi, chamasi.

Sariosiyodan o‘tib ham ancha yo‘l bosdik va o‘ng tomondagi sho‘rolar zamonida asfalt yotqizilgan, ammo o‘ydim-chuqur bo‘lib qolgan yo‘lda davom etdik. Mashinamiz zo‘r berib, balandlik tomon o‘rlay boshladi.

Cho‘nqaymish deganlari odatdagi tog‘ qishlog‘i bo‘lib, uylar pastak, bundan qirq-ellik yil avval o‘rnatilgan simyog‘ochlar quyosh va yomg‘ir ta’sirida qorayib, qiyshayib, qolgandi, har yer-har yerda giyoh izlab yurgan qoramollarning oriqligi sezilib turardi.

 Shofyor bizni o‘z hovlisiga olib bordi. Ammo hovli keng va saramjom-sarishta bo‘lib, zichlab olma o‘tqazilgandi.

- Ikki yildan beri suv tanqis. Soy mayning oxiridayoq qurib qolgan edi. Chashmadan suv tashiymiz. Bog‘larni sug‘orolmadik - hosil oz.

Haydovchining ayoli biz bilan salomlashgach, dasturxon yoydi; choy, non keltirdi.

- Sizlar o‘tirib turinglar, men hal qilib kelaman, - dedi uning o‘zi.

- Ukajon, - dedim o‘tinch ohangida, - tezroq bo‘ling, janozaga yetib borishim kerak.

Ko‘p o‘tmay, bir mo‘ylovli otliq paydo bo‘ldi, uning ortidan o‘smir yigitcha ham otda keldi. Salomlashdik. Hol-ahvol so‘ragach, haydovchi bizni tanishtirgan bo‘ldi.

Yangi tanishim mendan jilla yoshroq bo‘lib, bu joylarda Eshim tog‘begi deyisharkan.

- Mehmon, avval ot minganmisiz, - savol berdi u.

- Ha, yoshligimda...

- Mana bu samanga kelin ikkovlaring minasizlar. Bu juda yuvosh. Men bunisi bilan oldinda yuraman, - dedi u.

Men-ku osongina egarga chiqib oldim, ammo Jamila qiynaldi. Uy bekasi kelib, ko‘tarib qo‘ygandan keyingina, minib oldi va xavotirona belimdan mahkam quchdi. Biz yo‘lga tushdik.

Eshim tog‘begi deganlari juda kamgap ekan. Bizdan o‘n to‘rt- o‘n besh qadam oldinga o‘tib, otini haydab ketaverdi. Bizning saman itoatkorona uning ortidan ergashdi. Avval ancha balandlikka ko‘tarildik. Qurg‘oqchilik bo‘lishiga qaramay tog‘ning yuqori qismida yashil butalar serob edi, ancha balandlikda archalar ko‘rinar va qovjiragan olam ichra yashillik ko‘zni quvontirardi.

- Bu yerda yovvoyi hayvonlar ko‘pdir, - savol berdim sherigimga, ovozimni andak ko‘tarib.

- Mehmon, yaramni yangilamang, - dedi u javoban ancha sukut saqlagach.

Men noo‘rin savol berganimni his etib, xijolat tortdim. Keyin pastlikka tusha boshladik. Ehtiyotkorlikni oshirib, egarning boshini mahkam tutdim. Jamilaning xavotiri oshib, meni qattiqroq quchoqladi.

Xotinimning belimdan mahkam quchib olishi dilimga allaqaday qoniqish ato etardi. Bu dunyoda uyim-joyim, ro‘zg‘orim degan, ana shu jonso‘z ayolning mendan o‘zga yaqin kishisi yo‘qligini his etishning o‘zi dilga quvvat berardi. Zero, bu dunyoda mening ham undan ko‘ra yaqin va g‘amxo‘r kishim yo‘q edi. U menga farzandlar ato etdi, og‘ir damlarimda meni ovutdi, madadkor bo‘ldi. Aslida: er-xotin qo‘sh ho‘kiz, deganlari bejiz emas. Har bir kishining ro‘zg‘or qurishi - ochilmagan qo‘riq. Bu qo‘riqni o‘zlashtirish uchun omochni bab-baravar tortadigan quvvat kerak. Yaxshi ayolga uylangan erkakkina bu borada baxtli bo‘lishi mumkin, degan xulosaga kelganman.

Bir mahal askarlar ko‘rindi. Dilimda xavotir paydo bo‘ldi. Ular Eshim tog‘begiga xayrixoh bosh tebratib qo‘ygandan keyingina ancha tinchlandim.

Soyga bir arava o‘tadigan yo‘lak qilingandi. “Ogoh bo‘ling, mina” degan yozuvga qaraganda, avval ajal urug‘i shu yerga ko‘milgan. O‘zbek bilan tojikning do‘stligi bu yaramas quroldan, aniqrog‘i, nobop raftordan ustun kelib, uning ustiga tosh yumalatishgan.

 Negadir, tog‘ sayriga chiqib, minaga uchgan o‘smirni, qo‘yning ortidan quvib, ajalga yuzma-yuz bo‘lgan askarni esladim, to‘rt rakaat namozni ularning ruhi-arvohiga bag‘ishlashni ko‘nglimga tugdim.

Bizning jami toat-ibodatlarimiz, ya’nikim o‘rinli-o‘rinsiz jonso‘zliklarimiz, islohotlarimiz insonning bir tomchi qoniga arzimasligiga imon keltirdim.

Keyin balandlikka ko‘tarildik va tekis yo‘lga tushdik. Buyog‘i endi Tojikiston edi. Eshim tog‘begi bizni kirakash mashinalar turgan bekatga olib keldi.

- Bular sizni Dushanbega eltishadi, - dedi.

- Xizmatingizga qancha beray ,- so‘radim otdan tushgach.

- O‘zingiz bilasiz,- dedi sovuqqina qilib.

Uning hijolat chekkanini sezdim. Xizmat haqini uzatgach, qo‘shib qo‘ydim.

- Kechirasiz, boya noo‘rin savol berib qo‘ydim, chamasi...

- Mehmon, noto‘g‘ri gapirganingiz yo‘q, - dedi negadir o‘ksibgina. - Bu yer avval lesxozga qarardi. Tog‘larda ayiq, arxarlar ko‘p edi. Yovvoyi cho‘chqalar to‘da-to‘da bo‘lib yurardi. Bari minaga yo‘liqib, o‘lib ketdi.

U shunday dedi-yu, juda yaqin kishisidan judo bo‘lgandek, ruhi tushib ketdi. Mo‘ylovi shalvirab, labi-lunjini pastga osiltirgandan bo‘lib qoldi. Bechoraga juda achindim.

Xayrlasharkanmiz, ogohlantirgan bo‘ldi.

- Mehmon, tojikchani bilasizmi?

– Bilaman, bilaman...

– Ha, unday bo‘lsa yaxshi. Bularning taksichilari bilan milisalari jilla millatchi keladi...

Shukurki, janozaga yetib bordik va bojamning tobutiga yelka tutolganim uchun Allohga behad shukurlar qildim.

Biz ertasiyoq qaytdik. Bojamning bir o‘g‘li harbiyda ishlarkan. U hujjatlarni rasmiylashtirdi (ehtimol, qalbakilashtirgandir) va postdan o‘tkazib qo‘ydi.

Biz Tojikistonning chegara postidan osongina o‘tdik. Ammo sherigimiz O‘zbekiston chegara postida uzoq qolib ketdi.

 Men bu yerda juda ko‘ngilsiz bir holning guvohi bo‘ldimki, eslasam, hamon vujudim zirqirab ketadi.

 Bizdan atigi to‘rt-besh qadam narida bir tojik juvon dod deb baqirar, nola-yu faryodi tosh dilni ham o‘rtantirardi. Ayon bo‘lishicha, u onasi bilan Samarqanddan Dushanbega mehmon bo‘lib kelgan ekan. Ular avval Tojikistonda yashashgan va notinch yillarda o‘z ona shaharlariga ko‘chishga to‘g‘ri kelibdi. Ammo yillar o‘tsa ham boyaqishlarga O‘zbekiston fuqaroligini berishmabdi. Bular yetmagandek, bechora onasi Dushanbeda - mehmondorchilikda bandalikni bajo keltiribdi. Chegara posbonlari esa Tojikiston fuqarosi bo‘lgani bois marhumni o‘tkazishga ijozat berishmayotgan ekan. Xudoning zorini qilsa, istagancha pul to‘lashga roziligini aytsa ham toshbag‘irlik qilishibdi!

Ehtimol, ularni ayblash gunohdir. Komandirning gapini o‘z qulog‘im bilan eshitdim. “Birodarlar, iltimos qilmanglar! Tushuninglar, axir! Qoidada shunday deb yozilgan bo‘lsa nima qilay?! Mening ham bola-chaqam bor!”

 Bu shafqatsizlik yuraklarni ezib yubordi. Boisi, juvonning ko‘z yoshlari, faryodlari tosh dilni ham eritadigan darajada edi.

Yovvoyi hayvonlar minaga duch kelib, qirilib ketganidan dardi dilida to‘planib yurgan Eshim tog‘begiga juda rahmim kelgandi. Ammo bunisi undan chandon oshib tushdi. Ko‘plar ko‘ziga yosh oldi. Eng yomoni, bu gapdan Jamila ham xabardor bo‘ldi va “Opam o‘lib qolsa, vasiyatini uddalolmas ekanman-da” degan dard dilida tugun bo‘ldi.

Ey, falak! Qismatlaring buncha mo‘l va rango-rang bo‘lmasa!

 Biz O‘zbekiston hududiga o‘tib, daf’atan yengil tortdik.

 Takror aytaman, bular bari olti yilcha avvalgi gap.

Bu yil endi viza olib, qonuniy yo‘l bilan borishga bel bog‘lagan edim. Buning uchun biladiganlardan yo‘l-yo‘riqni obdon so‘rab oldim. Ruslarning iborasi bilan aytganda, Jamilaga “syurpriz” qilish uchun bildirmay pasportini oldim va shaharga borib, chet elga chiqish uchun OVR degan tashkilotdan ikkala pasportga ham muhr bosdirdim.

Aslida bu ham unchalik oson kechgani yo‘q. Hujjatlarni topshirish uchun tushgacha navbatda turishga to‘g‘ri keldi. To‘rtinchi kuni borgan edim, arzimas pul evaziga muhr bosib berishdi. Endi Toshkentga borib Tojikiston elchixonasidan ruxsat olishim kerak ekan. Bu yumush sal murakkabroq va qimmatroq bo‘ldi. Toshkentda mehmonxonalar haddan tashqari qimmatligi uchun ikki-uch bor Samarqandga qatnashga to‘g‘ri keldi. Viza degan sabil qolgurni qo‘lga kiritgach, hayajonimni jilovlab, muhr bosilgan pasportlarni xotinimga uzatdim.

“Tayyorligingni ko‘r, indin Dushanbega jo‘naymiz, dedim bosiqlik bilan. Qo‘rqma, bu gal tog‘dan oshmaymiz”. Bechora gapimga ishonmaydi, deng. Uning xursandchiligini ko‘rib o‘zim ham dilxush bo‘lib ketdim.

Bu gal yo‘lovchi mashina bizni to‘g‘ridan-to‘g‘ri postga olib bordi. Shu yerga kelganda dilimda noxush vahm uyg‘ondi. Hujjatlarimdan biror qusur topib, ko‘nglimni xufton qilishmasin, deb xavotir tortdim. Boisi: bu yerda navbatda turgan aksar odamlarning yuzi, ko‘zida go‘yoki vatanini yov bosgan yoki tabiiy ofat yuz berib, duch kelgan tomonga qochayotgan jabrdiyda qochoqlarga o‘xshardi. Zero, ular, inson bolasiga quloq tutmaydigan, quloq tutishni istamaydigan chegara kodeksining daqqoq va sangdil nozirlariga yuzma-yuz bo‘lishga mahkum etilgan musofirlar edi. Bu shafqatsiz darbonlarning ixtiyorida “mumkin emas” degan mash’um cho‘qmor bor edi va istagan paytda o‘sha bilan boshingizga tushirishi hech gap emasdi! Odamlar bir-biri bilan hazillashmas, kulishmas, faqat jimgina navbat kutishardi. Xotinimning ham rangi-quvi uchib ketdi.

Navbatimiz kelganda, O‘zbekiston tomondan avval bir yigit bilan ayol hujjatlarimiz, yuklarimizni obdon ko‘zdan kechirdi. Undan keyin tag‘in ikki joyda xuddi shu tariqa ezmalik bilan savollar berishdi, kiyimlarimiz orasini erinmay titkilashdi.

Oraliqda 500-600 metr keladigan daxlsiz zona bo‘lib, bu joydan faqatgina piyoda o‘tish talab qilinardi. Bir rus juvoni chap qo‘lida bolasi, o‘ng qo‘lida og‘irgina jomadonini ko‘tarib ketardi. Jamilaning rahmi keldi va yugurib borib: “ Qizchani menga bering, yukingiz og‘ir ekan,” dedi ruschalab. Ammo ayol ko‘nmadi. Zero, inson insonga bo‘riga aylangan bunday muhitda birovga ishonish mumkinmi?! Lekin ayolimning ko‘ziga qarab olgach, unda nekbinlik, mehr ko‘rdi, shekilli, bolasini berdi. Juvon oldinda yurar va bot-bot xavotirona o‘girilib, bolasiga qarab qo‘yardi. U har gal o‘girilganda, Jamila bolaning yuzidan o‘par va shirinsuxanlik qilib qo‘yardi. “Bu qizchaning qobilligini qarang”, “Chiroyli, odobli qizaloq ekan-da”. Tojikiston postiga yetib kelganimizdan keyin ayol bolasini qo‘liga oldi va xotinimga qarab, nimtabassum bilan bola tilidan shakarguftorlik qildi: “ Tyotenka milaya, ya ne devochka, ya - malchik”.

Men ovozimni baralla qo‘yib, qah-qaha otdim. Atrofdagilar menga ajablanib qaradilar.

 Bu postda ham avvalgi hol takrorlandi. Uch joyda obdon tekshirib, o‘tkazib yuborishdi.

Men ikkala postda ham pul tama qilishganiga guvoh bo‘ldim. Ammo, ehtiyotkorlik bilan sinashta bo‘lgan, ya’ni avval o‘tib yurganlardan olisharkan. Demak, pora berib, istagan narsani, xohlagan miqdorda o‘tkazish mumkin, degan xulosaga keldim. Boya bizni olib kelgan shofyorning, narkotik yoki qurol olib o‘tuvchilar haqida: “U dayuslar qayerdan o‘tishni yaxshi bilishadi, chamasi,” degan gapi yodimga tushdi.

Murod muallimning qorovulxonasida bo‘lgan bir suhbatni esga oldim. O‘shanda Jamil domla: “Dialektika qonunlariga binoan boshlangan har qanday narsa oxiriga yetadi. Demak, kelajakda davlatlar barham topadi, chegaralar bekor qilinadi”, degan edi.

Kelajak avlod chegara postlarida bobo va momolarining huquqlari xoru-xasday poymol bo‘lganligini o‘qib, ajablanishsa ne ajab.

Qisqasi, baridan eson-omon o‘tganimizdan keyin chehramiz ochildi, Jamila hazil-mutoyibalar ham qildi. Biz Dushanbegacha mashina yolladik.

Bu yerdagi qavmlar bizni ko‘rib, behad va behad quvonishdiki, bu holni tasvirlashga qalam ojiz. Jamilaning opasi quvonganidan nuqul yig‘ladi deng. O‘g‘illari koyib berishiga qaramay, ayol mustaqillik bilan Gorbachevni la’natladi.

Shaharga olib chiqishdi. Dushanbe xuddi o‘zimizning Toshkent, Samarqandday Yevropa shaharlaridan qolishmaydigan bo‘libdi. Ko‘p oshiyonli binolar, turarjoylar qad ko‘taribdi, stadionlar qurilibdi.

 Kaminaning tasavvurimda, negadir, bu yerdagilar ancha qashshoq yashashadi degan fikr o‘rnashib qolgan edi. Ammo qaysi xonadonga mehmon bo‘lsak, hovlida bir yoki ikkita chet el mashinasi turganligini ko‘rdik. Bozor-u-do‘konlar ham farovon, arzonchilik. Maosh va nafaqalari bilan qiziqdim - biznikidan kam emas.

 Siyosat haqida ham bahs-munozaralar bo‘ldi. Ammo men jim o‘tirdim. Ilhom milisaning: “Ular bizning fuqarolarni shpion deb o‘ylashadi. Shuning uchun tilingizni tishlab o‘tiring”, degan gapi yodimda edi. Ammo ayrim mezbonlarning fikrlari dilimga o‘tirishganini tan olishim kerak.

“Kichik baliqlar nuqul katta baliqlarga yem bo‘lganidek, kuchli davlatlar qudratsizlarini bosib olishgan. Endilikda unday qilib bo‘lmaydi. Shuning uchun kichik mamlakatlarga yordam berish kerak. O‘zbekiston bizga yordam berdi. Ocharchilik paytlari non bilan ta’minladi! Qanchadan-qancha qarzlarini kechib yubordi. Ammo ular sarhadlarga mina qo‘yishganidan keyin, munosabatlarga darz ketdi. Har ikkala tomondan minglab begunoh odamlar minaga yem bo‘ldi! Hay-hay-hay! Yigirma birinchi asrda-ya!”.

“Tojikistonga Afrikadan biror negr kelsa, kaftlariga ko‘tarib mehmon qilishadi, ammo O‘zbekistondan kelsa, ayg‘oqchi deb o‘ylashadi.”

“Ularning milisalari ham bizning odamlarni istagancha xo‘rlashadi-ku!”.

Ikki kun yuramiz, deb chamalagan edik, ammo bir haftaga qolib ketdik. Zo‘rg‘a javob berishdi va oxirgi kun chegaragacha kuzatib qo‘yishdi. Tojikiston chegara postidan qiynalmay o‘tdik, ammo o‘zimizning posbonlar o‘n dollarlikdan ortiqcha narsa o‘tkazish mumkin emasligini aytishdi. Chamalab ko‘rishsa, bizga berilgan sovg‘a-salomlarning o‘zi ham yuz dollarlikdan oshib qolgan ekan. Nozirlarning och echkiday nigohlaridan: “Yarmini bizga qoldirsangiz, biz ham insof qilamiz,” degan tamani uqib olish qiyin emasdi. Ammo bunday qilgim kelmadi: barini bizni kuzatishga chiqqan qavmlarga qaytarib berdim.

O‘zbekiston hududiga o‘tib, Samarqandgacha mashina yolladik.