Mutolaa: Ketdi. Hikoya

 Anton Chexov

Tushlik qilishdi. Oshqozon tomonida kichik bir huzur-halovat sezilib, og‘izlar esnab ketdi, pinakdan ko‘zlar toraya boshladi. Er sigarani yoqib divanda cho‘zilib oldi. Xotin uning boshiga o‘tirib olib xirgoyi qila boshladi. Ikkalasi ham baxtli edi.

- Nima gaplar, - esnagancha so‘radi er.

- Nimani aytib bersam ekan... Mm..Ha! Eshitmadingizmi? Sofi Okurkova turmushga chiqyapti, bilasizmi kimga... haligi... fon Trambga! Qanday mashmasha, sharmandalik!

- Nimasi sharmandalik ekan?

- Axir Tramb yaramas-ku! U shunchalik razil... shunchalik uyatsiz, noinsof odam! Munofiqsiz, axloqsiz! Grafning ish boshqaruvchisi edi – boylik orttirdi, endi u temiryo‘lda xizmat qilyapti... u yerni talon-toroj qilyapti. U hatto o‘z singlisini shilib ketdi. Qallob va o‘g‘ri, bir so‘z bilan aytganda. Shunaqa odamga turmushga chiqish?! U bilan yashash?! Hayronman! Shunday odobli qiz... va mana senga! Men bunday shaxsga hech qachon turmushga chiqmagan bo‘lardim! U millioner bo‘lsa ham! Qanchalik chiroyli bo‘lsa ham, unga tupurgan bo‘lardim! Bunday razil erni hatto tasavvur ham qilolmayman!

Xotin sakrab o‘rnidan turdi, qizarib ketgan va g‘azablangan bo‘lib xonani aylanib chiqdi. Samimiyligi aniq edi... Ko‘zlari g‘azabdan yonardi...

 - Bu Tramb shunday maxluqki, bunday janoblarga ming karra kaltafahm va jirkanch ayollar turmushga chiqadi!

- Xo‘o‘sh... Sen albatta chiqmagan bo‘larding... Ha... Xo‘sh... Mabodo sen mening ham... jirkanch ekanligimni bilib qo‘ysang, nima qilgan bo‘larding?

- Men? Sizni tashlab ketardim! Bir soniya ham siz bilan qolmasdim! Men faqat halol odamni sevishim mumkin! Agar Tramb qilgan ishlarining kamida yuzdan birini qilganingizni bilib qolsam, o‘sha zumda... Unda Adieu! (Alvido - fransuzcha)

- Xo‘sh... Hm... Sen haligi... Bilmagan ekanman. Xo-xo-xo... Yolg‘on gapirsayam, qizarmas ekan bu xonimcha!

- Men hech qachon yolg‘on gapirmayman! Yomonlik qilib ko‘ring-chi, o‘shanda ko‘rasiz!

- Urinib ham ko‘rmayman. O‘zing yaxshi bilasan... Kerak  bo‘lsa men sening fon Trambingdan ham o‘tkazvoraman. Tramb mening oldimda kichkina chumolicha. Ko‘zlaringni katta qilasanmi? Juda g‘alati... (jimlik). Seningcha, men qancha maosh olaman?

- Yiliga uch ming.

- Bir hafta oldin senga sovg‘a qilgan shoda marjon qancha turadi? Ikki ming... Shunday emasmi? Ha kechagi libos besh yuz... Dala hovli ikki ming... Xo-xo-xo. Kecha otang tilanchilik qilib mendan bir yarim ming so‘rab oluvdi...

- Per, azizim, qo‘shimcha daromad axir...

- Otlar... Uy shifokori... Shlyapado‘z xotin hisob-kitoblari... Uchinchi kuni qarta o‘yinida 100 tanga yutqazib qo‘yganingchi?!

Er o‘rnidan turib, boshini mushtlari bilan tirab, ayblov xulosasini o‘qib ketdi. Yozuv stoliga borib, xotiniga bir nechta ashyoviy dalillarni ko‘rsatdi...

- Endi xonimcha, fon Tramb menga nisbatan arzimas cho‘ntak o‘g‘risi ekanligiga ishonch hosil qildingmi? Adieu! Endi jo‘na va bundan buyon birovlarni qoralama!

Tamom. Ehtimol o‘quvchi savol berar:

- Xotin erini tashlab ketdimi?

- Ha, ketdi... faqat boshqa xonaga.

Ruschadan Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.