Mutolaa: Mayliku-ya...
U mahalla raisi oldiga kelib o‘zini nochordan olib nochorga soldi va moddiy yordam so‘radi.
— Qo‘ldan berganga qush to‘ymaydi, uka, — dedi rais. — Yaxshisi yuzta tovuq olishingga ko‘maklashaman. Kuniga 70-80 tadan tuxum tug‘sayam ro‘zg‘oringga baraka kiradi, sotib pul topasan. Tovuq yetti xazinaning biri, axir.
— Mayliku-ya, — dedi u chaynalib. — Lekin hovlimda tovuq katagim yo‘qda...
— Unisigayam ko‘ndim, — oqsoqol yon bosdi. — Ikkita yigitga aytaman tovuq katak qurishingga yordamlashadi. Bo‘ladimi?
— Mayliku-ya, — u yana chaynaldi. — Bir tovuqqa ham suv kerak, ham don, deganlariday, yuzta tovuqni qanday boqaman?
— Bu yog‘ini o‘ylama, — raisning ensasi qotsayam sezdirmadi. — To‘rt-besh kunga yetadigan yem topib beraman.
— Mayliku-ya, — battar chaynaldi u. — Ammo to‘rt-besh kundan keyin nima qilaman. Tovuq boqishning o‘zi bo‘ladimi?
Raisning jahli chiqdi:
— Unda ketaver. Tovuqlarni katagi bor, don-dun topadigan boshqa oilaga beramiz. Bo‘ladimi?
— Mayliku-ya, moddiy yordam-chi? Moddiy yordam nima bo‘ladi?
— Moddiy yordam senga to‘g‘ri kelmaydi!.. Sur g‘altagingni...
U o‘sha kunning o‘zida raisning ustidan shikoyat yozdi...
Lola O‘ROQOVA.