Mutolaa: Nima qayoqqa ketadir? Feleton
Abdulla Qodiriy
Ishchining topqani xo‘jayinning xaltasig‘a ketadi.
Sovdagarning topqani o‘g‘ul to‘yisig‘a ketadi.
Toshkand ko‘nchilarining topqani qishliq to‘kma bilan yozliq gapka ketadi.
Qimorbozning topqani gartkam* bilan to‘rtta oshiqqa ketadi.
Bedanabozning topqani tariqqa ketadi.
Muridning topqani eshonga ketadi.
Eshonning topqani sakkizta xotung‘a ketadi.
Xotunlarning topqanlari issiq-sovuqchi domlag‘a ketadi.
Boybachchaning topqani «Turkvino»*- bilan barishnaxonlarg‘a ketadi.
Yoshlarning topqanlari upa-elik bilan o‘sma-surmalarga ketadi.
Eski shahar ispolqo‘mining topqani har xil yuqori shefstvolarga ketadi.
Vaqf sho‘’basining* topqani idorasini bejash uchun qip-qizil gilamlarga ketadi.
Bo‘rining topqani tulkiga ketadi.
«Mushtum»ning topqani turkistonliklarning tumshug‘iga ketadi.
Ushbularning o‘qugan kishining dami - dambalig‘a* ketadi!
Bizning topqanimiz achchiq-tiziqqa ketadi! - deb mulla Julqunboy yozdilar.
«Mushtum»: yozg‘anlaringizning hammasi ham havoga ketadur! - deb biz ham muhrimizni bosdiq.
(«Mushtum» - 1923 yil, 3-son)
*Gardkam - o‘rtaga tikilgan narsaning hammasiga o‘ynalganda aytiladigan so‘z.
*«Turkvino» - O‘sha paytda «Turkvino» nomli Turkiston Davlat tresti boshqarmasi turli xil vino ichimliklari chiqargan.
*Vaqf sho‘’basi - vaqf yerlar inqilobidan so‘ng ma’orif ixtiyoriga berilib, daromadi maktab va ma’orif ehtiyojlariga sarflangan.
*Dambal - ishton
***
Bugun, 10 aprel – o‘zbek adabiyotining yirik namoyandalaridan biri Abdulla Qodiriy (Julqunboy) tavallud topgan kun. 1894 yilda Toshkent shahrida tug‘ildi.
Bo‘lg‘usi adibning ilk ijodi 1913—1914 yillarda boshlangan. Uning «Ahvolimiz», «Millatimga», «To‘y» (1914-1915) kabi she’rlari «Oina» jurnalida bosilib chiqqan edi. U o‘z millatini ma’rifatga chaqiradi, ma’rifatparvar shoir va adib sifatida maydonga chiqadi. «Baxtsiz kuyov» (1915) nomli fojiasi, «Juvonboz» (1915), «Uloqda» (1916) kabi hikoyalarida ham o‘z xalqini savodli, bilimli, madaniyatli va ozod ko‘rish istagi sezilib turadi.
Abdulla Qodiriy 1923 yilda “Mushtum” jurnaliga asos soladi, 1924 yilda Moskva jurnalistlar institutida tahsil oladi. 1917-1918 yillardan boshlab «O‘tgan kunlar» romani uchun material yig‘ishga kirishadi. 1922 yilda birinchi o‘zbek romanining dastlabki boblari «Inqilob» jurnalida chop etiladi. 1925-1926 yillarda «O‘tgan kunlar» uch bo‘lim holida kitob» bo‘lib nashr etiladi.
1928 yil yozuvchining ikkinchi tarixiy romani «Mehrobdan chayon» nashrdan chiqadi.
Abdulla Qodiriy 1937 yilning 31 dekabrida qamoqqa olinadi. 1938 yil 4 oktyabrda Toshkentda otiladi.