Mutolaa: Qari oshpaz
Konstantin Paustovskiy
1786 yil qish oqshomlarining birida Vena shahri chekkasida, kichkina yog‘och uyda ko‘zi ojiz keksa chol, graf xotini Tun xonimning sobiq oshpazi hayot bilan vidolashayotgan edi.
Aslida bu hatto uy ham emas, balki bog‘ning orqasida turgan xaroba qorovulxona edi. Bog‘da shamol uchirib kelgan chirigan novdalar uyib tashlangan, shu bois har bir bosilgan qadamda shox-shabbalar qisirlar, bog‘ chetdagi zanjirli it jimgina g‘ingshib qo‘yardi.
U ham keksa xo‘jayini singari o‘layotgan va endi vovullay olmas edi.
Bir necha yil oldin oshpaz pechkalarning issiqligidan ko‘zi ko‘r bo‘lib qoldi. Grafinya ish boshqaruvchisi uni kulbaga joylashtirib, vaqti-vaqti bilan bir necha florin (oltin tanga) nafaqa berib turdi.
Oshpaz bilan birga uning o‘n sakkiz yoshga to‘lgan qizi Mariya yashardi. Qorovulxonaning barcha bezaklari karavot, taxta o‘tirgichlar, stol, yorilgan sopol idishlar va klavesin (fortepyanoga o‘xshash qadimiy cholg‘u asbobi) – Mariyaning yagona boyligi edi.
Klavesin shu qadar qadimgi ediki, torlar atrofda hosil bo‘lgan barcha tovushlarga uzoq va yumshoq javob berib kuylardi. Oshpaz kulganicha klavesinni “uyning qo‘riqchisi” deb aytardi. Asbobning zirillagan va qari tovushi bilan kutib olishisiz bu uyga hech kim kirolmas edi.
Nochor ota Mariyaga yuzlandi:
- Men hech qachon ruhoniy va rohiblarni yoqtirmas edim. Ularni chaqira olmayman, lekin o‘lishimdan oldin istig‘for qilib vijdonimni tozalashim kerak.
- Nima qil deysiz? – qo‘rqib so‘radi Mariya.
- Tashqariga chiq, - dedi chol, - birinchi bo‘lib uchragan odamdan uyimizga kirib, o‘layotgan kishidan meni istig‘for qilishini iltimos qil. Hech kim senga yo‘q demaydi.
- Bizning ko‘chamiz shunchalik kimsasiz... – deb o‘yladi qiz va ro‘molini kiyib, ko‘chaga chiqdi.
U bog‘ bo‘ylab yugurdi, zanglagan darvozani bazo‘r ochdi va to‘xtadi. Ko‘cha bo‘m-bo‘sh edi. Shamol barglarni olib yurar, qorong‘u osmondan sovuq yomg‘ir tomchilari tushar edi. Mariya yo‘lga quloq tutib, uzoq kutdi.
Nihoyat panjara yoqalab ashula xirgoyi qilib kelayotgan kishi ko‘rindi. Unga qarab bir necha qadam tashladi, u bilan to‘qnashdi va qichqirib yubordi.
Erkak to‘xtab so‘radi:
- Bu yerda kim bor?
Mariya uning qo‘llarini ushlab, titroq ovozda otasining iltimosini yetkazdi.
- Yaxshi, - dedi odam bosiqlik bilan. – Garchi men ruhoniy bo‘lmasam ham, hozir bu muhim emas. Qani ketdik.
Ular uyga kirishdi. Sham yorug‘ligida Mariya ozg‘in kichkina odamni ko‘rdi. U ho‘l plashini stulga tashladi. U nafis va sodda kiyingan edi, qora kamzulining billur tugmachalari va ko‘ylagining burma hoshiyalarida sham olovi yaltirab turardi. U hali juda yosh edi. Notanish kishi bolalarga xos boshini silkitib, boshidagi parikini to‘g‘rilab qo‘ydi, kursini karavot oldiga qo‘yib o‘tirdi va engashib o‘layotgan odam yuziga diqqat bilan qaradi.
- Ehtimol Xudodan emas, balki xizmat qilayotgan san’atim bergan huquq bilan sizning so‘nggi daqiqalaringizni yengillashtiraman va qalbingizdagi yukni olib tashlayman, gapiring, - dedi u.
- Ko‘zlarim ko‘r bo‘lgunga qadar men bir umr ishladim, - pichirladi qariya. – Ishlagan odamning gunoh qilishga vaqti bo‘lmaydi. Lekin xotinim Marta sil kasalligi bilan og‘rib qolganida, shifokor unga har xil qimmatbaho dorilarni buyurib, qaymoq va mevalarni berishni, isitilgan qizil vino ichirishni aytgan edi. Men grafinya Tun xizmatidagi kichik tilla idishni o‘g‘irlab oldim, uni bo‘laklarga bo‘lib sotdim. Endi buni eslash va qizimdan yashirish men uchun juda og‘ir: axir men unga birovning stolidagi hatto chang parchasiga tegmaslikni o‘rgatganman.
- Grafinyaning xizmatkorlaridan birortasi buning uchun aziyat chekdimi? – deb so‘radi notanish odam.
- Qasam ichamanki, hech kim, - deb javob qildi chol va yig‘lay boshladi. - Agar oltin mening Martamga yordam bermasligini bilganimda, uni o‘g‘irlagan bo‘larmidim?
- Ismingiz nima? – so‘radi notanish.
- Yogann Meyer, janob.
- Xo‘sh, Yogann Meyer, – dedi notanish odam va qo‘lini cholning ko‘r ko‘zlariga qo‘ydi, - siz odamlar oldida aybsizsiz. Siz qilgan ish gunoh emas, o‘g‘irlik ham emas, aksincha sevgi jasorati sifatida baholanishi mumkin.
- Omin! – pichirladi chol.
- Omin! – takrorladi notanish. – Endi menga oxirgi tilagingizni ayting.
- Men qizim Mariyaga kimdir g‘amxo‘rlik qilishini xohlardim.
- Men buni qilaman. Yana nimani xohlaysiz?
O‘layotgan odam kutilmaganda jilmayib, baland ovoz bilan dedi:
- Martani yoshlik paytida uchratganimni, Quyoshni va bu eski bog‘ni bahorda gullar ochilgan paytida yana bir ko‘rishni istardim. Bilaman, buning iloji yo‘q, janob. Ahmoqona so‘zlarim uchun mendan g‘azablanmang, kasallik meni butunlay chalkashtirib yuborganga o‘xshaydi.
- Yaxshi, - dedi notanish kishi va o‘rnidan turdi. - Yaxshi, - deya takrorladi u va klavesin oldiga borib, stulga o‘tirdi.
- Yaxshi! – dedi u uchinchi marta baland ovozda.
Birdan yuzlab billur sharlar yerga irg‘itilgandek uning ovozi qorovulxona bo‘ylab jaranglab ketdi.
- Tinglang, - dedi u. – Tinglang va ko‘ring.
U asbobni chala boshladi. Mariya notanish odamning yuziga qaradi, uning peshonasini g‘ayrioddiy rangparlik qopladi, qora ko‘zlarida sham tili aks etib o‘ynardi. Klavesin ko‘p yillardan beri birinchi marta to‘liq ovozda kuyladi. U nafaqat bu kulbani, balki butun bog‘ni o‘z ovozlari bilan to‘ldirdi. Hatto keksa it ham katagidan chiqib, nam qor yog‘a boshlaganiga e’tibor bermay quloqlarini silkitib turaverardi.
- Ko‘ryapman, taqsir, – dedi chol va karavotga o‘tirdi. – Men Martani uchratgan kunni ko‘rayapman va u xijolat bo‘lganidan qo‘lidagi sopol ko‘zani tushirib yubordi.
Bu qishda, tog‘larda bo‘lgandi. Osmon zangori oynadek tiniq va Marta kulib yubordi.
- Kulardi, - deya takrorladi u simlarning jildirashiga quloq tutib.
Notanish qora derazaga qarab o‘ynayverdi.
– Endi-chi, - so‘radi u, - endi nimani ko‘ryapsiz?
Chol quloq tutib, jim turardi.
– Tun qoradan ko‘kka, keyin esa moviy rangga aylandi va yuqoridan iliq nur tushib, daraxtlaringizdagi eski shoxlarda oppoq gullar ochilayotganini nahotki ko‘rmayotgan bo‘lsangiz, - dedi u o‘ynashda to‘xtamasdan. Bu yerdan ular katta lolalarga o‘xshab ko‘rinayotgan bo‘lsa-da, menimcha bu olma gullari bo‘lsa kerak, osmon esa balandlashmoqda, hamma narsa ko‘m-ko‘k, yanada ajoyib, qushlar suruvi eski shahrimiz Vena ustidan shimolga qarab uchib ketishmoqda.
- Hammasini ko‘ryapman, – hayqirdi chol. Klavesin go‘yo o‘zi emas, balki yuzlab quvnoq ovozlarni kuylayotgandek yanada tantanali ravishda kuylay boshladi.
- Yo‘q taqsir, - dedi Mariya, - bu gullar lolalarga o‘xshamaydi. Olma daraxtlari bir kechada gul ochdi.
- Ha, javob berdi notanish odam, - bular olma daraxtlari, lekin ularning gulbarglari juda katta.
- Derazani och, Mariya, – dedi chol.
Qiz derazani ochdi. Xonaga sovuq havo kirib keldi. Notanish kishi juda jim va sekin o‘ynadi. Chol to‘ymasdan nafas olar va qo‘llari bilan yotog‘ini paypaslab, yostiqqa cho‘kdi. Qizi otasi tomon yugurdi. Notanish o‘ynashni to‘xtatdi. U xuddi o‘z musiqasi bilan bilan sehrlangandek, asbob yonida o‘tirib qolgandi. Mariya yig‘lab baqirdi. Notanish kishi o‘rnidan turib karavot tomon yurdi. Chol zo‘rg‘a nafas olib, so‘radi:
- Men hamma narsani ko‘p yillar oldingi kabi aniq ko‘rdim. Lekin o‘lishimdan oldin sizning kimligingizni bilishim kerak. Ismingiz... Ismingiz?
- Mening ismim Volfgang Amadey Motsart, – javob berdi notanish.
Mariya bir qadam orqaga chekinib, tizzasi bilan polga deyarli tegib buyuk musiqachi oldida egilib ta’zim qildi. U qaddini rostlaganda chol allaqachon o‘lgan edi. Derazalar ortida otgan tong nurida nam qor gullari bilan qoplangan bog‘ turardi.
Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.