Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Mutolaa: Ro‘molcha (hajviya)

Ilhom Zoyir

Ro‘molcha Otello uchun otameros. Otasi nikoh kechasida onasiga ro‘molchani bergan ekan. Otello yaxshi eslaydi, mazasi bo‘lmay qolgan paytlarida onasi uni shu ro‘molcha bilan yelpib o‘tirardi. Qarangki, kunlar oylarni, oylar yillarni quvib, umrining yarmi o‘tib ketibdi. Otello general unvonini olgan kuni onasi uni yoniga chaqirdi.

— O‘g‘lim, — dedi  ona quruqshagan labini yalab. – Sen tengilarning uch-to‘rttadan bolasi bor. Sen qachon uyim-joyim deysan?

— Ozgina sabr qiling, oyijon, — dedi Otello. – Bilasiz-ku, hozirda to‘y qilish oson ish emas. Picha pul yig‘ay…

— Qirqni qirqib, ellikka elak tutyapsan, bolam. Bundoq ko‘z ostingga olib qo‘yganing bormi, hay? Bo‘lsa, ismi nima, ota-onasi kim?

— Bor. Otasi – fabrikada direktor, onasi – mahalla xotin-qizlar kengashi raisi. Qizning ismi – Dezdemona – juda aqlli qiz…

— Unday bo‘lsa, o‘g‘lim, qo‘sha qaringlar, — dedi ona eridan qolgan ro‘molchani o‘g‘lining qo‘liga tutqazarkan. – Bu otangdan meros. Endi sen buni bo‘lajak kelinimga ber!

— Oyijon, to‘y kuni keliningizga o‘z qo‘lingiz bilan berarsiz…

Onaning yuzi ma’yuslandi.

— O‘g‘lim, sen gapimni bo‘lmay, ro‘molchani ol!..

Otello noiloj ro‘molchani oldi… va onasining vasiyatiga binoan uni sevgilisiga hadya qildi. To‘ydan uncha vaqt o‘tmay, Otelloning mazasi qochib, qulog‘idan oftob ko‘rinib qoldi. Kasal bo‘lganida onasi uni yelpib o‘tirganlari ko‘z oldida namoyon bo‘ldi. Shunda xotiniga bergan ro‘molcha esiga tushdi. Oshxonada kuymalanib yurgan Dezdemonaga qarab ovoz berdi.

— Dezdemona, ro‘molcha qani?

— Qanaqa ro‘molcha? – dedi Dezdemona avvalida hech narsaga tushunmay.

— To‘y kuni senga bergan ro‘molchani aytyapman.

— Birorta bo‘g‘chaga tiqib qo‘ygandirman. Ertalarga  qarab ko‘ray-chi.

— Yo‘q! Agar birovga sovg‘a qilib yubormagan bo‘lsang, hozir topib ber!

— Kimga sovg‘a qilaman? Qayn-paynim bo‘lmasa.

— O‘g‘irlatmaganmisan, ishqilib?

— Kimga kerak o‘sha ro‘molcha?

— Sen gapni ko‘p aylantirma, ro‘molchani bir nima qilgansan-ov!..

Dezdemona bir kun oldin kir yuvganini esladi va “birov dordan o‘g‘irlab ketmadimikan”, degan xayolga bordi. Eri yana bir bor do‘q urgan edi, yangi kelin emasmi, ko‘ziga yosh oldi. Lekin bu ko‘zyoshlar kuyovbolaning ko‘nglini zarracha yumshatmadi. Jahl ustida xotinini bir-ikki shappati urdi ham.

— Ertagacha ro‘molchani topib qo‘ymasang, bilib qo‘y – katta ko‘cha! – Otello yuzini devor tomonga burib, g‘ujanak bo‘lib yotib oldi.

— Bitta ro‘molcha deb meni xafa qildingiz! Xayriyat, onangiz tilla taqinchoq qoldirmagan ekanlar. Bo‘lmasa, urib o‘ldirarkansiz-da, — dedi Dezdemona yotoqxonaga kirib ketarkan…

Otello tong saharlab xizmatga jo‘nadi. U qanchalik vaqtli kelmasin, qo‘li ishga bormadi. Ich-etini rashk o‘ti yondirar, lekin xotinini kimdan rashk qilayotganiga aqli yetmasdi. Turli shubha-gumonlarga berilib, vaqt o‘tganini ham bilmay qoldi.

Kechadan beri tuz tatimaganidanmi – qorni tataladi. Ovqatlangani harbiy qism oshxonasiga tomon yurarkan, endigina gulga kirayotgan olma daraxtining ostida katta leytenant Yago uch-to‘rtta yosh zobitlarga: “Fabrikaning yo‘lidan ro‘molcha topib oldim”, deb maqtanayotganini eshitib, xotinining: “Uyda o‘tiraveramanmi? Otamning oldilariga boraman, birorta ish topib berarlar. Ishlasam, harna ro‘zg‘orga foyda”, degan gaplarini esladi.

Otelloga ko‘zi tushgan Yago esa “topib olgan” ro‘molchasini shosha-pisha cho‘ntagiga tiqdi-da, hamsuhbatlariga qarab:

— Topib oldi demanglar, mehnatga sotib oldim, — dedi.

Yagoning avvalida “topib oldim”, so‘ng “sotib oldim” degan tuturiqsiz gapi Otelloning shubhalarini yanada oshirib yubordi. Shunday bo‘lsa-da, sir boy bermay, zobitlar bilan yo‘l-yo‘lakay ko‘rishib, o‘tib ketdi.

Yana tomog‘idan hech narsa o‘tmadi. Tushdan so‘ng mazasi qochayotganini bahona qilib uyiga jo‘nadi.

— Dezdemona! Oxirgi marta so‘rayapman, ro‘molcha qani?! – dedi eshikdan kirasolib.

Vannaxonada kir chayib o‘tirgan Dezdemona shart o‘rnidan turdi-da, ichkari xonadan ro‘molchani chiqarib berdi. Otello ro‘molchaning uyoq-bu yog‘iga qararkan:

— Men o‘zim bergan ro‘molchani so‘rayapman, — dedi.

Dezdemona gangib qoldi.

— Shu emasmi, o‘sha ro‘molcha?

—  Yo‘q, u emas! Sen mendan nimanidir yashiryapsan! Ayt-chi, kecha fabrikaga – otangni oldiga borganmiding?

— Bormadim. Dugonamga qo‘ng‘iroq qildim. Otam bilmay qo‘yaqolsinlar, dedim. “Hozircha ish yo‘q, o‘zimiz ham olti oydan beri maosh ololmayapmiz”, dedi dugonam.

— Kim u – dugonang?!

— Qo‘lingizda xizmat qilayotgan Yago akaning singlisi – Nazmioy.

— Yago! – Otelloning yana shaytoni qo‘zidi. – Yagoning singlisi fabrikada ishlarkanmi? Yolg‘on gapirma!

— Biror marta yolg‘on gapirganmidim sizga?

— Gaplaring yolg‘on! Sen Yagoning o‘ziga qo‘ng‘iroq qilgansan!

Dezdemonaning hayrati ming chandon oshdi.

— Tuhmat qilmang! Men hech qachon sizga xiyonat qilmaganman! Bu gaplarni qayerdan oldingiz?

— O‘shanga o‘xshash ro‘molchani Yagoning qo‘lida ko‘rdim.

— Bu gapingiz bilan “ro‘molchani Yagoga sen bergansan”, demoqchimisiz? Kerak bo‘lsa, o‘sha Yagoni to‘yimiz kechasi bir marta ko‘rganman. Hozir turqini eslolmayman ham. Siz bo‘lsa, meni o‘shandan rashk qilyapsiz. Bekor qilasiz!

— Men bilmayman, kalimangni qaytar! Sen o‘limga mahkumsan! Bo‘g‘ib o‘ldiraman!..

Jazavaga tushgan Otello bo‘g‘moqchi bo‘lib xotini tomon bostirib borarkan, tuyqusdan telefon jiringlab qoldi. Qo‘ng‘iroq ovozidan o‘ziga kelib qolgan Otello go‘shakni ko‘tardi va “hozir yetib boraman” deya go‘shakni qo‘ydi.

— Trevoga! Meni chaqirishyapti, zudlik bilan yetib bormasam bo‘lmaydi, — dedi Otello apil-tapil eshik tomon yurarkan. – Dezdemona, haliyam imkoning bor, yaxshilab o‘ylab ko‘r! Hayoting o‘z qo‘lingda. Men qaytib kelguncha ro‘molchani topib qo‘y…

Eri eshikdan chiqib ketarkan, Dezdemona qidiruvni katta sandiqdan boshladi.