Mutolaa: Sadoqat qurboni (hikoya)

Gi de Mopassan

Mana, qachonlardir sodir bo‘lgan, o‘zim guvoh bo‘lgan va nimagadir hech qachon yodimdan chiqmaydigan g‘amgin xotiralarimdan biri.

O‘sha kunlardan beri qanchalik g‘amgin, hayajonli, qo‘rqinchli damlarni boshimdan kechirmadim. Lekin baribir, o‘n-o‘n ikki yoshlarimda men bilgan Maymoq xolaning qiyofasi biror kun ko‘z oldimdan ketmasligiga o‘zim ham hayron qolaman.

U dushanba kunlari biznikiga kelib kiyim-kechak, ko‘rpa-yostiqlarni yamab yuradigan tikuvchi kampir edi. Ota-onalarim o‘sha paytlar dabdabali ko‘rinishi tufayli «qasr» deb ataladigan qishloq uylaridan birida yashashardi. Sirasini aytganda, bu «qasr» faqat tomi baland qurilgan, atrofi to‘rt-besh ferma bilan qurshalgan oddiy, qadimiy binolardan biri edi. Qo‘rg‘onchamizdan yuz metrlar narida bir paytlar qizil g‘ishtdan qurilgan, vaqt o‘tishi bilan xiralashib qolgan cherkov binosi atrofida kattakon qishloq joylashgandi.

Har dushanba kuni ertalab soat olti, olti yarim orasida Maymoq xola biznikiga kelib, to‘ppa-to‘g‘ri cherdakdagi kirxonaga ko‘tarilar va ishga kirishardi.

U baland bo‘yli, oriqdan kelgan, soqolli, to‘g‘rirog‘i, butun yuzini hayron qoldirar darajada soqolsimon mo‘ylar qoplab olgan ayol edi. Xuddi qandaydir aqldan ozgan kishi ayol kiyimidagi bu soldat kampirning yuzlariga ataylab yovvoyi jangal butalarini qadab chiqqanday tasavvur uyg‘otardi. Bunday mo‘ylar uning burnining ustida ham, ostida ham, atrofida ham, yanoqlari-yu iyaklarida ham betartib o‘sib yotardi. Qoshlari ertaklardagidek qalin va uzun, biroq mutlaq oqarib ketgan va yanglishib shu yerga qo‘ndirilgan ho‘rpaygan mo‘ylovga o‘xshab ketardi.

U oqsoqlanib yurardi. Biroq oqsoqlanishi boshqa oqsoqlarnikiga sirayam o‘xshamasdi. U xuddi langar tashlab turgan, dengiz to‘lqinida chayqalayotgan kema misol oqsoqlanardi. U sog‘ oyog‘i bilan qadam tashlaganida, uning suyakdor qomati xuddi ulkan to‘lqin ustiga ko‘tarilayotgan yelkanli kemani eslatar, navbatdagi qadamini tashlaganida xuddi jarlikka qulab tushayotgandek ko‘rinardi. Shunday qilib, uning yurish tarzi menga dengizda bo‘ron payti suzib yurgan kemani eslatardi. Uning hech qachon boshidan tushmaydigan oppoq chepsasi, orqasidan osilib turgan lentalari menga goh shimoldan janubga, goh janubdan shimolga qarab ufqni kesib o‘tayotgan kema yelkanlari bo‘lib ko‘rinardi.

Men Maymoq xolani juda qadrlardim. Dushanba kunlari uyqudan turishim bilanoq oyoqlarini grelka ustiga qo‘yib allaqachon yamoqchilikka kirishgan Maymoq xolamning yoniga, kirxona tomon chopardim. Kirib borishim bilanoq u tom ostida joylashgan bahaybat bu kirxonada shamollab qolmasligim uchun meni ham grelka ustiga o‘tqazib qo‘yardi.

— Bu sening tomog‘ingdagi qoningni tortib olib, oyoqlaringni isitadi, — derdi u meni ishontirib.

Keyin u ilgaksimon barmoqlarini chaqqon qimirlatib, tikish jarayonida menga turli voqealarni hikoya qilardi. Uning qalin shishali ko‘zoynagi ostidagi ko‘zlari (qarilikdan u yaxshi ko‘rmay qolgandi) menga juda ham katta, g‘ayritabiiy moviy va qo‘shaloq bo‘lib ko‘rinardi.

Go‘dak qalbimni hayajonga soladigan uning hikoyalaridan u ham taqdir qisib qo‘ygan ko‘plab ayollar singari saxiy va olijanob qalbli ekanligini his qilardim. U o‘z qismatiga soddadillik bilan butunlay ko‘nikib ketgan ayollar xilidan