Mutolaa: Umr savdosi. Hikoya
Hulkar To‘ymanova
- Sen bola, meni sharmandayi-sharmisor qilding. Butun qishloq ustimdan kulyapti, bunga sen sababchisan! Nima qip qo‘yganingni bilasanmi o‘zi?
- ....
- Hey, senga shu qiz yoqmagan bo‘lsa, non sindirmasdan avval aytmaysanmi? Biz onang bilan shuncha sarf-xarajat qilib, fotiha to‘yini o‘tkazmasiydik, ahmoq!
- Boshida yoqqanday bo‘luvdi, dada.
- Keyin-chi, keyin?
- Bitta uchrashuv hech narsani hal qilmaydi-ku, o‘zlaringiz shoshirdingizlar.
- Shoshirib nima, ko‘r, gaplash, dedik, nima, xato qipmizmi? Yuraging “jiz” etganmidi o‘zi? Nimasi yoqmayapti, hayronman-yey. Bo‘y-basti bor, husni joyida, o‘qiyotgan bo‘lsa.
- Gap unda emas, dada.
- Nimada bo‘lmasa, ayt, dardingni!
- Shunchaki, u qiz oilamizga to‘g‘ri kemiydi!
- Ey, bola, men u qizning otasi bilan qirq yillik qadrdonman! Bir dasturxonda non-tuz yedim, sinashtaligimiz bor, nima degan odam bo‘ldim? Falonchining bolasi fotihasini buzibdi, degan gapni ko‘tarib yurish osonmi, axir?
- Qo‘ying, siqilmang, dadasi.
Ota-bolaning bahs-munozarasiga ona qo‘shildi. Bir oy avval unashtirilgan o‘g‘ilni nima jin urdi, bilish qiyin. Ko‘pni ko‘rib, el ichida yurgan Sultonali muallim bu ishkallik sababini tushuna olmay garang. To‘ng‘ichi Islombekka necha yillik do‘stu birodari Qudratillaning popukdekkina qizini avvaldan mo‘ljallab yurardi. Bordi-keldi, oshna-og‘aynigarchilik tufayli Qudratillaning oilaviy muhiti Sultonaliga kundek ravshan bo‘lib, yoshlar taqdiri bir-biriga qo‘shilsa, duppa-durust oila qurilishiga ishonardi. Avvaldan bunga imo-ishora qilib yurgani uchunmi, kenja qizini kelinlikka so‘rab borishsa, Qudratillaning ayoli rad etmabdi. Eri xotiniga qarshilik qilmas. Ikkinchi marta sovchilikka borishganida, darrovgina rozilik alomati bildirildi. Yigit-qizning uchrashuvi, taomilga muvofiq, fotiha to‘yidan bir hafta avval belgilanib, tomonlar qarori ota-onalarga bildirilgach, yigit tarafning tuguni, sarpo-surug‘i qiznikiga, qiz tarafning patnis-matnisi Sultonalinikiga jo‘natilib, yaxshi niyatda quda-andachilik boshlanishiga duo o‘qildi. Qudalar bir-biriga to‘n kiydirishdi. Mana endi, “Qudachilik - ming yilchilik” deya o‘qilgan duoyu niyatlar osmonga uchdimi?
- Islomjon, nima bo‘ldi o‘zi senga, mundoq ichingdagini chiqarsang-chi, axir ota-onangmiz-ku! Gapirsang-chi, bolam, nima bo‘ldi o‘zi? Yoki Ruxsora haqida yomon gap eshitdingmi? Odamlarning hamma gapi ham to‘g‘rimas, axir!
Xotinining gapiga Sultonalining battar jazavasi qo‘zidi:
- E, indama, bu nonko‘rga, foydasi yo‘q. Bizni pozor qildi. Qancha narsaga “chuv” tushdik? Hisoblasak, kamida besh million so‘mlik chiqim!
- Qaytarib berar, dadasi!
- Hey, eshakmiya, odamlar yeb-ichgan narsani qanday qilib qaytaradi? Qudratilla fotiha to‘yiga oborgan narsamizni bitta o‘zi yegani yo‘q-ku. Butun qishloqqa osh berdi, dasturxon yozdi! To‘y xarajatlarini qaytar deyishga sen uyalmasang, men bunga or qilaman.
Xotini masalani bir tomonlama o‘ylab, “qovun tushirgani”ni sezdi. Attang, bolasi qurib ketgurning tasodifan to‘nini teskari kiyib olganidan hammayoq ostin-ustun bo‘lib ketdi-ya. Barchinoy o‘zini ham, erini ham dovdiratib qo‘ygan Islombekka “Bu nima qilganing o‘zi?” degandek darg‘azab boqdi.
Sultonali nonushtaga qayrilib ham qaramadi, noni bo‘kib turgan shirchoy xotiniga nasib qildi. Eri egniga eski kostyumini tashlab chiqib ketar ekan, Barchinoy “yumshatish”ga urindi:
- Burgaga achchiq qilib ko‘rpani yoqmang, dadasi. Fotihasi buzilgan bitta bizning bolamiz emas-ku?! Demak, taqdiriga bu qiz bitilmagan, peshonasida borini ko‘radi endi, namuncha?
- Ey, senam, bolangam bir go‘rsan! - Sultonali qo‘lini siltab darvozani “taraq” etib yopdi.
Barchinoy cho‘chish ma’nosida qo‘lini og‘ziga olib bordi-da, ortiga qaytdi. Nimalar bo‘lyapti o‘zi, turgan-bitgani jumboq. So‘rida choy ichib o‘tirgan Islombek ukasi Afzalga “Hali bu mashmashalar sening boshingga ham tushadi”, degandek ma’noli qarab qo‘ydi. Nima bo‘lsa bo‘ldi endi, umr savdosi deb qo‘yishibdi buni. Balki kuyov bo‘lmish to‘g‘ri qilayotgandir? Yetti o‘lchab bir kesilmasa, poydevori puxta qo‘yilmasa, oila oila bo‘larmidi? Hozirdan bir-biriga yulduzi mos tushmagan yoshlarni qovushtirib, umrbod afsus-nadomat chekkandan ko‘ra, issig‘i borida bo‘lg‘usi kuyovga qarshi bormay, fotihani bekor qilish ham yaxshidir balki.
Sultonalining ichini it tirnar, boshiga tushgan mushkulotning yechimini topa olmasdi. Muallim yolg‘izoyoq yo‘ldan jadallab ketar ekan, ro‘parasidan Qudratilla chiqib qoladigandek, o‘ngu so‘liga qarab qo‘yardi. O‘z fikrida sobit tura olmagan o‘g‘li tufayli yuzi shuvut bo‘ldi, bundan ortiq sharmandagarchilik bormi? Bu tashabbus qiz tomondan chiqsa, boshqa gap. Ammo o‘g‘il tarafning qizdan “aynishi” har qalay xunuk ish. Sultonali uch kundan beri o‘ziga kelolmaydi, bolasini “ahmoq”, “nomard” degani bilan u ham o‘zicha haq, ko‘zi ochiq, o‘qigan, shahar ko‘rgan yigit, nufuzli idoraning mas’ul xodimi. Bo‘lg‘usi oila boshlig‘ining o‘z qarichi bor, ammo shu sir-sinoat nimada, Sultonali o‘ylab o‘yining tagiga yetolmasdi.
Orif hoji otaning yil oshiga el qatori kirib, duoyi fotiha qilib chiqqan Sultonali darvoza oldida quda bo‘lmish Qudratillaga duch kelib qoldi. Aksiga olganini qarang, ko‘rmagani ma’qulmidi? Har qalay o‘g‘li bilan ochiqroq gaplashib, ahdi o‘zgarishiga nima sabab bo‘lganini aniqlab olsa ham, boshqa gap. Shu holatda unga nima deydi? Sultonali qadrdoni bilan noiloj qo‘l berib ko‘rishdi-yu, gunoh ish qilgandek ko‘zini olib qochdi. Uning o‘ng‘aysizlanayotganini sezgan do‘sti sekingina:
- Qo‘yaver Sulton, yoshlar bir-birini xohlamasa, majburlashga ne hojat? Axir, “umr savdosi” deb qo‘yishibdi. Er-xotin bo‘lib, jiqillashib yurgandan ko‘ra hozirning o‘zida etagimizni yig‘ishtirib olganimiz durustdir balki, deyishgandir! - dedi birov eshitib, birov eshitmaydigan ohangda.
Sultonali boshini norozi qimirlatdi, bundan “Ayb mening noshud bolamda” degan ma’no anglashilardi. Har kim o‘z ko‘nglidan o‘tganini o‘zi biladi. Ularning ustidan mag‘zava ag‘dargisi kelmayotgan Qudratillaga ham balli lekin! Uning o‘rnida boshqa odam bo‘lsa, nima gap, nima so‘z, bizdan nima ayb o‘tdi, fotihasi buzilgan qizimning sha’ni nima bo‘ladi, yillab yiqqan obro‘yimni puchga chiqarding, deb uning yoqasidan olmasmidi?
- Bilmadim, jo‘ra. Bu bolani nima jin urdi, sira o‘yimning tagiga yetolmayapman. Jinni bo‘lib qolmasam go‘rga edi! Balki hali qarori o‘zgarib qolar, shoshmaylik, do‘stim! - Sultonali ko‘p yillik qadrdoni bilan munosabati keskin tus olmasligini chin dildan istab, vaziyatni yengillatishga urindi.
Ma’rakaga kelib-ketuvchilar biri kirib, biri chiqar, nafsilambrini aytganda, orasidan qil o‘tmaydigan ikki qalin do‘stning munosabatlariga darz ketadimi, ketmaydimi, bu hech kimni qiziqtirmasdi. Qolaversa, elning ichida bir-biri bilan it-mushuk bo‘lib yurgan quda-andalar yo‘q deysizmi? Biri ikkinchisiga g‘isht qolipidek mos tushgan qudalarning o‘zi yo‘q.
Sultonali Qudratilla bilan iliqqina xayrlashib, sheriklariga ergashib, darvozadan chiqdi. Ishga bormasa bormas, kunning birinchi yarmida darsi yo‘q, yaxshisi o‘g‘li Islomjon bilan bafurja gaplashib oladi. Hali o‘g‘lining fikrini o‘zgartirish mumkindir ehtimol. Nega shu qarorga keldi bolasi tushmagur? Qaysi holatda bosgan qadami nojoiz bo‘ldi, Sultonali kalavaning uchini topa olmayapti. Kelin bo‘lmishga avvaldan og‘iz solmay turib, o‘g‘lini u bilan ko‘p marta uchrashtirib ko‘rishi kerakmidi? Six ham, kabob ham kuymasdi shunda. O‘qituvchilik sha’ni bir chekkada qolib, butun qishloqda gap tarqab ketdi-ku, koshkiydi buni bosti-bosti qilib bo‘lsa? Elning og‘zi - elak, kim nima desa deydi. Kimsan, Pichot qishlog‘ining har bir bolasiga saboq bergan Sultonali muallimning o‘g‘li unashtirilgan qizidan aynibdi, degan mish-mish. Aytishga oson, odamning or-nomusi, sha’ni, obro‘siga keskin qaror tufayli putur yetsa, Sultonalining o‘rnidagi har qanday kishining boshi egilmasmidi? Muallim bir-biriga zid fikrlar qurshovida uyiga qanday yetib kelganini sezmay qolibdi.
- Islom qani? - otaning hovlini boshiga ko‘tarib, darg‘azab qiyofada kirib kelishi xotinini hushyor torttirdi:
- Jo‘rasi Jahongir bilan chiqib ketuvdi.
- Ahmoq, hech hazm qilib bo‘lmaydi-ya bu noshudning qilig‘ini! Senga sababini hali ham aytmadimi?
- Yo‘q, dadasi, bilasiz-ku, bu bola “ichimdagini top”, deydiganlardan.
- Senga buyruq, kechgacha uning ichidagini topasan!
- Qanday qilib?
- Yo‘lini o‘zing top, tug‘ib katta qilgan bolang!
- Men tuqqan bo‘lsam, siz otasi, buning ustiga muallim degan otingiz bor. Ko‘ngliga bir qo‘l solib ko‘ring-da sizam! O‘zi menam portlab ketay deb turibman. Yo, tavba, mening aybim nima?
- Bamaslahat ish qimadik, Barchinoy. Bolangning fikrini o‘zgartirasan, gap tamom, vassalom!
- Bu ish qo‘limdan kelmaydi, dadasi. Uni majburlashdan nima foyda, yigit kishi bo‘lsa, uningam o‘ziga yarasha ko‘ngli bor. Uylanadigan u, yashaydigan u.
Er-xotinning mojarosiga Islombekning “lop” etib kirib kelishi nuqta qo‘ydi. Ota o‘zini harchand bosishga urinmasin, pasaygan olov qaytadan lovillab ketdi:
- Qudratillani Orif hoji otaning yil oshida ko‘rdim. Nima deb o‘zimni oqlashimni bilmayman-yey! Shu ko‘rgulik boshimga tushadi, deb o‘yimgayam kemabdi-ya? Aytgin, bir narsa deb vaziyatdan chiqib ketaylik, ho‘v bola. Munday ichingdagini sirtingga chiqar, bizni nega muncha qiynaysan? Asabimni tarang qilding lekin!
Islombek, mayli istaganicha zahrini sochib olsin, degandek otasini indamay tingladi. Nima qilsin, ko‘ngli buyurgan ishni qilganini padari buzrukvoriga yorilsinmi? Baribir sababini oshkor etishi kerak-ku. Qachongacha aybsiz aybdor bo‘lib yuradi? Otasi dushman emas-ku unga, erkak erkakni tushunishi kerak. Bir umr kuyib o‘tgandan ko‘ra hozirning o‘zida bosgan izidan ortiga qaytgani afzal, ha, shu haqiqatni rahnamosiga aytar vaqti keldi, mayli, otasi uning bo‘g‘zidan olsa ham.
- Dada, nima desangiz deng, u qiz mening tengim emas. Bilasiz, ularning bir emas, ikkita do‘koni bor, endi shahardagiday katta supermarket ochmoqchi bo‘lib yurganmish. Oshnangizning oshig‘i olchi, pul degani mil-mil, har yili mashina yangilaydi. Sizda esa... oddiygina velosiped ham yo‘q. Ruxsora men bilan ikkinchi marta uchrashganida, “Mashinalaringiz yo‘q ekan-a? Oylikka yashaysizlar-da, onangiz ishlamas ekan, bitta odamning maoshiga qanday kun ko‘rasizlar?” dedi. Nima deb javob berishimni bilmay qoldim. “Menam ishlayman!” desam, “Sizniki nima bo‘lardi, nomi ulug‘, suprasi quruq joydir-da” deb, ustimdan ochiqchasiga kuldi. Boy bo‘lsa o‘ziga, dada. Men mashina olishga ortiqcha pulimiz yo‘qligini aytdim, to‘g‘ri qilibmanmi? Ukamni kontraktga o‘qitayotgan bo‘lsangiz. Ikkita singlimning qo‘shimcha darsidan orttirib, ularnikiday yaraqlagan “Lasetti” ololasizmi?
Sultonali kesib-kesib so‘zlayotgan o‘g‘liga angrayib qarab qoldi: e, gap bu yoqda ekan-da. Ko‘z o‘ngida ulg‘aygan nuridiydasi u darajada oqilona fikr yurita olganiga nima desin? O‘ziga to‘q xonadonning qizi qo‘ygan talab o‘g‘liga og‘ir botganini, oilaviy hayotda bu bora-bora chuqurlashib, munosabatlar chigallashuviga olib kelishini, qo‘ydi-chiqdi mojarolar ko‘payib, qurilgan oila parokanda bo‘lib ketishini nega avvaldan ko‘ra bilmadi? O‘g‘limning boshini ikki qilsam bo‘ldi, Qudratilla necha yillik qadrdonim, otalik vazifamni bajarganim shu, deb nega kalta o‘yladi?
- Dada, siz o‘qituvchi odamsiz, butun umr zahmat chekib, xalqning bolasini o‘qitasiz. Topganingiz halol. Do‘stingizning daromadi oqib keladi, sizga o‘xshab qachon oylik qo‘liga tushishini kutmaydi, pulning ketidan quvgan kishi. Men u odamni yomonlamoqchi emasman, mol-dunyosi yetarli, pulni pulga chaqadi, yegani oldida, yemagani ketida. To‘g‘ri, siz ham bizni yedirib-ichirasiz, o‘qityapsiz, nolisam noshukrlik bo‘ladi. Endi o‘ylang, boy-badavlat oilaning qizi yetishmovchilik bo‘lib turgan xonadonga moslasha oladimi? Bu - masalaning bir jihati. Uning egniga ilib olgan kiyimiyu, taqib olgan zeb-ziynatlarini ko‘rsangiz edi, hurra-purrangiz uchib ketardi. Bechora onam bu taqinchoqlarning yarim narxiga teng keladiganini ham ko‘rgan emas. Xullas, dada, meni so‘kmang, onam qarg‘amasin. Agar to‘g‘ri qaror qabul qilmabsan, desangiz ham o‘zingiz bilasiz! Ammo fikrim qat’iy!
Sultonali ang-tang bo‘lib qoldi. Aql yoshda emas, boshda, deganlari shudir balki. Ota o‘zi bilan o‘g‘li orasidagi yosh tafovutini chamalab, boshini changalladi. Kim haq, umi yoki o‘g‘li? Onasi rahmatli, birovni ayblashdan avval o‘sha odamning o‘rniga o‘zingni qo‘yib ko‘rsang, fikring o‘zgaradi, deganini esladi. O‘ylab qarasa, to‘g‘ri gap. Sultonali mum tishlaganicha, bolishga yonboshlar ekan, xotini uzatgan choyni xontaxtaga qo‘ydi. Birpasdan so‘ng otaning dilidagi tiliga ko‘chdi:
- Ha, ichingda shuncha gaping bor ekan, nega avvalroqdan aytmading shuni? Qiz bilan uchrashding, gaplashding!
- Axir uchrashmasam, gaplashmasam, uning ichki dunyosini qayoqdan bilaman, dada, qiziqsiz-a!
Ha, bu o‘rinda ham o‘g‘lini ayblab bo‘lmaydi. Uchrashmasa, uning yurish-turishiga zimdan razm solmasa, suhbatlashib ko‘rmasa, ichki va tashqi olami qanday, qaydan bilardi, qat’iy xulosaga kelarmidi? “Eh, Sultonali, shu darajada kalta o‘ylaysanmi, oila qurish ostonasida turgan o‘g‘lingchalik fikrlay olmadingmi?” deya yana o‘zini o‘zi g‘ajiy boshladi ota.
- Bir umrlik tafovut bilan kelisholmay yashagandan ko‘ra, vaqtida o‘ylab qadam bosganimiz yaxshi emasmi, dada?
- Bas qil! - Sultonali xontaxtaga qo‘lini jahd bilan urdi, dasturxondagi mayda non bo‘laklari yon-atrofga sochilib ketdi, piyoladagi choy dasturxonga to‘kildi.
Islom yengil nafas oldi, otasining fe’l-atvori ma’lum, hamma o‘qituvchilar qatori asabi chatoq, yaxshisi uni yolg‘iz qoldirish kerak, hali-zamon tinchlanib, o‘ziga kelib qoladi. Balki otasining o‘rnida bo‘lsa, u ham shu holatni boshdan kechirmasmidi?
Sultonali o‘rnidan qo‘zg‘aldi, ayvonni tark etib, darsxonasiga kirib ketdi. Xontaxta tegrasiga joylashib olgan o‘g‘il-qizlari nima deydi, nima qo‘yadi, unga endi zarracha qizig‘i yo‘q edi...