Mutolaa: Urushning surati. Hikoya

Qo‘chqor Norqobil

Yolg‘iz – yolg‘iz o‘g‘il. G‘ulom bobo bilan Oysara xolaning yolg‘izi, ortida qoladigan yorug‘ izi.

Harbiyga chaqiruv keldi.

Yolg‘izni afg‘on urushiga olib ketishdi.

Xola ko‘p yig‘ladi. Xolaning ko‘zi xira tortdi. Xola ko‘rmay qoldi. Xola: “Hali o‘g‘lim kelsa, ko‘zim ochilib ketadi”, deb qo‘yardi.

Sog‘inch dardi, tahlika azobi xolaning ich-­ichini ham kuydirib ketdi. Bir yil o‘tar-o‘tmay xola omonatini egasiga topshirdi.

G‘ulom bobo bukchayib qoldi. Ikki ko‘zi eshikka qadaldi. Faqat eshikni ko‘rdi. Yolg‘izning yo‘liga tikildi ikki ko‘zi.

Paxsa devorga omonat ilingan pastak eshik tiq etsa, boboning yuragi shig‘ etadi. Joni xalqumiga keladi. Nurab, to‘kilib ketaman deb turgan ozurda ko‘hna kulbadan otilib chiqib, yalangoyoq yugurgilaydi.

Ovuldoshu qo‘ni-qo‘shni dalda beradi: “Keladi bobo, keladi, Yolg‘izingiz keladi…”

Yolg‘iz kelmadi.

Temir tobuti keldi.

El-elomon bir qalqdi – uvvos urdi el-elomon: “Notanti taqdir, kelib-kelib shugina yolg‘iz cholning Yolg‘iziga chang solasanmi?..”

Bobo garangsib qoldi. Esi kirdi-chiqdi bo‘ldi.

Oradan bir hafta o‘tib boboning qoshiga qishloq maktabining direktori keldi.

– Maktabni o‘g‘lingiz Yolg‘iz Xolboyev nomi bilan ataymiz. Qabriga marmartosh o‘rnatib, ta’ziyanoma yozmoqchimiz.

Chol unga o‘qrayib qaradi. Ichkari uyga kirib ketdi.

Eni-bo‘yi yarim quloch keladigan marmar lavh olib chiqdi. Direktor marmar lavhga o‘ralgan suratni – Yolg‘izning suratini hamda “Men otamdan oldin o‘lganman…” degan yozuvni ko‘rdi. Ko‘z oldi qorong‘ilashib, ich-ichidan o‘kirik keldi. O‘zini zo‘rg‘a tiyib ihradi.

– Uzr, bobojon, uzr.

– Uf-f… Kecha… Kecha rayon markaziga borib, o‘zim tayyorlatib keldim. Shuni qo‘yaman, – dedi bobo.

Boboning joni tosh ekan. Boboning boshi toshdan ekan. Bobo yashadi. Uzoq yashadi. Bu hayotga qasdma-qasd yashadi. O‘tgan yili yuz yoshga yaqinlashib qazo qildi.

Xotira va qadrlash bayramida qishloqda bo‘ldim. Qabristonning kunbotarida Yolg‘iz yotgan qabr boshiga keldim. Askar kiyimida jilmayib turgan o‘g‘lonning surati tagida: “Men otamdan oldin o‘lganman…” degan yozuvni o‘qidim. O‘zimni qo‘lga oldim.

– Ana, yonidagi G‘ulom otaning qabri, – dedi qo‘shnim.

Qabr boshidagi marmar lavhdagi: “Men bolamdan keyin o‘lganman…” degan yozuvga ko‘zim tushdi. Endi o‘zimni tutolmadim. Qabr poyida cho‘kkalab o‘tirdim-da, kaftim bilan yuzlarimni to‘sdim. Ichimdan ko‘pirib toshgan og‘riqli bo‘ronni to‘xtatolmay o‘kirib yig‘lab yubordim…