Mutolaa: Yo‘lda. Hikoya

Hulkar To‘ymanova

Xiyobon biqinidagi mehmonxonaga yaqinlashganida, Halima yerda yotgan pul o‘ramini ko‘rib qoldi: dollarmi? Yo tavba! Yo‘qotganning holi ne kechdi? Sellofanning sirtidan rezinka o‘ralibdi, qisqasi, bir o‘ram pul!..

Ayol yon-atrofiga qarab, pulni engashib olishga ulgurmadi. Yerdan chiqdimi, ko‘kdan tushdimi, qarshisida ko‘zlari olazarak, nafasi og‘ziga tiqilgudek bo‘lib so‘zlayotgan lo‘libashara yigit paydo bo‘ldi:

– Iye, kennoyi, Xudo siz bilan bizga yo‘q joyidan berdi. Allohning qudratini qarang! Birorta chet ellik yo‘qotib qo‘ygan bo‘lsa kerak. Bo‘lishib olamiz. Qarang, qalinligini, ichida kim bilsin, qancha dollar boriykin!

Halima hayratomuz nigohini haligi kishiga qaratganicha, kalovlanib qoldi. Birovning puli – birovning haqi, buyurarmidi? Qo‘lini siltab ketvoray desa, sherigining qo‘yvoradigan turi yo‘q:

– Yuring, nariroq boraylik, birov ko‘rib qolmasin! La’nati turistlar puli ko‘pligidan keladi-da bizzi yurtlarga, topib olganimiz ularga urvoq ham emas. Hozir mundoq qilamiz, siz pulni olib ketuvrasiz. Man orqangizdan yetaman!

– Qandoq bo‘larkin?– Halima “xazina” o‘ziga oshirilayotgani uchun dam ishonqiramay, dam ikkilanib yo‘lovchiga qaradi.

– Qandday bo‘ladi-da, qo‘rqmang. Yuring, chetroqqa o‘taylik. Pulni sumkangizga soling, – u shunday deb, qarshilik qilishiga qaramay,  “o‘lja”ni ayolning sumkasiga tiqdi.

Halima beixtiyor hamrohiga ergashdi. Yigit yon-atrofga o‘g‘rincha nigoh tashlab, ayolni xiyobonning ovloqqina, kimsasiz joyiga yetakladi. U kimningdir puli sumkasiga tushganini hazm qila olmas, tasodifan hoziru nozir bo‘lgan bu nusxaning nima uchun o‘zini bu yoqqa boshlab borayotganiga aqli yetmasdi.

– Kennoyi, bo‘lmasa, mundoq qilamiz. Siz pulni olib ketuvrasiz, men orqangizdan yetaman. Metroning oldida meni kuting, yarim soatlarda boraman. Ammo bilasizmi, buning uchun siz menga uzuklaringizni garovga berishingiz kerak. Uchrashganimizda sizga bularni albatta, qaytaraman. Har qalay ishonchliroq bo‘lardi-da. Qo‘lingizdagi pulga, eh-he, qancha tilla uzuk keladi.

Tavba, nimalar deb valdirayapti bu ahmoq? Kimniki bo‘lishidan qat’i nazar, axir, uni bir odam tushirib qoldirgan, birovning haqi o‘zgaga yuqarmidi? To‘g‘ri, qanchadir ana shu valyutaga istagan taqinchog‘ini xarid qilishi mumkin, ammo u nohalol, o‘g‘irlangan buyum bo‘lmaydimi? Eh, Halima, Halima, qayoqdan ham duch kelib qolding bu mashmashaga? Soddaligiga bordimi, ishonuvchanlik qildimi, shayton vasvasasiga uchdimi, u ikki qo‘lidagi ikki uzukni yechib, qarshisida jilpanglayotgan so‘xtaga uzatdi.

Bir payt ularga qarab yugurib kelayotgan novcha, qotma yigitni ko‘rdiyu, sherigi sarosimaga tushdi. Halimaning rangidan rang qolmadi. “Pulning egasi!” degan fikr o‘tdi miyasidan. Boshi baloga qolmasa, go‘rga edi? Pulni mana bu firibgarga qaytarib bermoqchi bo‘lib, sumkasini titkilay boshladi:

– Uka, menga hech narsa kerak emas. Oling, meni tinch qo‘ying!

– To‘xtang, voy, unaqasi ketmaydi, uni o‘zim tinchitaman. Siz yo‘ldan qolmang! U pulning egasi bo‘lishi mumkin, da’vo qilgan taqdirda ham menda uning puli yo‘q. Shu uchun siz chaqqonroq harakat qilib, ko‘zdan uzoqlashishingiz kerak. Tag‘in gumonsirab yurmang, agar ikkalamiz birga ketsak, pul yo‘qotgan odam ketimizdan tushadi. Ishkalni ko‘paytirishning nima keragi bor?

Yugurganidan o‘pkasi og‘ziga tiqilgudek hansirayotgan yigit chet tilida nimalardir deb g‘udrana boshladi. Qiyin-qistovga olingan Halima bu paytda ulardan ancha yiroqlashib bo‘lgan edi. Qutulgani rost bo‘lsin-a, anavi ajnabiy bilan sherigi ne ko‘ylarga solmasdi uni? Juvon shu darajada qaltirardiki, ortiga qayrilib qarashga yuragi betlamasdi. Qorasi o‘chsin ikkisining ham. Puli ham boshidan ordona qolsin! “Afsus, tilla buyumlarimni bekor yechib berdim-da... Odamning bir yelkasida rahmon, bir yelkasida shayton o‘tiradi, degani shu-da. Shayton vasvasasiga uchdim. Xudo biladi, oldimga qaytib borishini!”, deya o‘zini tinchlantirishga urindi ayol.

...Metro bekatida ikki soatcha u yoqdan-bu yoqqa yurib, kelishga va’da qilgan haligi kishini kuta-kuta Halimaning toqati toq bo‘ldi. Ko‘ngli g‘ash, bir-biriga zid turli savollar qiynardi uni: “Nega zeb-ziynatlarimni notanish odamga yechib berdim? Shu darajada ahmoq bo‘ldimmi? Yo‘limdan qolmasligim kerakmidi? Vijdonsizlarga qo‘shilib, nima ish qilib qo‘ydim o‘zi? Ikki firibgar til biriktirib, meni chuv tushirgan bo‘lsa-chi? Yo‘g‘-ye, axir pulni o‘zi olmadi-ku, menga ishonib berdi-ku, unaqa emasdir?”

    Ayol vazmin qiyofada ishxonasi tomon odimladi. Keldi-ketdini nazorat qiluvchi xodimga uzrli sabab bo‘lib qolganini aytib, ish stoliga xomushgina cho‘kdi. Qo‘li ishga borarmidi? Ko‘z oldidan xiyobonda sodir bo‘lgan noxushlik sira ketmasdi. Bu obdon “pishitilib”, avvaldan rejalashtirilgan ishga o‘xshardi. Telefon jiringlashi bilan qulog‘i ding, mabodo uni so‘rab qolarmikan? Uzukni garovga olgan odam Halimaning ishxonasi telefon raqamini yozib olgan, pul egasi bilan orani ochiq qilsam, sizga zudlik bilan qo‘ng‘iroq qilaman, degani damba-dam ko‘nglidan o‘tardi.

    Halima bir amallab kunni kech qildi. Xonadoshlari oxiriga yetkazgan hisobotni u ertaga tayyorlaydigan bo‘ldi. So‘nggi pushaymon, o‘zingga dushman. “Nima qilarding, Halima, shu pulni olib? Basharasiga otib, qochmaysanmi? Uzuklaringdan umid qilmay qo‘ya qol, endi. Nahotki, kap-katta ziyoli bir ayol qalloblarga ishonib o‘tirsa? Axir, “Meni tinch qo‘ying, ana shu pul sizga siylov” deb qochib qolsam, birov meni sudga sudrarmidi? Eh, shu darajada go‘lmisan, Halima?” U xayolidan takror-takror o‘tayotgan savollarni tiliga chiqara olmasdi. Kimga, nima deb so‘zlab bersin? O‘zini o‘zi sharmanda qilmaydimi? Axir, qolipidan ko‘chgan g‘ishtni qaytadan o‘rniga qo‘yishning iloji yo‘q-ku?

Yagona taskin va ilinj – sumkasidagi pul. Butun vujudini cho‘g‘day kuydirayotgan ana shu matoh qo‘liga tushmay qo‘ya qolsa, qani edi? Och qornim, tinch qulog‘im, deb ketaversa hozir uyida bexavotirgina o‘tirgan bo‘lardi? Ammo huzur-halovatidan ayirgan bu zormanda endi unga tegishli, xohlasa qimmatbaho zeb-ziynat sotib olsin, xohlasa kiyim-kechak, hech kimning e’tirozi yo‘q. Bu haqda birov bilib, birov bilmasin, mavhumligicha qolsin, birovga aytgulik gap emas. Na eri, na bolalariga lom-mim demaydi. Qo‘ldan ketgan uzuklarining o‘rniga boshqasini xarid qilib olsa bo‘ldi, unga hech narsaning keragi yo‘q.

Ayol kechki ovqatdan so‘ng televizor tomosha qilib o‘tirgan oila a’zolari davrasini tark etdi. Yotoqxonaga kirib, sumkasini titkiladi. Yuragi qinidan chiqqudek urar, mo‘’jiza sodir bo‘ladigandek qo‘llari qaltirardi. Ha, mana, topilma sumkasining tagiga tushib ketgan ekan. Halima rezinkani yechib, sellofan paket ichidagi pulni chiqardi-yu, dahshatdan qotib qoldi: ne ko‘z bilan ko‘rsinki, bir dollarning ichiga bor-yo‘g‘i to‘rt ming so‘m pul ustalik bilan o‘ralgan edi.

Halimaning ko‘z oldi qorong‘ilashib ketdi...