Namanganda IIB xodimi nega katta yo‘lni to‘sib qo‘ydi? (video)

Kecha, 3 dekabr kuni Namangan viloyati Namangan tumani xududida viloyat ichki ishlar boshqarmasi yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi hodimlarining xizmat jarayoni tasvirga olinib, telegram ijtimoiy tarmog‘ining “Andijonliklar” kanali orqali tarqatildi.

Xo‘sh, aslida mazkur hududda YPX inspektorlari nima sababdan bu holatda xizmat olib borayotgan edi?

Ushbu holatga Namangan viloyati IIB aniqlik kiritdi.

Ma’lum bo‘lishicha, tasvirga olingan vaqtdan avvalroq, soat 09:35 larda Namangan tumani Toshbuloq mahallasida yashovchi, haydovchilik bilan shug‘ullanuvchi fuqaro ariza bilan murojaat qilib, “Damas” rusumli, oq rangli davlat raqami 10 U 351 MA bo‘lgan avtomashinani Namangan viloyati Mingbuloq tumani xududida ishonch qog‘ozi orqali boshqarib borayotib, avtomashinadan tushgan vaqtda notanish yo‘lovchi avtomashinani olib qochib ketganligini ma’lum qilib, chora ko‘rishni so‘ragan.

Mazkur holat yuzasidan Namangan viloyati ichki ishlar boshqarmasi tomonidan tezkor reja harakatga keltirilib, viloyat hududi bo‘yicha surishtiruv-tekshiruv ishlari olib borilgan. Viloyat ichki ishlar boshqarmasi yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi hodimlari avtomashina olib qochilgan Mingbuloq tumaniga qo‘shni bo‘lgan Namangan tumani hududida qidiruvdagi avtomashinaga o‘xshash bo‘lgan oq rangli “Damas” avtomashinasini tekshirayotgan vaqtida noma’lum shaxs ularning xizmatiga va maxsus rejaning davomiyligiga xalaqit berib, xodimlarni tasvirga olgan. Xodimlarning bir necha marotaba ogohlantirishi, bu reyd emas maxsus tadbir ekanligi haqidagi tushuntirishlariga qaramasdan, tasvirga olishni davom ettirgan.

“Aslida mana shunday tadbirlar davomida huquqni muhofaza qilish organlariga ko‘maklashish, vaziyat yuzasidan bilgan ma’lumotlari haqida xabar berish mulkidan ayrilgan zamondoshimizning, hamda uni topishga kirishgan xodimlarning mushkulini oson qilardi. Qolaversa, bu har birimizning fuqarolik burchimizdir”, deyiladi rasmiy xabarda.

Shuningdek, tezkorlik bilan amalga oshirilgan tadbirlar natijasida qidiruvda bo‘lgan “Damas” avtomashinasi ichki ishlar boshqarmasi hodimlari tomonidan topilib, mulk egasiga qaytarilgan.

Mazkur jinoyatni sodir etgan shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 267 moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.