Namangandagi to‘yda yigirmaga yaqin odam zaharlandi

Namangan viloyati Chust tumani, G‘ova qishlog‘ida 20 sentyabr kuni o‘tkazilgan to‘yda 18 nafar fuqaro ovqatdan zaharlandi.

Bosh prokuratura matbuot xizmatining xabar berishicha, to‘ydan so‘ng 18 nafar fuqaro tana harorati ko‘tarilishi, qorin sohasida og‘riq, qusish va ich ketish holati bo‘yicha tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli yuqumli kasalliklar shifoxonasiga murojaat qilgan.

Ularning barchasi 21 sentyabr kuni tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilib, tibbiy muolajalar o‘tkazilgan. Bemorlarga «Ovqat hazm qilishning buzilishi» tashxisi qo‘yilgan.

Davolanishlardan so‘ng 23 sentyabr kuni ushbu fuqarolardan 15 nafari sog‘aygan holatda uylariga ruxsat berilgan. Shifoxonada qolgan 3 nafar bemorga ham 25 sentyabr kuni sog‘lig‘i to‘liq tiklanganligi sababli uyiga ruxsat berilgan.

Mazkur holat bo‘yicha kasallik bilan og‘rib, hozirgi kunda salomatligi yaxshilangan bemorlarning barchasini yashash hududidagi tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli 49-sonli qishloq oilaviy poliklinikasi tibbiyot xodimlari tomonidan dispanser nazoratiga olish bilan bir qatorda, to‘y marosimida qatnashgan boshqa fuqarolar ham tibbiy kuzatuvga olingan.

Hozirda tuman IIB tergov boshqarmasi tomonidan mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.