Narpay “Umid”ining orzu-umidlari “katta”lardan
Narpay tumanida 57 mahalla mavjud bo‘lib, bor-yo‘g‘i 2 tasi, ya’ni “Haqiqat” va “Mushkent” mahalla fuqarolar yig‘inlari ijarada faoliyat olib boradi. Bu haqda tuman hokimligidan olingan ma’lumotnomadan bilib oldik.
“Umid” ijarada turadiganlarning uchinchisimi?
Tumanning eng chekka hududida joylashgan “Umid” mahallasida 3 ta qishloq bor. Hududdagi bitta maktab va bir bog‘chaning binolari zamonaviy. Mahalla fuqarolar yig‘ini esa o‘z binosiga ega emas, tadbirkorga tegishli pastqam, ko‘rimsiz binoda ijarada turadi. Hayron qoldik, axir tuman hokimligidan olingan ma’lumotda bu haqida yozilmagan edi-ku!?
- Hududimizdagi kamchiliklar bosqichma-bosqich bartaraf etilmoqda, - deydi mahalla raisi Anvar Sharipov. – Bugungi kunda 23 ta ichki ko‘chalarimizdan 2 tasi tuproq yo‘l. Tan olish kerak, aholini toza ichimlik suvi muammosi qiynab turibdi. Suvni tashib kelib ichishadi. Yaqinda tuman hokimi boshchiligida ishchi guruh kelib, muammolarni o‘rgandi. Ularni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda. To‘g‘ri, hozirda mahalla fuqarolar yig‘ini ham o‘z binosiga ega emas, ammo Mustaqillik bayramigacha tadbirkorlar ko‘magida, hashar yo‘li bilan zamonaviy bino qurilishi rejalashtirilgan.
Olti o‘g‘ilda yetti muammoga yechim topilyapti
“Umid” mahallasining Olti o‘g‘il qishlog‘ida tadbirkorlar tomonidan zamonaviy binolar, issiqxonalar qurilishi natijasida mahalla aholisining bir qancha muammolariga yechim topilyapti.
- Kelgusida bu qishloq mahallamiz markaziga aylanadi, - deydi oqsoqol A.Sharipov. – Bugungi kunda hududda sartaroshxona, go‘zallik saloni, etikdo‘zlik ustaxonasi, hammom, savdo va o‘quv markazlari uchun binolar qurilishi yakuniga yetkazilmoqda. Buning natijasida 50 nafarga yaqin ishsiz fuqaro bandligi ta’minlanadi. Fuqarolar yig‘ini uchun quriladigan zamonaviy bino ham aynan shu hududda joylashadi.
Mahalla raisi bilan qishloqdagi qurilish ishlarini ko‘zdan kechirayotganimizda yo‘ldan motokultivator yetaklab bir yigit o‘tib qoldi.
- Ishsizligim sababli “Yoshlar daftari”da ro‘yxatga olishgandi, - deydi u. – Oradan ko‘p o‘tmay mahalla faollari chaqirib, motokultivator xarid qilishni taklif qildi. Bu texnika pulining yarmi subsidiya, yarmi esa imtiyozli kredit hisobiga berilishi men uchun katta imkoniyat bo‘ldi. Hovlimizdagi mavjud 7 sotix tomorqada ishlashda qo‘l kelyapti. Qolaversa, qo‘ni-qo‘shnilarimizning yerlarini ham haydab beryapman.
Qarovsiz, tashlandiq yer maydonida ishlar boshlandi
Mahallaning yana bir qishlog‘i Yarimtepada qariyb 2 gektar yer shu paytga qadar qarovsiz, tashlandiq bo‘lib yotardi. Foydalanilmay kelingan bu yer maydoni korporativ tashkil qilgan ikki tadbirkorga bo‘lib berilgach, tosh va chiqindilardan tozalandi. Tekislanib issiqxonalar barpo etildi. Bugun bu yerda mahallada yashovchi, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan ishsiz xotin-qizlar mehnat qilmoqda.
- Ishsizligim tufayli “Ayollar daftari”da ro‘yxatga olingandim, - deydi Nargiza Alqarova. – Issiqxona qurilib, bizni bu yerga ishga taklif qilishdi. Har birimizga ikki sotixdan yer ajratib berildi. Bir kunda 3-4 soat ishlaymiz. Ro‘zg‘or ishlarigayam bemalol ulguramiz.
- O‘n yildan beri ishsizlik muammosidan qiynalardim, - deydi “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turuvchi Olmaxon Alqarova. – Mana endi ishli bo‘ldim, issiqxonada ekin parvarishlashni o‘rganyapmiz. 1 million so‘mga yaqin oylik olyapmiz. Tadbirkor Anvar Erboboyev ta’kidlashicha, hosil yaxshi bo‘lsa maoshimiz yana oshirilarkan. Qolaversa, u o‘z hisobidan har birimizga hovlimizdan issiqxona qurib berishini aytdi.
***
Narpay tumanining bu chekka hududida bo‘lib, ko‘pgina ijobiy o‘zgarishlarga guvoh bo‘ldik. Ammo mahalla fuqarolar yig‘ini binosini bunyod etish, ichki yo‘llarni ta’mirlash, ichimlik suvi muammosini bartaraf etish muhim ekanligiga ham amin bo‘ldik. Shu masalalarda “umid”liklarning “katta”lardan umidi katta.
To‘lqin Siddiqov,
Baxtiyor Mustanov (foto).