Narpayda 5 yo‘nalishda avtobus xizmati yo‘lga qo‘yildi

Keyingi yillarda yo‘lovchi tashish transporti sohasida bozor munosabatlari va raqobat muhitini yanada rivojlantirish, sohadagi tashkilotlar va korxonalarni xususiylashtirish, iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish tizimi va sug‘urta bozorini yaratish borasida ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda, deb yozadi viloyat hokimigi axborot xizmati. Ushbu ishlar samarasi esa hududlarda jamoat transporti sifati va salmog‘i yaxshilanishiga zamin yaratmoqda. Respublikadagi boshqa hududlar singari tuman va shaharlarimizda ham yangi yo‘nalishlar ochilib, xizmat sifati sezilarli darajada yaxshilanmoqda.

     Kuni kecha Narpay tumanida 5 ta yangi avtobus yo‘nalishlaridan foydalanish imkoniyati yaratildi. “Mirbozor-Oqtosh”, “Mirbozor-Oybek-Bo‘ston”, “Mirbozor-Arabxona”, “Mirbozor-Do‘rmon mahallasi” va “Ipak yo‘li bozori-Bo‘zi mahallasi” hududlarida avtobuslar xizmat ko‘rsata boshladi.

     Xullas, mamlakatimizda keng qamrovli, inson manfaatiga xizmat qiladigan bunyodkorlik ishlari tobora jadal tus olmoqda. "Obod qishloq" va "Obod mahalla" dasturlari hayotga keng tatbiq etilmoqda. Shahar va qishloqlarimiz ravnaq topayapti. Qishloq va shaharlarimizda aholiga transport xizmati ko‘rsatish ham shunga yarasha bo‘lmog‘i lozim.