Narpaylik mas’uliyatsiz ota 15 sutkaga qamaldi
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudining ijro hujjatiga asosan qarzdor G‘ayrat Sulaymonovdan undiruvchi Shahnoza Sulaymonovaning foydasiga bir nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun oylik ish haqi va boshqa daromadlarning to‘rtdan bir qismi miqdorida aliment undirish belgilangan.
Mazkur ijro hujjati bo‘lim ish yurituviga kelib tushgan va ijro ishi yuritish qo‘zg‘atilgan.
Ijro harakatlari davomida G‘.Sulaymonov bir necha marta ogohlantirishlarga qaramasdan, 2017 yilning fevral oyidan buyon aliment pulini to‘lamay kelayotganligi aniqlandi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, uning bugungi kun holatiga 27 million 381 ming so‘m qarzdorligi bo‘lgan.
To‘lanmay kelinayotgan summani qarzdorning mol-mulkiga qaratish maqsadida G‘.Sulaymonovning mol-mulkini aniqlash uchun tegishli davlat idoralariga so‘rov xatlari yuborilgan. Biroq uning nomiga rasmiylashtirilgan mol-mulklar aniqlanmagan. Ya’ni, G‘.Sulaymonovdan aliment qarzdorligini undirishning imkoni bo‘lmagan.
Shu sababli unga nisbatan to‘plangan hujjatlar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-4-moddasi 1-qismiga asosan javobgarlik masalasini ko‘rib chiqish uchun Narpay tumani ma’muriy sudiga yuborilgan.
Sudning qarori bilan qarzdor G‘.Sulaymonovga nisbatan 15 sutka qamoq jazosi tayinlangan.