“Navbahor” sobiq bosh murabbiyi Ilhom Mo‘minjonov 50 million so‘m jarimaga tortildi va 5 yilga futboldan chetlatildi

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Etika qo‘mitasining 2019 yil 20 fevraldagi  02/2019 sonli  yig‘ilish qaroriga asosan, O‘FA Futbol faoliyatini nazorat qilish boshqarmasiga Namanganning “Navbahor-Lochinlari” PFK klubi sobiq bosh murabbiyi Ilhom Mo‘minjonovning kelishilgan o‘yinlarga aloqadorligi yuzasidan o‘rganish va surishtiruv ishlarini olib borish yuklatilgandi, deb xabar bermoqda O‘FA matbuot xizmati.

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Futbol faoliyatini nazorat qilish boshqarmasi tomonidan Ilhom Mo‘minjonovning faoliyatiga qonuniy baho berish maqsadida u bilan birga faoliyat olib borgan futbolchilar va rasmiy shaxslar suhbatga chaqirildi hamda ular bilan suhbatlar o‘tkazildi. Aniqlangan ma’lumotlar natijasida yig‘ilgan bir qator  hujjat-dalillar ko‘rib chiqish uchun O‘FA Etika qo‘mitasiga taqdim qilindi.

O‘FA Etika qo‘mitasi taqdim qilingan hujjat va dallilarni o‘rganib chiqib, 1 aprel kuni O‘FA binosida yakuniy yig‘ilishini o‘tkazdi.

Kun tartibidagi masala yuzasidan O‘FAning Futbol faoliyatini nazorat qilish boshqarmasi tomonidan ishga oid taqdim etilgan ma’lumotlardan hamda Intizom va odob-axloq (etika) qo‘mitasining bildirgan fikr va mulohazalaridan kelib chiqib, yig‘ilish qaror qildi:

1. “Navbahor lochinlari” PFKning sobiq bosh murabbiysi Mo‘minjonov Ilhom 2017 yil mavsumida kelishilgan o‘yinlarni tashkil qilish, jumladan, o‘yin natijasiga ta’sir qilish maqsadida “Navbahor lochinlari” PFKning bir qator futbolchilarini o‘yinni sotishga undagani uchun, O‘FA intizom kodeksining 5.44. bandiga asosan:

- 50.000.000 (ellik) million so‘m miqdoridagi jarimaga tortilsin

- O‘FA Intizom va odob-axloq (etika) qo‘mitasining 2019 yil 2 fevraldagi 01/2019-sonli yig‘ilish qarori bilan 1 (bir) yil muddatga futbol bilan bog‘liq har qanday faoliyatdan chetlashtirilganligini inobatga olib, 4 (to‘rt) yil muddatga futboldagi har qanday faoliyatdan chetlashtirish, umumiy hisobda 5 (besh) yil muddatga chetlashtirilsin.

2. “Surxon” PFK texnik direktori Sharipov Sherzod qo‘mitaga va O‘FAning rasmiy vakillariga surishtiruv jarayonida yolg‘on ko‘rsatma berganligi va qo‘mitani vaziyat yuzasidan qaror chiqarishda chalkashtirishga harakat qilgani uchun 2019 yil futbol mavsumi oxiriga qadar futbol bilan bog‘liq har qanday faoliyatdan chetlashtirilsin.

3. “Surxon” PFK jamoasi sardori Jabborov Dilshod “Navbahor lochinlari” PFKning sobiq bosh murabbiysi Mo‘minjonov Ilhomga 2017 yil mavsumida kelishilgan o‘yinlarni tashkil qilishga yordam berganligi va futbolchilarni o‘yinni sotishga undagani, shuningdek, qo‘mitaning yozma va og‘zaki so‘rovlariga e’tibor bermay uzrli sababsiz qo‘mita yig‘ilishlariga kelmaganligi uchun O‘FA intizom kodeksining 5.52. bandiga asosan 2019 yil futbol mavsumi oxiriga qadar futbol bilan bog‘liq har qanday faoliyatdan chetlashtirilsin.

Shuningdek, yig‘ilish davomida futbol sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar, murabbiylar va futbolchilar kim bo‘lishidan qat’i nazar kelgusida bunday holatlarni sodir etadigan bo‘lsa, belgilangan tartibda jazoga tortilishi ma’lum qilindi.