Navkatlik Sh.O‘ralov hozircha “temir daftar”dan chiqarilmagan
Joriy yilning 31 avgust kuni Zarnews.uz sayti va telegram kanalida chop etilgan “Qo‘shrabotda 100 gektar yeri borlar ham “temir daftar”ga kiritilgan. Nega?” nomli maqolasiga aniqlik kiritildi.
Maqolada qayd etilishicha, “Navkat mahallasida yashovchi Sh.O‘ralov ukasi bilan birga 100 gektarlik fermer xo‘jaligini yuritayotgani uchun ro‘yxatdan chiqarilgan”. Maqolada keltirilgan ana shu ma’lumotga aniqlik kiritish maqsadida Qo‘shrabot tumani 3-sektor vakili Faxriddin O‘rozov bilan bog‘landik.
Navkat mahallasida yashovchi Shavkat O‘ralov haqiqatdan ham muhtoj oilalar “temir daftar” ruyxatida turishini ta’kidladi. Maqoladan so‘ng mazkur xonadon o‘rganilganda, Shavkat O‘ralov 6 nafar oila a’zolari bilan yashaydi. Prezident qaroriga asosan 1 million 320 ming so‘m miqdorida moddiy yordam olgan. Ushbu oilani kambag‘allikdan chiqarish niyatida Sh.O‘ralov tumandagi “Damin ota” fermer xo‘jaligiga, turmush o‘rtog‘i tumandagi “Ishonch” fermer xo‘jaligiga ishga joylashtirilgan.
Mazkur fuqarolarning ishga joylashtirilganligi hamda o‘z arizasiga asosan xalq deputatlari Qo‘shrabot tumani Kengashining navbatdagi sessiyasiga Shavkat O‘ralovni “temir daftar”dan chiqarish tavsiya qilingan.
Shundan kelib chiqqan holda va Qo‘shrabot tumani 3-sektor vakili Faxriddin O‘rozovning ta’kidlashicha, Sh.O‘ralov “temir daftar”dan chiqarilmagan.
Samarqand viloyati iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi.