“Navobod naslli parranda” fermer xo‘jaligi 5 oyda 13,5 million dollarlik mahsulot eksport qildi
Bu haqda “O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi tomonidan Samarqand tumanida “Parrandachilik yo‘nalishida 2022 yilga mo‘ljallangan loyihalar ijrosi” mavzusida jurnalist va blogerlar ishtirokida o‘tkazilgan press-turda ma’lum qilindi.
Dastlab ishtirokchilar tumandagi “Navobod naslli parranda” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi faoliyatiga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi va korxona haqida batafsil ma’lumot olishdi.
- Korxonamizda 500 nafarga yaqin ishchi-xizmatchi mehnat qilmoqda, - deydi ushbu fermer xo‘jaligi rahbari Haydar O‘roqov. - Hozir fermer xo‘jaligimizda 300 ming bosh parranda parvarishlanmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida naslli broyler jo‘jalar, parranda go‘shti, parranda uchun omixta yem mahsulotlari respublikamizning barcha viloyatlariga yetkazib berildi. Shuningdek, 13,5 million AQSh dollarilik parranda go‘shti va omixta yem Rossiya, Tojikiston, Afg‘oniston, Qirg‘iziston hamda Qozog‘iston davlatlariga eksport qilindi.
Shundan so‘ng, press-tur ishtirokchilari Samarqand tumani Ohalik mahallasida joylashgan “Qayumov Tal’at” oilaviy korxonasida eksportbop bedana tuxumi yetishtirish jarayonini ko‘zdan kechirdi.
- 13 ming 500 bosh parranda yetishtiryapmiz, - deydi korxona rahbari Tal’at Qayumov. – Oilamizda besh kishi ish bilan ta’minlangan. Korxonada 100 ming boshdan ortiq bedana parvarishlab, kuniga 60-70 ming dona parhezbop bedana tuxumi olyapmiz. Hozir tuxumlarni mahalliy bozorlarda sotyapmiz. Kelgusida xorij davlatlariga eksport qilish rejalashtirilgan.
Fazliddin Ro‘ziboyev.