Navoiyshunoslar malikasi
25 fevral kuni Samarqand davlat universitetida adabiyotshunos olima Suyima G‘aniyeva xotirasiga bag‘ishlab “Zahmatkash olima siymosi” mavzuida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkaziladi.
Xolis niyat, mustahkam bilim, ta’masiz amalni uyg‘unlashtira olgan kishi ikki dunyo saodatiga erishishi muqarrar. Sharq mumtoz adabiyotining bilimdoni, navoiyshunoslar malikasi (ustoz Najmiddin Komilov ta’biri), o‘zbek olimasi timsoliga aylangan Suyima G‘aniyeva ana shunday saodat sohibasi edi, desak mubolag‘a bo‘lmas.
Suyima G‘aniyeva o‘zbek xalqiga ikki buyuk zot, ikki buyuk ma’naviy sarchashma - Hazrat Navoiy va Mirzo Boburni tuhfa qilgan fevral oyida dunyoga kelgan. Shu tasodif ham Suyima opaning ilmiy-ijodiy hayotini Hazrat Navoiy merosi tadqiqiga bog‘lagan bo‘lsa, ajabmas.
Yigirma uch yoshda Leningradda N.Boldirev ilmiy rahbarligida “Majolis un-nafois”ning matniy tadqiqi bo‘yicha nomzodlik dissertasiyasini himoya qilgan olima butun umrini Sharq mumtoz adabiyotini o‘rganish va targ‘ib etishga bag‘ishladi. XVI-XIX asrlardagi tazkirachilik an’anasi aynan Navoiyning ushbu asari ta’sirida shakllanganligini isbotlab berdi. “Nasoyim ul-muhabbat”, “Mahbub ul-qulub”, “Munshaot” kabi asarlarning tabdili bevosita opaning sa’y-harakati va ishtirokida amalga oshdi.
Ayniqsa, mamlakatimiz istiqlolga erishgan yil Suyima opa uchun juda sermahsul bo‘ldi. “Munojot”, “Nazm ul-javohir”, “Risolai tiyr andoxtan” kabi asarlarni ilk marta nashrga tayyorladi. Navoiy haqida 1991 yilning o‘zida 100 dan ortiq maqola e’lon qildi. Ayniqsa, “Navoiy dastxati”ni Koxi Gulistondan topib, faksimilesini nashr ettirishi fan tarixida muhim voqea bo‘ldi.
O‘zbek adabiyotini o‘rganish bo‘yicha biror fundamental tadqiqot Suyima G‘aniyeva ishtirokisiz amalga oshmagan. Navoiy asarlarining 15 tomlik, ruscha 10 tomlik, 20 va 10 jildlik kulliyotlarini nashrga tayyorlashda Suyima opaning katta xizmatlari bor. Ayniqsa, 10 tomlik ruscha nashrning barcha mas’uliyati Suyima opaning zimmasida bo‘lib, opa ham asosiy tarjimonlardan biri, ham muharrir, ham Rossiyadagi nashr jarayonida O‘zbekiston tomonidan mas’ul shaxs sifatida katta xizmat qildi.
Besh jildlik "O‘zbek adabiyoti tarixi"ning ikkinchi jildi to‘liq Navoiy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan bo‘lib, bu jildning salmoqli qismi ham Suyima G‘aniyeva qalamiga mansub.
U kishining sa’y-harakati bilan “Kalila va Dimna” asari tarjima qilinib, bugungi kungacha 11 marta qayta nashr qilindi.
Sakkokiy, Lutfiy, Bayramxon bo‘yicha jiddiy tadqiqotlar Suyima opaning qalamiga mansub. Sakkokiyning fanga ma’lum bo‘lmagan 2 qasida, Lutfiyning 50 ga yaqin g‘azali opa tomonidan aniqlandi. Bayramxonning turkiy devoni ham olima tomonidan tabdil va nashr qilindi.
Mumtoz adabiyotni o‘rganish va tadqiq etish jarayonida juda ko‘p xato qarashlarni tuzatishda ham Suyima opaning qat’iyati va jasorati qo‘l keldi. Masalan, Navoiyning onasining ismi Salima ekanligi noto‘g‘riligini isbotlab berdi.
Suyima opa umrining oxirigacha ilm zahmatidan chekinmadi. 2016 yili nashr etilgan ikki jildlik “Alisher Navoiy:qomusiy lug‘at”ni yaratishda ham faol qatnashib, 200 ga yaqin ensiklopedik maqola yozdi.
S.G‘aniyeva Samarqand ilmiy muhitini alohida qadrlardi. Hazrat Navoiy saboq olgan bu mukarram shaharga qachon kelsa, albatta fursat topib, Navoiy qadamjolarini ziyorat qilardi. Vohid Abdullayev, Boturxon Valixo‘jayev haqidagi xotiralarni katta bir ma’rifiy kitobga mengzardi.
Suyima opa zahmatli mehnatlari tufayli davlatimiz va xalqimiz e’zozida bo‘ldi, e’tirof va ehtiromda yashadi. Beruniy nomidagi davlat mukofoti sovrindori, “El-yurt hurmati”, “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari hamda O‘zbekiston Qahramoni unvoni bilan taqdirlandi. Bugun u kishi oramizda bo‘lmasa-da hammamiz uchun ardoqli, mehribon va rahnamo siymo sifatida xotiramizda yashamoqda.
Muslihiddin MUXIDDINOV,
Samarqand davlat universiteti professori.