Navro‘z bayrami dunyoning turli burchaklarida qanday nishonlanadi?

Ayni kunlarda sayyoramizda 300 millionga yaqin kishi Navro‘z (Nauruz, Nauriz, Novruz, Nouruz, Nevruz) bayramini nishonlamoqda. Olimlarning qayd etishicha, ushbu bayram 3000 (boshqa ma’lumotlarga 5000) yil davomida Buyuk Ipak yo‘lida joylashgan mamlakatlar bo‘ylab rivojlanib kelgan.

2009 yilda Navro‘z bayrami YuNESKO tomonidan Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritildi, 2010 yilda esa BMT Bosh Assambleyasi 21 mart kunini Xalqaro Navro‘z kuni deb e’lon qildi.

Navro‘z qayerda nishonlanadi?

Bugungi kunda Navro‘z Ozarbayjon, Albaniya, Afg‘oniston, Bosniya va Gersegovina, Gruziya, Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy (Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni va boshqa hududlar), Mo‘g‘uliston, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston, Turkiya, Iroq va O‘zbekistonda nishonlanadi.

Bu bayram Rossiyaning turkiy, kavkaz va eron tillarida so‘zlashuvchi (tatarlar, boshqirdlar, qrim-tatarlar, qumiqlar, lazginlar,  agullar, saxurlar, tabasaranlar, qorachoylar, bolqarlar, kabardinlar, cherkeslar, no‘g‘aylar, ingushlar, Stavropol turkmanlari va tatlar) yigirmadan ortiq tub aholisi uchun an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinadi.

Ba’zi mualliflar O‘rta asr tarixchilari bayram Yamanda “eroncha tarzda” nishonlanganligi haqida yozishadi. Fotimiylar davrida Misrda “Nauruz” olov yoqish, sovg‘alar almashinuvi, qo‘shiq aytish va raqsga tushish kabi barcha o‘ziga xos fors marosimlar bilan birga xalq bayrami sifatida qabul qilingan.

Bayram vatani

Uning kelib chiqishi forslarning Qadimgi Erondagi dunyodagi eng qadimgi dinlardan biri - Quyoshga sig‘inish va zardushtiylikka borib taqaladi. Asta-sekin bayram diniy xususiyatlarini yo‘qotdi va Navro‘z qishloq xo‘jaligi yilining boshlanishi va bahor bayrami bo‘lib qoldi. Eronda Navro‘z rasman yangi kalendar yilning boshlanishi hisoblanadi.

Navro‘z turli xalqlarni birlashtiradi

Barcha mamlakatlarda odamlar ushbu bayramga puxta tayyorgarlik ko‘rishadi: atrof tozalanadi, kambag‘allarga sadaqa tarqatiladi,saxovat ko‘rsatiladi, yaqin qarindoshlarga sovg‘alar ulashiladi, dasturxonga turli xil yegulik va shirinliklar pishiriladi.

Barcha xalqlar bug‘doy yoki yasmiq donlarini o‘stiradi. Islom dini qabul qilinishidan oldingi qadimgi odatga ko‘ra, Navro‘zdan oldingi bir hafta kunlari ajdodlar ruhiga bag‘ishlangan – odamlar vafot etgan qarindoshlarini xotirlagan, kelajakda ularni himoya qilishni so‘rab, qurbonliklar keltirgan.

Ba’zi joylarda yil davomida to‘plangan gunohlarni "yuvish" uchun bayramdan oldingi kechada bir-birlariga suv sepish va oqar suv ustidan sakrash odati saqlanib qolingan.

Xitoyda turmush qurish yoshidagi qizlar bayram paytida tizzagacha daryoga tushib, yangi yildan yaxshi kuyov so‘rab qo‘shiqlar kuylashadi.

Ilgari qrim tatar qizlari navro‘zdan ikki kun oldin fol ochishga hozirlik ko‘rgan, bir ko‘za suvga uzuk, sirg‘a, marjonlar tashlab qo‘yib, ertasi kuni kechasi yig‘ilishgan, qizlardan eng kichigining ko‘zi bog‘lanib, unga idishdagi taqinchoqlarni birma-bir chiqarib, o‘ynoqi tarzda opalari taqdiri va nikohini bashorat qilish vazifasi topshirilgan.

Albatta, bu bayramda mehmondorchilikka katta e’tibor beriladi. Bayram dasturxonida turli xil noz-ne’matlar bo‘lishi kerak. Qoida tariqasida, bu yettita taom. Eng keng tarqalganlaridan biri sumalak (samanu, samanak, somank, somalek).

Xitoyda 7 xil mahsulotdan tayyorlangan yovg‘on bo‘tqasi asosiy bayram taomi hisoblanadi. Navro‘zni nishonlayotgan xitoyliklar chiroyli va yorqin kiyimlarni kiyib, gul olib, ibodatxonaga borishadi.

Afg‘onistondagi bayram dasturxonida 7 xil mevadan tayyorlanadigan kompot, mevalar va yong‘oqlar bo‘lishi kerak. Bayram sharafiga oiladagi har bir bola uchun pishirilgan tuxumlar turli ranglarda bo‘yaladi.

Eronda 7 ta taomdan iborat go‘zal kompozitsiya tayyorlanadi, shuningdek, dasturxonda rangli tuxumlar, yonib turgan sham, oyna, Qur’on kitobi, Hofizning she’rlar kitobi va idishdagi suzib yurgan baliqlar qo‘yiladi. Navro‘zda “Mahi palav”guruch va baliqdan an’anaviy taom tayyorlash ham odat tusiga kirgan.

Qozog‘istonda Yangi yil bayrami qozoq va qirg‘iz oshxonasining milliy sho‘rvasi “Nauriz koje”ni tayyorlash bilan boshlanadi. Odat tusiga ko‘ra sho‘rva omad timsoli va farovonlik ramzi hisoblanadigan sut, go‘sht, sariyog‘, tariq, makkajo‘xori, guruch va suv kabi yettita asosiy mahsulotdan tayyorlanadi.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.