Navro‘zga peshvoz: zamon yangilanadi, odamlar o‘zgaradi, lekin xalq udumlari, an’analari o‘zgarmaydi

Yana ona tuproqning qadrdon xush isini, iliq taftini taratib mayin shamollar esdi. Ona yer uyg‘onyapti.

Qushlar qo‘shig‘i avjida. O‘z tillarida shodon chug‘urlashayotgan bu yeru osmon malaklari, balki qish zaxridan, qahraton qahridan omon qolganlari uchun yaratganga shukronalik shodiyonasini izhor etayotgandir.

Buyuk maqsadu ulkan o‘zgarishlar, ulg‘ayishlar silsilasida kechayotgan yana bir bahor. Kechagina ola chalpoq qor ostida to‘ng‘ib yotgan tuproqqa jon bitdi. Bir kechadayoq ko‘zlarni yashnatib yashil libos kiydi. Shamollar esa zavqdan hushtak chalib yubordi.

Kechagina dildiragan daraxtlar tanida uyg‘onish mo‘’jizasi. Hademay oppoq yoki nimpushti guldastaga aylanadi har biri. Yurtimiz gullar iforiga to‘lib ketadi.

Bu – Navro‘z nafasi. «Qizaloqlar Navro‘z bayramiga atlasu adrasdan ko‘ylak tiktirish havasida chopib qolishdi. Yigitchalar bellashishni boshlab yuborishdi. Axir Navro‘z bayramida kurash musobaqalari bo‘ladi-da. Kelinchak o‘sma ekdi. Qosh o‘smadan suv ichadi, ko‘ngil ko‘ngildan. Ko‘chatlar ekilishiga mo‘ysafidlar bosh-qosh.

Bahorning ilk ne’matlari ismalog‘u yalpizlardan tayyorlanib, tandirdan uzilayotgan issiq yuzli ismaloqchechak, ko‘ksomsaning xushbo‘y hidi dimoqni yoradi. Yetkazganiga shukur. Parisifat kelinchaklar sumalak taraddudida.

Toklar taniga suv yugurdi. Tok zangida kurtaklar jilmaydi. Novdalarning sal tanobi tortilib qaychilanganda ko‘z yoshday tiniq, nordon tomchilar tomchiladi. Qarangki, bu tomchi soch o‘stirar ekan. Kosalar to‘ldirilib qizlar, kelinlar soch yuvishardi.

Majnuntolning nozik novdalariyu barglari qirq kokilga qo‘shib o‘riladi, tolday sollanib, uzun bo‘lsin deyiladi.

Davr yangilanadi, zamon yangilanadi, odamlar o‘zgaradi. Lekin xalq udumlari, an’analari o‘zgarmaydi. Asrdan asrga, avloddan avlodga o‘tib, boyib, takomillashib boraveradi.

Navro‘z xalqimizning ana shunday qayta qadr topgan go‘zal an’anaviy milliy bayramidir. Bu bayram ma’naviyatimiz, milliy madaniyatimiz sarchashmasining asosiy ko‘zlaridan biri. Uning zilol suvlari qalbimizga ilhom, kuch-quvvat baxsh etib, ruhiyatimiz chamanini oziqlantirib turaveradi.

Abduaziz Hoshimov.