Nega buncha qimmat?

Mijoz: - Mana bu ishlarni bajarish qancha turadi?

Usta: - 1500 dollar.

Mijoz: - Nega buncha qimmat?

Usta: - Nima deb o‘ylaysiz, agar bu ishni o‘zingiz bajarsangiz, sizningcha, qanchaga tushishi mumkin?

Mijoz: - Xo‘-o‘-o‘sh, sirtdan qarasangiz, bu ish unchalik qiyin emasdek. Ko‘pi bilan 800 dollar ketsa kerak.

Usta: - 800 dollar evaziga bu ishni o‘zingiz qilishingizni maslahat beraman.

Mijoz: - Lekin... Men... eplolmasam kerak!

Usta: - Mayli! 800 dollar evaziga men sizga bu ishni o‘rgataman. Keyingi safar kerak bo‘lib qolganida, ko‘nikmaga ega bo‘lasiz.

Mijoz: - Qiziqarli taklif. Roziman!

Usta: - Demak, yoningizda o‘zingiz bilan birga payvandlash agregati, elektr arra, drel, qo‘lqop va...

Mijoz: - To‘xtang! Menda bu jihozlarning hammasi yo‘q va men uni faqat birgina shu ish uchun sotib olmayman-ku axir!

Usta: - Unday bo‘lsa, ishlaringizni bitirib olishingiz uchun men sizga o‘z asboblarimni 300 dollarga ijaraga beraman.

Mijoz: - Yaxshi!

Usta: - Kelishdik! Bo‘lmasa, sizni seshanba kuni kutaman.

Mijoz: - Hmm. Seshanba kuni kela olmayman!

Usta: - Kechirasiz, lekin men faqat seshanba bo‘shman. Boshqa kunlar boshqa buyurtmalarni olib qo‘yganman.

Mijoz: - Yaxshi! Unda men rejalarimni o‘zgartirishimga to‘g‘ri keladi...

Usta: - Men barcha kerakli materiallarni yig‘ib olaman, siz ularni seshanba kuni ertalab soat 6 da mashinangizga yuklab olishingiz kerak. Iltimos, kechikmang.

Mijoz: - Ertalab soat 6 da? Yo‘q! Bu men uchun juda noqulay. Bilasizmi, yaxshisi men sizga 1500 dollar to‘laganim ma’qul. Chunki mening o‘zim ham bu ishni qoyilmaqom qilib bajara olishimga ko‘zim yetmayapti va oxir-oqibat bu ish menga ancha qimmatga tushishini tushunib yetdim.⠀

Suhbat pirovardida biz birovning ishi uchun haq to‘laganimizda, nafaqat asbob va materiallar uchun, balki uning

  • bilimi;
  • tajribasi;
  • ta’limi;
  • asboblari;
  • layoqati;
  • professionalligi;
  • ishni o‘z vaqtida aniq bajarishi;
  • ishining sifati, kafolati va xavfsiz bajarilganligi uchun ham haq to‘lashimizni bilib olsak yomon bo‘lmasdi.