Nega davlat tiliga xos terminlarni to‘g‘ri qo‘llamaysiz?
Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 16 martda “Savdo, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish ob’yektlariga nom berishni takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, endilikda tashqi yozuv, peshlavha, reklama va e’lonlar hamda tovar va xizmat ko‘rsatish belgilari davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiq keladigan, milliy qadriyatlarga mos keladigan tarzda qonun talablariga muvofiq ravishda nomlanishiga alohida e’tibor beriladi.
Hukumatimizning mazkur qarorini amalga oshirish uchun joylarda tushuntirish ishlari amalga oshirilmoqda. Ammo sholi kurmaksiz bo‘lmaganidek ushbu qarorlar ijrosini ta’minlashni turli bahonalar bilan paysalga solayotgan fuqarolar ham onda-sonda bo‘lsa-da, uchrab turadi.
Samarqand shahrida davlat siyosati va hukumat qarorlaridan yaxshi xabardor va uning ijrosini o‘z vaqtida amalga oshirishga amal qilib kelayotgan fuqarolarimiz talaygina. Ammo buni tushunib yetsa ham amalga oshirishni xohlamaydigan ba’zi shaxslar ham oramizda borligidan afsuslanib ketasan, kishi. Ba’zilariga davlat tili to‘g‘risida gapirsangiz, ensasi qotadi: “Qachondan beri o‘zbekcha yoziladigan bo‘ldi?” deydi.
“Go‘sht do‘koniga “Myaso”dan ko‘ra “Go‘sht” deb yozsangiz ma’qul emasmi?”, desangiz, do‘kon egasidan “Hamma shunday yozyapti-ku”, degan javob olasiz. Tovuq go‘shti sotuvchisiga: “Kurinniy dom”dan ko‘ra “Tovuq go‘shti” shaklida yozganingiz ma’qul emasmi?”, desangiz u “O‘zbekcha yozsak kulgili bo‘ladi-da”, deb savolimizga e’tiroz bilan javob beradi. “50 milliondan ortiq kishining ona tilisi bo‘lgan o‘zbek tili qachondan beri kulgili bo‘lib qoldi, uka!”, deyish bilan cheklandim, xolos.
Yoki sartaroshga: “Nega “Parikmaxerskaya” deb yozgansiz, ichkaridagi yozuvlaringiz inglizcha-ku”, desam, “Bu yerga turistlar keladi”, degan javobni oldim. Ajabo, 10 kunga keladigan turist Samarqandga kelib soch oldirsa-ya. Mayli, balki shundaydir. Lekin davlat tiliga hurmat shumi? Qonunda ham ko‘rsatilgan muassasa nomi birinchi navbatda davlat tilida, ehtiyoj bo‘lsa, boshqa tilda yozilishi kerak emasmi?
Joylarda o‘zbek tiliga amal qilinishini nazorat qilish bo‘yicha tuzilgan ishchi guruh a’zolari bilan do‘konlardan birining rus tilida yozilgan nomini olib qo‘yishni egasiga tushuntirdik. Yozuvni olayotgan paytimizda yoshgina leytenat uchastka noziri (Geofizika qo‘rg‘onidan joylashgan 6-shahar militsiya bo‘limi hududiga qarashli) menga qarab: “Agar yozuvga va devorga zarar yetkazilsa, buning zararini sizning oyligingizdan jarima sifatida undirib oladi-ya”, deb po‘pisa qildi. Uchastka nozirining menga bergan dashnomi do‘kon egasini ruhlantirib yubordi. “Olmaysizlar!”, deb turib olsa bo‘ladimi?.. Yozuvni bir amallab oldik. Ana endi ertasi kuni o‘sha do‘kon sohibi menga telefon qilib, so‘kina boshladi. Ishchi guruh a’zolari-yu, hokimlikdagilar ham qolmadi...
Bu kabi holatlardan kelib chiqib, yozuvlarni almashtirish jarayonidagi ba’zi bir paydo bo‘lgan masalalarni hal etish borasida o‘zimning tajribamga tayanib tavsiyalarni berishga harakat qildim.
Ba’zilarga qahvaxona, restoranlar peshlavha yoki tashqi yozuvining noto‘g‘ri yozilganiga e’tiroz bildirsangiz, “O‘zbekcha-ku, kafe Yulduz deb yozganman”, deydi. Bu birinchidan, o‘zbek tilining jumla qurilishiga to‘g‘ri kelmaydi, ruscha qolip, o‘zbekchasi esa quyidagicha bo‘ladi: “Yulduz qahvaxonasi”. Ikkinchidan, o‘zbek tilida kafe emas, qahvaxona deyiladi.
Yoki “Bek shashlik” “dostavka” singari peshlavhalarga ko‘zingiz tushib qoladi. Shashlik so‘zi og‘zaki so‘zlashuv nutqiga xos bo‘lib, buning ustiga o‘zbek tilining kirill alifbosida “i” harfi yo‘q. “Shashlik” – adabiy tilda kabob, deb nomlanadi. “Dostavka” so‘zini “Yetkazib berish”, “ Bek shashlik”ni esa “Bek kabobi” shaklida berish maqsadga muvofiq.
Shahar tugul uzoq tumanlarda ham “Mi otkrilis” shaklida yozuvga ko‘zingiz tushadi. Baraka topkur, “Ishni boshladik”, “Faoliyatimizni boshladik” tarzida yozsang bo‘lmaydi, deging keladi.
Ba’zilari esa ruscha jumlalarni o‘zbekchaga qanday yozsak bo‘ladi, degan savol bilan ham murojaat qiladi. Masalan, “Remont glyushitel vse avtomarki, avtogennaya rabota”ni “Barcha rusumdagi avtoulovlar motori ovozini rostlash va avtopayvand ishlari”, “Motor xodovoy zamena masla”ni “Avtoulov motori va yurish qismini ta’mirlash, moyini almashtirish” shaklida berish mumkin.
Ayollar go‘zallik saloni ochgan tadbirkorlar ham o‘zbekchasini topa olmayapmiz, deb qolishadi. Nazarimizda, ularni shunday yozish durustga o‘xshaydi: Go‘zallik saloni. Mijozlarga quyidagi xizmatlarni k o‘rsatamiz: sochni tekislash, sochni qirqish, sochni turmaklash, yuzni pardozlash, tirnoq bo‘yash va hokazo.
Xullas, “Qidirgan imkon topadi”, deganlaridek vatanparvar kishi imkon darajasida ruscha, baynalmilal so‘zlarning muqobillarini topishda ham soha mutaxassislari va tilshunoslar bilan maslahatlashgan holda hukumatimiz qarorlariga og‘ishmay amalga qilishga intiladi. Xohishi bo‘lmagan, eskicha fikrlaydiganlar esa bahona izlash bilan ovora bo‘lib yuraveradi. Lekin har bir kishining ko‘nglida VATAN degan tuyg‘u doimo jo‘sh urib turishi lozim.
Murodqosim Abdiyev,
Davlat tilida ish yuritish va malaka oshirish markazining Samarqand bo‘limi rahbari.