Nega zilzila halokatli bo‘ladi? Yer qimirlashiga sabab nima? Zilzilalar qanday o‘lchanadi?
Turkiyaning Gaziantep hududidagi zilzila kuchi 7,8 ballni tashkil etdi. Bu esa magnituda shkalasi bo‘yicha halokatli deya baholanadi. Uning epitsentri nisbatan sayoz - yer ostida taxminan 18 kilometr chuqurlikda joylashgan bo‘lib, bu yer yuzasida katta vayronagarchiliklarga olib kelgan.
«So‘nggi 10 yil ichida faqat ikkita va undan oldingi o‘n yilda yana to‘rtta shunday kuchli zilzila bo‘ldi», deb tushuntiradi London xavf va ofatlarni kamaytirish instituti rahbari, professor Joanna For Uoker.
«Turkiya janubi va ayniqsa, Suriyada infratuzilma barqarorligi afsuski, bir tekisda emas. Shuning uchun ayni paytda hayotni saqlab qolish asosan tezkorlikka bog‘liq. Keyingi 24 soat omon qolganlarni topish uchun juda muhim. 48 soatdan keyin omon qolganlar soni keskin kamayadi», deb tushuntiradi mutaxassis.
Qolaversa, bu hududda so‘nggi 200 yil ichida kuchli zilzila kuzatilmagan, shu bois tayyorgarlik darajasi muntazam yer silkinishiga o‘rganib qolgan hududlarga qaraganda pastroq.
Xo‘sh, yer qimirlashiga nima sabab bo‘ladi? Ta’kidlash lozimki, yer qobig‘i bir-biriga mahkam bosilgan tektonik plitalardan iborat. Ko‘pincha plita siljiy boshlaydi va qo‘shni plita bilan ishqalanish unga to‘sqinlik qiladi. Bosim kuchayib boradi, bir plastinka to‘satdan joyidan siljiydi va yer sirtini harakatga keltiradi.
Yuz bergan hodisada shimolga qarab harakatlanayotgan arab tektonik plitasi harakatga kelgan va Anadolu plitasi bilan to‘qnashgan.
Plitalarning shunday ishqalanishi o‘tmishda ham halokatli zilzilaga sabab bo‘lgan. 1822 yil 13 avgustda u Turkiya va Suriyada 7,4 magnitudali zilzilani keltirib chiqargan.
Shunday qilib, XIX asrdagi zilzila mintaqadagi shaharlarga katta zarar yetkazgan edi. Birgina Aleppo shahrida 7000 kishi halok bo‘lgan, vayronkor tebranishlar deyarli bir yil davom etgan.
Hozirgi zilziladan keyin ham o‘nlab tebranishlar sodir bo‘ldi va olimlar bu mintaqadagi tendensiya avvalgi yirik zilzilaga teng bo‘lishini kutishmoqda.
Zilzilalar magnituda yoki rixter shkalasi bo‘yicha o‘lchanadi. Bu o‘lchov birligi amerikalik seysmolog Charlz Rixter nomiga qo‘yilgan.
Ushbu shkalaga ko‘ra, odatda sezilmaydigan silkinish 2,5 ballgacha bo‘ladi. Ularni faqat maxsus asboblar yordamida aniqlash mumkin.
5 magnitudali silkinishlar seziladi va kichik zarar yetkazishi mumkin. 8 dan yuqorisi halokatli hisoblanadi.
2011 yil mart oyida Yaponiya qirg‘oqlari yaqinida sodir bo‘lgan 9 magnitudali zilzila quruqlikda katta vayronagarchilikka olib kelgan va bir qator ulkan sunamilarni keltirib chiqargan edi.
Eng kuchli 9,5 magnitudali zilzila 1960 yilda Chilida qayd etilgan.
Zilziladan qanday omon qolish mumkin?
Zilzila vaqtida xavf asosan bino qismlari qulashi, oyna siniqlari, uzilgan elektr simlari, xonadagi og‘ir jihozlar qulashi, yong‘in va vahimadagi noo‘rin xatti-harakatlardan kelib chiqadi.
Ularning oldini olish uchun zilzilaning dastlabki daqiqalaridayoq tezda yerga yotish va xavf manbalari - deraza, televizor, shkaf va boshqa og‘ir jihozlardan uzoqlashishga harakat qilish lozim. Ilgari ko‘p tavsiya etilgan bo‘lsa-da, eshik ostonasida turish xavfdan saqlab qololmaydi. Aslida stol osti, xona burchagi yoki hammom xavfsiz joy hisoblanadi.
Gulnora Xoldorova tayyorladi.