Nemis tilini o‘qitish metodikasi bo‘yicha o‘chmas iz qoldirgan olim
Shunday insonlar yashab o‘tadiki, odamlar uni yaxshi so‘zi, ezgu amali tufayli bot-bot eslab yuradi. Masalan, Samarqand davlat universitetida barakali ishlab, yuzlab shogirdlar orttirgan purhikmat ustozlardan biri Abdurahmon Nurmuhammedov ana shunday olim, ana shunday o‘qituvchilardan edi.
A.Nurmuhammedov 1940 yilning 20 iyulida Ishtixon tumanining To‘qsonovul qishlog‘ida tug‘ildi. 1958 yilda Samarqand davlat universiteti chet tillar fakultetining nemis tili yo‘nalishiga o‘qishga kirdi. 1963 yilda o‘qishni imtiyozli diplom bilan tugatgandan so‘ng, nemis tili kafedrasining o‘qituvchisi lavozimiga ishga olib qolindi.
U mehnat faoliyati jarayonida ham o‘zining faolligini ko‘rsata oldi. 1972 yilda sobiq SSSR Fanlar akademiyasining tilshunoslik instituti Leningrad bo‘limiga aspiranturaga kirib, «Nemis va o‘zbek tillarida boshlang‘ich harakatning ifodalanishi» mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1977-1980 yillarda nemis tili kafedrasining katta o‘qituvchisi, 1980-1985 yillarda kafedra mudiri lavozimlarida ishladi. 1985 yildan 1997 yilgacha nemis tili kafedrasining dotsenti vazifasida, 1997 yildan 2011 yilgacha kafedra mudiri, 2011 yildan umrining oxirigacha roman-german tillari kafedrasi dotsenti vazifasida ishladi.
Domla qisqa, lekin sermazmun hayoti yo‘lida ilm-fan va nemis tilini o‘qitish metodikasi sohasida o‘chmas iz qoldirdi.
Ilmiy yo‘nalishi sohasida 100 dan ziyod ilmiy maqolalarini viloyat, respublika miqyosidagi va xorijiy jurnallarda chop ettirdi. Domla o‘zining ilmiy faoliyati jarayonida nemis tilidaga “als” bog‘lovchisi bilan bog‘langan payt ergash gapli qo‘shma gapni o‘zbek tilidagi payt ergash gapli qo‘shma gapga qiyoslash, o‘zbek guruhlarida nemis tilidagi implitsit hodisalarni o‘rganish, “ur” prefiksining leksik-semantik xususiyatlari va ularning o‘zbek tilida ifodalanishi kabi o‘nlab ilmiy maqolalari bilan yosh olmonshunoslarga mustahkam ko‘prik qurib berdi. Shuningdek, nemis tili fanini o‘qitish metodikasida ham talabalar uchun zarur 10 dan ziyod o‘quv va uslubiy qo‘llanmalar yaratdi. Shu bilan birga Abdurahmon Nurmuhammedov nemis va sharq shoirlari she’riyatining shaydosi edi. Hofiz Sheroziy, Alisher Navoiy, Fuzuliy, Bobur, Gyote kabi mumtoz allomalarning she’rlarini butun vujudi bilan yoddan o‘qirdi.
Domla ajoyib ustoz, zahmatkash olim, yaxshi hamkasb bo‘lishi bilan birgalikda ajoyib oila boshlig‘i ham edi. Domlaning 3 o‘g‘il, 2 qizi oliy ma’lumotli bo‘lib yetishdi.
Abdurahmon aka bugun oramizda yo‘q, lekin farzandlari, shogirdlari, Samarqand davlat universiteti roman-german tillari kafedrasi jamoasi u kishining yorqin xotirasini hech qachon unutmaydi.
Akrom Hasanov,
SamDU roman-german tillari kafedrasi mudiri.