Nensi Pelosining Tayvanga tashrifi: vaziyat qanday tus olishi mumkin?
Kecha butun dunyo matbuotining nigohi Nensi Pelosining Tayvanga tashrifiga qaratilgani bejizga emas. Chunki Xitoy tomoni agar AQSh rasmiysi Tayvanga kelsa, hatto samolyot urib tushirilishini ham istisno qilmagandi.
Shu sababdan bo‘lsa kerak, NHK telekompaniyasi AQShning sakkizta F15 qiruvchi samolyoti vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining samolyotini kuzatib borish uchun Okinavadagi bazadan havoga ko‘tarilganini ham aytib o‘tdi.
Dunyo jamoatchiligi flightradar ilovasi orqali ham samolyot yo‘nalishini kuzatib turdi. Va soat 19:45 da AQShning uchinchi shaxsi samolyoti Tayvanga qo‘ndi. Bir qator xorij telekanallari onlayn translyasiya orqali bu jarayonni efirga uzatdi.
Garchi ikki tomon bayonotlari keskin ko‘rinish olgan bo‘lsa-da, mazkur tashrifni qaysidir ma’noda tinch o‘tdi, deyish mumkin.
Tashrif avvalidayoq Pelosi Amerika Tayvanning demokratiyasini og‘ishmay qo‘llab-quvvatlashga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi. “Bugungi dunyo avtokratiya va demokratiya o‘rtasida tanlov oldida turgan bir paytda, 23 million aholisi bo‘lgan Tayvanning Amerika bilan birdamligi har qachongidan ham muhimroq", dedi Vakillar palatasi spikeri. Uning qo‘shimcha qilishicha, Qo‘shma Shtatlar “status-kvoni o‘zgartirishga qaratilgan bir tomonlama harakatlarga” qarshi.
Bugun Pelosining Tayvandagi ikkinchi kuni mahalliy parlament vitse-spikeri Say Sichan bilan uchrashuvidan boshlandi. Suhbat chog‘ida u AQSh va Tayvan o‘rtasidagi parlamentlararo aloqalarni kengaytirish istagini bildirdi.
Ikkinchi uchrashuv - Tayvan ma’muriyati rahbari Say Inven bilan bo‘lib o‘tdi. U Pelosiga Tayvanning faxriy "Xayrli bulutlar” ordenini topshirdi. Mazkur orden Vashington va Taybey o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishdagi xizmatlari uchun berilgani aytilmoqda.
Xo‘sh, endi nima bo‘ladi? Pekinning "qat’iy va qattiq choralar" haqidagi ogohlantirishlariga e’tibor berilmadi. Oq uy “tashrif suverenitet masalalarini buzish emas”, deb ishontirdi.
Xitoy Mudofaa vazirligi Pelosining Taybeyga tashrifiga javoban bir qator “maqsadli harbiy amaliyotlar”ni e’lon qildi. Vazirlikning tushuntirishicha, mashg‘ulotlar “Xitoyning milliy suvereniteti va hududiy yaxlitligini qat’iy himoya qilishga” qaratilgan.
Rossiya tashqi ishlar vazirligi Xitoy o‘z suverenitetini himoya qilish choralarini ko‘rishga haqli ekanini ma’lum qildi. Xitoy harbiy samolyotlari kechaning o‘zidayoq Tayvan bo‘g‘ozini ajratib turuvchi chiziq bo‘ylab bir necha bor namoyishkorona parvozlarni amalga oshirdi. Bir qancha harbiy kemalar 1 avgustdan buyon Xitoy va Tayvan o‘rtasidagi norasmiy chegara chizig‘i yaqinida turibdi. Hozircha, Xitoy tomonidan berilgan javoblardan yana biri — mamlakatga Tayvanda ishlab chiqarilgan 100 turdagi mahsulotlarga taqiq kiritildi.
Umuman olganda AQSh ayni vaqtda keskinlik yuzaga kelishini istamayotgani ham ma’lum. AQSh tomoni Vakillar palatasining spikeri Nyut Gingrich Tayvanga 1997 yilda tashrif buyurgani, boshqa amerikalik qonunchilar orolda o‘sha yil boshida bo‘lishganini qayd etadi. Shuningdek, prezident Jo Bayden ham Pelosining Tayvanga tashrifi «uncha ham yaxshi g‘oya emas deb hisoblashi»ni aytgandi. Boshqacha aytganda, Bayden ma’muriyati Pelosining orolga tashrifini rasman qo‘llab-quvvatlamagan.
Ammo Milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Jon Kirbi Pelosi Tayvanga borish huquqiga egaligi, Oq uy esa AQSh Kongressi mustaqilligini hurmat qilishini aytgan. O‘z navbatida prezident ham spiker Tayvanga tashrif buyurish huquqiga ega ekani AQShning ko‘p yillik siyosatiga muvofiq, Pekinda ushbu ehtimoliy tashrifni qandaydir inqirozga aylantirish uchun hech qanday sabab yo‘q ekanini ma’lum qilgan.
Ko‘rinadiki, mazkur tashrif ortidan ko‘pchilik xavotirlanganidek, urish kelib chiqish ehtimoli kam. Bu kabi tashrif avval ham bo‘lgan. Biroq, shunisi aniqki bugungi siyosiy vaziyat avvalgidek emas va harbiy bo‘lmasa-da tez orada u yoki bu tomonning “raqibga” qarshi iqtisodiy “yurishi”ni kutishimiz mumkin. Qolganini vaqt ko‘rsatadi.
Gulnora Xoldorova.