Nevara buvisining 10 mingdan ortiq AQSh dollarini o‘g‘irlab, o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborgan
Joriy yilning 10 mart kuni 78 yoshli F.S. Buxoro viloyati Peshku tumani IIBga ariza bilan murojaat qiladi.
Unda noma’lum shaxs uning uyidan 10.600 AQSh dollari miqdoridagi pullarini yashirin ravishda talon-toroj qilganligini ma’lum qilingan, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti.
Ko‘rilgan choralar natijasida ushbu jinoyatni F.S. bilan bir manzilda yashovchi nabirasi 28 yoshli Z.Sh. sodir etganligi aniqlangan.
Z.Sh. uzoq vaqt davomida ushbu pullarni talon-toroj qilib yurganligi, o‘g‘irlangan pullarni o‘zining ehtiyojlariga ishlatganligi, bundan tashqari, o‘g‘irlangan puldan 1.300 AQSh dollarini o‘zining tanishi S.F.ga qarz sifatida berganligi aniqlanib, S.F. dan ushbu pullar ash’yoviy dalil tariqasida rasmiylashtirilib olingan.
Qolgan pullar nimaga ishlatilganligiga aniqlik kiritilganda Z.Sh. o‘z extiyojlariga, ya’ni kiyim-kechak sotib olishga, o‘z avtomashinasiga ehtiyot qismlar va ko‘ngil xushlik uchun sarflaganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Peshku tumani IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “a” bandi (o‘g‘irlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va Z.Sh. gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.