Nobel mukofotini olishda omadi chopmagan mashhur kishilar
Nobel qo‘mitasi qarorlari ba’zida chalkashlik va umidsiz tortishuvlarga sabab bo‘ladi. Mukofot mavjud bo‘lgan uzoq vaqt davomida “o‘z qahramonini topa olmagan” holatlar ko‘p bo‘lgan.
Bugun ushbu mukofotga boshqalarga qaraganda tez-tez da’vogar bo‘lgan, ammo orzu qilingan “sovrin”ni qo‘lga kirita olmagan mashhur kishilar haqida batafsil aytib beramiz.
Mahatma Gandi 5 marta nomzod bo‘lgan
XX asrning eng ta’sirli, shu bilan birga bahsli siyosatchilaridan biri 5 marta Nobel tinchlik mukofotiga nomzod bo‘lgan. Biroq hozirgi kungacha nafrat va qon to‘kilishini kamaytirish uchun Gandiga qaraganda ko‘proq harakat qilgan odamni topish mushkul bo‘lishiga qaramay u bu mukofotga loyiq topilmadi.
Eynshteyn u haqida shunday yozgan edi: “Gandining fikrlaydigan odamlarga ko‘rsatgan axloqiy ta’siri ortiqcha qo‘pol kuch ishlatib natijaga erishishga qaraganda ancha ma’nilidir. Bizga kelajak avlodlarga yo‘l ko‘rsatadigan shunday ajoyib zamondoshni bergan taqdirdan minnatdormiz... Ehtimol, kelajak avlod u kabi oddiy inson foniy dunyoda yashab o‘tganligiga ishonmas...”.
Mark Tven 9 marta nomzod bo‘lgan
Mark Tven Nobel arenasidagi muvaffaqiyatsizliklarga o‘ziga xos tarzda qarar edi. Mukofotdan ko‘ra unga kitobxonlarning e’tirofi muhimroq edi.
Yozuvchining ishlari hamkasblari tomonidan yuqori baholangan. Masalan, Ernest Xeminguey butun Amerika adabiyoti aslida bitta, Mark Tvenning “Geklberri Finning sarguzashtlari” kitobidan kelib chiqqanligini bir necha bor ta’kidlagan.
Gilbert Lyuis 30 martadan ziyod nomzod bo‘lgan
Amerikalik fizikoximik 1912 yilda dastlab o‘z-o‘zidan kimyoviy bog‘lanishning elektron nazariyasini taklif qildi va ishlab chiqdi. U kimyoviy termodinamika, fotokimyo va yadro fizikasi sohasida ko‘p tajribalar o‘tkazgan. Aynan Lyuis nurlanishning eng kichik birligini belgilash uchun “Foton” atamasini kiritgan.
Deyarli har bir ishi uchun Nobel qo‘mitasi uni nomzodlar ro‘yxatiga kiritdi. Ammo har safar munosibroq da’vogar chiqqanligi sababli, u mukofot sohibi bo‘lishga muvaffaq bo‘lmadi. Lyuis Vashingtondagi Milliy Fanlar akademiyasining a’zosi, SSSR Fanlar akademiyasining faxriy a’zosi sifatida o‘z ishini davom ettirdi. 1970 yilda esa Oyning kraterlardan biri uning nomi bilan atalgan.
Zigmund Freyd 32 marta nomzod bo‘ldi
Taniqli avstriyalik psixonalitik Zigmund Freyd nomzodi 32 marta qo‘yilganligiga qaramay, u “haykalcha”ni qo‘lga kirita olmadi. Har safar u mukofotdan bir qadam narida bo‘lardi, chunki komissiya uning ishini yetarli darajada ishonarli emas deb hisoblagan.
Arnold Zommerfeld 81 marta nomzod bo‘lgan
Nobel mukofotining eng omadi chopmagan nomzodi nazariy fizik Arnold Zommerfeld hisoblanadi. O‘zi 81 marta nomzod bo‘lgan olimning 6 nafar shogirdi bu faxriy mukofotga sazovor bo‘lgan.
Zommerfeld mukofot olmaganining bir necha sabablari bor. Birinchidan, raqobatchilar. U Eynshteyn, Plank, Frank va Bor kabi buyuk fiziklar bilan bir vaqtda nomzod bo‘lgan. Ikkinchidan, Nobel qo‘mitasi a’zolariga uning ish uslubi va yo‘nalishi yoqmasdi. Ayniqsa, hakamlar hay’ati tarkibiga kirgan fizika professori Karl Ozeyeyn uni qattiq tanqid qilgan.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.