Nogironligi bo‘lgan shaxslar haqiqatda ishga joylashtirilganmi?
Nogironligi bo‘lgan shaxslar ta’lim olish, mehnat qilish, farzandlarini tarbiyalash, jamiyatning sog‘lom, faol a’zolari qatorida barcha haq-huquqlarga ega. Hech qiziqib ko‘rganmisiz, nogironligi bo‘lgan shaxslar qanday ishga joylashadi, ularga hududiy bandlik bo‘limlari yordam beryaptimi?
Viloyat bandlik bosh boshqarmasidan joriy yil boshidan buyon qancha nogiron shaxslar ishga joylashgani haqida ma’lumot so‘radik. Bizga Samarqand shahridan 3 nafar, Oqdaryo, Urgut, Toyloq tumanlaridan 1 nafardan nogironligi bo‘lgan shaxslarning ishga joylashgani haqida ma’lumot berishdi. Ularning haqiqatda ishga joylashganini bilish maqsadida ular bilan telefon orqali bog‘lanib ko‘rdik.
Samarqand shahrida istiqomat qiluvchi Farida Hayitova bolalikdan II guruh nogironi ekan.
- Avval shahardagi 57-maxsus bolalar bog‘chasida defektolog-logoped vazifasida ishlardim, - dedi u. – Joriy yilning 1 fevralidan maxsus bog‘cha umumiy bolalar bog‘chasiga aylantirildi. Shuning uchun ish o‘rinlari qisqartirilib, ishsiz qoldim. Shahar bandlik bo‘limiga ish so‘rab murojaat qilgandim. 2 apreldan shahardagi 78-MTTga defektolog-logoped bo‘lib ishga joylashdim.
Birinchi qo‘ng‘iroq egasidan yaxshi yangilik eshitdik. So‘ngra Samarqand shahrida istiqomat qiluvchi II guruh nogironi Nilufar Jamilova bilan bog‘lanishga harakat qildik. Biroq telefonni erkak kishi oldi, adashib tushibmiz. Afsuski, II guruh nogironi Nozanin Abduxametovaga qilgan qo‘ng‘irog‘imizni ham notanish qiz ko‘tardi.
Oqdaryo tumanidan II guruh nogironi Dilafro‘z Mardiyeva kotiba vazifasiga ishga olingan ekan. Bir necha bor qo‘ng‘iroq qildik, ammo u bilan bog‘lana olmadik.
Urgut tumanidan berilgan ma’lumotga asosan, II guruh nogironi Sodiq Aliqulovning telefon raqami doim bandligidan ishlamaydigan raqam berilganini fahmladik.
Toyloq tumani Jumabozor qishlog‘ida yashovchi II guruh nogironi Orzibek Xurramov esa o‘zi haqida ma’lumot bermasligini, prokuraturada ishlashini aytdi. Buning ustiga “Sizga telefon raqamimni kim berdi?” deb do‘q urdi.
Mana sizga viloyat bandlik bosh boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlarining nogiron shaxslarni ish bilan ta’minlash masalasida yuritayotgan faoliyati. O‘tgan safar ham "Zarafshon" gazetasida chop etilgan “Internetdagi bo‘sh ish o‘rinlari haqiqatda bormi?” sarlavhali maqolada e’londa berilgan telefon raqamlar ishlamasligi yoki boshqaning nomida ekanini aytgandik. Bu safar ham xuddi shunday holatga duch keldik. Nahotki, viloyat bandlik bosh boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari haliyam eskicha tizimda, ya’ni hisobot uchun ishlayotgan bo‘lsa?! Xo‘sh, bundan kim manfaatdor? Jamiyatmi, odamlarmi yoki bandlik tashkiloti?
Xurshida Ernazarova.