Nogironlik nafaqasiga chiqishning narxi qancha?

Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida hamshira Nafisa Qulliyeva (ism-shariflar o‘zgartirildi) tumandagi A.Navoiy nomli mahallada yashaydigan Botir Jasurovdan uning onasini ikkinchi guruh nogironlik nafaqasiga chiqarib berishni quyuq va’da qilib, 1 million 300 ming so‘m pul olayotganida qo‘lga tushdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamentining Surxondaryo viloyati boshqarmasi, viloyat prokuraturasi, viloyat ichki ishlar boshqarmasi va DXX viloyat boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda hamshira N.Qulliyevadan ushbu pulni tanishi, tumanning Yangi usul mahallasida yashovchi, ishsiz To‘ra Quvonov olganida ashyoviy dalil bilan ushlandi. Shundan so‘ng T.Quvonov tibbiy mehnat ekspertiza komissiyasida uslubchi lavozimida ishlovchi tanishi Qoyilbek Lolayevga mazkur pulning bir millionini berayotganida qo‘lga tushdi.

Mazkur holat bo‘yicha N.Qulliyeva, B.Jasurov va Q.Lolayevga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 1-qismi hamda 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ish qo‘zg‘atildi.