Noqonuniy tarzda 85 million so‘mlik baliq ikrasi olib ketayotgan shaxs to‘xtatildi
Bojxona nazoratini chetlab o‘tishga bo‘lgan urinishlarga qarshi bojxona organlari tomonidan tizimli ravishda chora-tadbirlar qo‘llanilib kelinmoqda.
Jumladan, Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan Samarqand temir yo‘l vokzali yaqinidagi avtoturargohda tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tadbir davomida yurtimizdan tranzit tarzda o‘tib ketayotgan yo‘lovchi poyezdidan tushirib qoldirilgan va fuqaro T.L. tomonidan olib ketilayotgan qo‘l yuklari belgilangan tartibda, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.
Natijada, ushbu shaxsning yuklari orasida bojxona rasmiylashtiruvini tasdiqlovchi tegishli hujjatlari bo‘lmagan, plastmassa qutilarga qadoqlangan, umumiy qiymati 85 million so‘mlik 100 kilogramm baliq ikrasi borligi aniqlandi.
Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.