Norezidentlarning molk-mulkni realizatsiya qilishdan olgan daromadlariga qay tartibda soliq solinadi?

O‘zbekiston Respublikasi norezidentlarining mol-mulkni realizatsiya qilishdan olgan daromadlariga soliq solishning o‘ziga xos xususiyatlari O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 1551-moddasida o‘z aksini topgan. Ushbu modda Soliq kodeksi 155-moddasi uchinchi qismining 3-bandida ko‘rsatilgan mol-mulk bir yuridik shaxs — O‘zbekiston Respublikasi norezidenti tomonidan boshqa yuridik shaxsga — O‘zbekiston Respublikasi norezidentiga, jismoniy shaxsga — O‘zbekiston Respublikasi norezidentiga yoki rezidentiga realizatsiya qilingan taqdirda qo‘llanilanilishini ta’kidlash joiz.

Yuridik shaxs — O‘zbekiston Respublikasi norezidenti tomonidan mol-mulkni realizatsiya qilishdan olingan daromadlar bo‘yicha yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘ini ushlab qolish va to‘lash majburiyati soliq agenti deb e’tirof etiladigan daromadni to‘lash manbaiga (mol-mulkni sotib oluvchining zimmasiga) yuklatiladi.

Mol-mulkni realizatsiya qiluvchi yuridik shaxs — O‘zbekiston Respublikasi norezidenti soliq agentiga mol-mulkni olish qiymatini tasdiqlovchi hujjatlarning ko‘chirma nusxalarini (mavjud bo‘lsa) taqdim etishi shart. Taqdim etilgan hujjatlar asosida soliq agenti yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i summasini Soliq kodeksining 155-moddasi uchinchi qismining 3-bandiga muvofiq aniqlanadigan soliq solinadigan bazadan va 160-moddasining 4-bandida belgilangan stavkadan kelib chiqqan holda hisoblab chiqaradi hamda ushlab qoladi.

Soliq agenti olinayotgan mol-mulkka bo‘lgan mulk huquqi ro‘yxatdan o‘tkazilguniga (rasmiylashtirilguniga) qadar O‘zbekiston Respublikasi norezidentining mol-mulkni realizatsiya qilishdan olgan daromadlari bo‘yicha yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i hisob-kitobini:

yuridik shaxsning — O‘zbekiston Respublikasi rezidentining ustav kapitalidagi aksiyalari, ulushlari (paylari) realizatsiya qilinganda — ushbu yuridik shaxs ro‘yxatdan o‘tkazilgan joydagi davlat soliq xizmati organiga;

ko‘chmas mulk realizatsiya qilinganda — ko‘chmas mulk joylashgan yerdagi davlat soliq xizmati organiga O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan shakl bo‘yicha, mustaqil ravishda yoki vakolatli shaxs orqali taqdim etishi shart.

O‘zbekiston Respublikasi norezidentining mol-mulkni realizatsiya qilishdan olingan daromadlari bo‘yicha yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i hisob-kitobi O‘zbekiston Respublikasi norezidenti qaysi valyutada daromad olayotgan bo‘lsa, o‘sha valyutada tuziladi. Hisob-kitobga mol-mulk oldi-sotdi shartnomasining ko‘chirma nusxasi va sotuvchi tomonidan taqdim etilgan mol-mulkni olish qiymatini tasdiqlovchi hujjatlarning ko‘chirma nusxalari (mavjud bo‘lsa) ilova qilinadi. Agar mol-mulkni olish qiymati hisob-kitob tuzilgan valyutada ifodalanmagan bo‘lsa, u holda ushbu qiymat mol-mulkni olish sanasida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining kursi bo‘yicha hisob-kitob tuzilgan valyutada qayta hisoblab chiqariladi. Davlat soliq xizmati organlari hisob-kitob taqdim etilgan sanadan e’tiboran uch ish kuni ichida soliq agenti yoki uning vakolatli shaxsi nomiga yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘ining hisob-kitob taqdim etilgan sanada O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining kursi bo‘yicha hisoblangan milliy valyutadagi summasi ko‘rsatilgan to‘lov xabarnomasini yozib beradi.

Yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘ining summasi olingan mol-mulkka bo‘lgan mulk huquqi ro‘yxatdan o‘tkazilguniga (rasmiylashtirilguniga) qadar byudjetga to‘lanishi lozim.

Davlat soliq xizmati organlari yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i to‘langanligi faktini tasdiqlovchi hujjat asosida soliq agentiga yoki uning vakolatli shaxsiga olingan mol-mulkka bo‘lgan mulk huquqini ro‘yxatdan o‘tkazuvchi (rasmiylashtiruvchi) organga taqdim etiladigan soliq to‘langanligi to‘g‘risida ma’lumotnoma beradi.

Olinadigan mol-mulkka bo‘lgan mulk huquqini ro‘yxatdan o‘tkazuvchi (rasmiylashtiruvchi) organlar mulk huquqini soliq to‘langanligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma taqdim etilgan taqdirdagina ro‘yxatdan o‘tkazishni (rasmiylashtirishni) amalga oshiradi.

Ushbu modda ikkinchi — sakkizinchi qismlarining qoidalari aksiyalar O‘zbekiston Respublikasi qimmatli qog‘ozlarining birja bozori va uyushgan birjadan tashqari bozorida realizatsiya qilinganda qo‘llanilmaydi.

Aksiyalar qimmatli qog‘ozlarning birja bozori va uyushgan birjadan tashqari bozorida realizatsiya qilinganda O‘zbekiston Respublikasi qimmatli qog‘ozlari bozoridagi hisob-kitob-kliring palatasi soliq agenti deb e’tirof etiladi.

Aksiyalarning oldi-sotdisi bo‘yicha amalga oshirilgan bitimlarga doir savdo yakunlari reyestri asosida soliq agenti hisob-kitob-kliring operatsiyalarini amalga oshirish vaqtida sotuvchining pul mablag‘laridan realizatsiya qilingan aksiyalarning qiymati va Soliq kodeksi 160-moddasining 4-bandida belgilangan stavkadan kelib chiqqan holda yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘ini ushlab qoladi.

Yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i summasi sotuvchining hisobiga aksiyalar qiymatini to‘lash hisobidan pul mablag‘larini o‘tkazish bilan bir vaqtda to‘lov valyutasida byudjetga o‘tkaziladi. Soliq agenti bitim summasi va yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘ining ushlab qolingan summasi to‘g‘risida aksiyalarni sotuvchining talabiga ko‘ra ma’lumotnoma berishi shart.

Soliq agenti yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i hisob-kitobini taqdim etish muddatlarida soliq bo‘yicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organlariga O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan shakl bo‘yicha yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i ushlab qolingan aksiyalar oldi-sotdisi bo‘yicha bitimlar reyestrini taqdim etadi.

Aksiyalarni olish qiymatini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lganda sotuvchi ortiqcha to‘langan yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘ini qaytarish to‘g‘risidagi arizani soliq agentining soliq bo‘yicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organlariga taqdim etish huquqiga ega. Arizaga aksiyalarni realizatsiya qilish va olish qiymatini tasdiqlovchi hujjatlarning ko‘chirma nusxalari hamda soliq agenti tomonidan berilgan bitim summasi va yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘ining ushlab qolingan summasi to‘g‘risidagi ma’lumotnomaning ko‘chirma nusxasi ilova qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi norezidentlarining daromadlari bo‘yicha yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘ining ortiqcha to‘langan summasini qaytarish O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Samarqand viloyati davlat

soliq boshqarmasi axborot xizmati.