Noyob qobiliyati bilan insonlarni hayratda solgan kishilar
Aksariyat odamlar hayoti davomida hech bo‘lmasa bir marta noyob qobiliyat egasi emasliklaridan afsuslanib yurishadi. Stolda turgan biror bir buyumni narigi chetidan o‘zi tomonga ko‘chirish yoki oldingizda turgan insonni ichidan ko‘ra bilish – ko‘pchilik uchun shunchaki orzu bo‘lsa ajabmas.
Bugun bunday orzulari amalga oshgan, hatto zamonaviy ilm-fan yelka qisib qo‘ygan g‘ayrioddiy odamlar haqida gaplashamiz.
Xyum – parvoz odami
Levitatsiya (tortishish kuchini yengib o‘tib, fazoda harakat qilish) qobiliyatiga ega bo‘lgan taniqli odam XIX asrda shotlandiyada yashagan Deniyel Danglas Xyumdir. Guvohlar bir necha marta uning yerdan ko‘tarilib, shift ostida “gorizontal holatda” parvoz qilganini tasvirlagan. 1867 yilda u uch kishi guvohligida uyining yotoqxona derazasidan uchib chiqib, mehmonxona derazasidan qaytib keldi. Xyumning obro‘si benuqson bo‘lib, u hech qachon lo‘ttibozlik va firibgarlikda ayblanmagan. O‘z tomoshalarida mustaqil ekspertlarni, shu jumladan taniqli olimlarni ham taklif qilgan.
Ko‘rshapalak odam
48 yoshli Daniyel Kish velosportni yaxshi ko‘radi. Bu ajablanarli emas, biroq uning ko‘zlari ko‘rmaydi. Shifokorlar tomonidan yoshligida unga retinoblastoma (ko‘z to‘r pardasi saratoni) tashxisi qo‘yilib, murakkab operatsiyada uning ikki ko‘zi ham olib tashlangan. Yangi sharoitga moslashishga harakat qilib, bolakay atrof-muhitda harakatlanishni osonlashtirish maqsadida tilini chertib maxsus tovushlarni chiqara boshladi.
National Geographic nashriga bergan intervyusida Kish o‘zining har bir chertishi to‘g‘risida shunday dedi: “Mening miyam aks-sadolarni dinamik tasvirlarga aylantiradi, bu atrofdagilar bilan suhbat qilishday gap”.
2000 yildan beri Daniyel boshchiligida “Ojiz ko‘zlar dunyosi” kichik notijorat tashkiloti faoliyat ko‘rsatmoqda. Ta’sischining o‘zi va 25 mamlakatdan kelgan 500 nafar ko‘ngillilar ko‘zi ojiz bolalarga ko‘rshapalaklar tomonidan muvaffaqiyatli qo‘llaniladigan exolokatsiya san’atini o‘rgatib kelmoqdalar.
Daniyelning shogirdlari o‘z ustida olib borilgan mehnat natijasida ushbu qobiliyatga ega bo‘lish mumkinligini isbotladilar. Ular velosipedda uzoq sayr qilishadi. Mashg‘ulotlar davom etmoqda.
Bir qarashda alanga
Paraspsixologiyada “pirokinez” atamasi mavjud – u masofadan turib jismlar haroratini oshirib, yonishini keltirib chiqarish qobiliyatidir. Mongoliyalik Batmunxiyn Unurme o‘zining ushbu qobiliyatini boshqara olmaydi – u boqqan narsa alangalanib ketadi. Qora ko‘zoynak ham, vaqtida quyilgan suv ham yordam bermaydi. Natijada ota-onasi qizini qarindoshlari uyiga ko‘chirishdi, chunki tosh uydagi kvartira ularning o‘tov uyidan ko‘ra o‘tga chidamliroq edi. Biroq, fojianing oldini olishning iloji bo‘lmadi. Yong‘in sodir bo‘lganidan so‘ng qo‘shnilar davlatdan qulayroq tovon puli olish uchun uy ataylab yoqib yuborilgan, degan mish-mish tarqatdi. Badbaxt ayol asab kasalligi bilan kasalxonaga yotqizildi.
Rentgen ayol
1987 yil Donetsk shahrining 37 yoshli fuqarosi jiddiy ishlab chiqarish jarohatini oldi: avtokran kabinasiga o‘tirib, tugmachalarni bosdi... to‘satdan yorilish, chaqnash, jarangsiz zarba – 380 voltli zaryad uning tanasini teshib o‘tdi. Shifokorlar o‘lim qayd qilishdi va ayolning tanasi jasadxonaga jo‘natildi.
Bir necha kundan keyin... Yuliya uyg‘ondi. Bu o‘quvchilardan biri uning barmog‘iga kesma qilgan paytda sodir bo‘ldi.
Odamlarni “ko‘ra bilish”ni Yuliya darhol boshlamadi. Olti oy davomida boshi to‘xtovsiz og‘rir edi, u deyarli uxlay olmasdi. Keyinchalik og‘riq chekindi va uning o‘rnini ajoyib qobiliyat egalladi. Avtobus bekatida turgan ayolning “ichki a’zolari harakatini” ko‘rgan Yuliya o‘zini aqldan ozgan deb qaror qildi.
Yuliya Fyodorovna o‘zining mahoratini odamlar manfaati uchun ishlatishga qaror qildi. Donetsk kasalxonasiga ishga kirdi va bir necha bemorning hayotini saqlab qoldi – rentgen ayol hech qachon tashxis qo‘yishida xatoga yo‘l qo‘ymagan. U o‘zining qobiliyatini tushuntirib bera olmaydi: odamlarni shaffofdek ko‘radi.
Yuliya Vorobyova butun dunyoga mashhur bo‘ldi, lekin hech qachon ajoyib qobiliyatidan o‘z manfati yo‘lida foydalanmadi.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.