Nurobodda pastdarg‘omlik bolalar uchun oromgoh quriladi

Oromgoh qurilishi uchun Nurobod tumani hokimining qarori bilan tumanning Oqsoy mahalla fuqarolar yig‘ini Uyrug‘ul qishlog‘idan 4 gektar yer ajratildi.

Mazkur dam olish maskani bir navbatda 220 nafar bola qabul qilish quvvatiga ega. Oromgohda zamonaviy sharoitlarga ega yotoqxonalar, futbol, basketbol, voleybol maydonchalari, suzish basseyni bunyod etiladi. Shuningdek, stol tennisi, shaxmat-shashka o‘yinlari uchun maxsus joylar, madaniy tadbirlarni o‘tkazish uchun amfiteatr, kutubxona, oshxona, tibbiy xizmat ko‘rsatish xonalari bolajonlarga xizmat ko‘rsatadi.

Ayni paytda oromgoh qurilishi uchun yerni tayyorlash ishlari boshlanib ketdi. Qisqa fursatda qurib bitkazilishi rejalashtirilgan bu maskan 2021 yil yozgi ta’tilda bolajonlarni o‘z bag‘riga olishi ko‘zda tutilmoqda.

Olim SONNIBOYeV.