Ob-havo: Qantar og‘gan kuni Samarqandda qor yog‘adi

Samarqand viloyat gidrometeorologiya boshqarmasi bugun – 2 fevral va keyingi uch kunda Samarqandda kutilayotgan ob-havo ma’lumotini e’lon qildi.

Unga ko‘ra, shu kunlari viloyatimizda havo o‘zgaruvchan bo‘ladi: bugun ayrim joylarga yomg‘ir yog‘adi, tuman tushishi mumkin. Sharqdan sekundiga 7-12 metr tezlikda shamol esadi. Harorat kechasi 0-5, kunduzi 8-13 daraja iliq bo‘ladi.

3 fevral kuni yog‘ingarchilik bo‘lmaydi, 4 fevralda ayrim joylarga yomg‘ir yog‘adi, shamol tezligi 15-20 metr/sekundgacha kuchayishi mumkin. Harorat kechasi 0-5, kunduzi 2-7 daraja iliq bo‘ladi.

5 fevral – dehqonlarimiz tili bilan aytganda «qantar og‘gan» kuni viloyatimizning ayrim joylarida qor yog‘adi. Harorat ham pasayadi: kechasi 7-12 darajagacha, kunduzi 2-7 daraja sovuq bo‘ladi.

Ota-bobolarimizning ob-havo borasidagi ko‘p yillik kuzatishlaricha, dalv oyi kunlariga unchalik ishonib bo‘lmaydi. Garchi «Qantar og‘sa, qor turmas», deyilsa-da, ba’zi yillar qahraton cho‘zilib, qantarga izn bergisi kelmaydi. Zero, to‘qsonning turlanishi hech kimga sir emas: «Men to‘qson, bir kunimcha yo‘qsan», deganicha bor. Nima bo‘lganda ham barcha qorning daragidan mamnun. Axir qor – rizq degani.