Odam savdosi bilan shug‘ullangan ayol muddatidan oldin qamoqdan ozod qilindi

  Yurtimiz sud-huquq tizimida olib borilayotgan insonparvarlikka yo‘g‘rilgan adolatli siyosat tufayli jinoyat sodir etgan bo‘lsa-da, xatosini tushunib, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan shaxslarga yengilliklar berilmoqda, tayinlangan jazolardan ozod qilinmoqda.

  Samarqand shahrida yashovchi G.Sharopova ham odam savdosi bilan bog‘liq jinoyat sodir etgani uchun sudning hukmiga asosan 7 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilib, 2013 yil 3 may kunidan buyon jazoni o‘tab kelayotgan edi.

G.Sharopova yaqinda sudga kassatsiya tartibida shikoyat yo‘llab, aybiga to‘liq iqrorligi va qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi, jazoni o‘tash davomida o‘ziga tegishli xulosa chiqarganligi, ayolligini, oilaviy sharoitini, oilasida yagona boquvchi ekanligini inobatga olib, tayinlangan jazoni yengillashtirishni so‘ragan.

Mazkur shikoyat jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi kassatsiya instansiyasida viloyat sudining raisi O.Xayitov tomonidan ko‘rib chiqildi. G.Sharopovaning o‘z xatosini to‘la anglab, jamiyat ravnaqi, oilasi farovonligi va farzandlari tarbiyasiga astoydil ahd qilganligi, jazoni o‘tash muassasasidan ijobiy tavsiflanganligi hamda tuzalish yo‘liga o‘tganligini inobatga olinib, jazo muddati kamaytirildi va sud zalida qamoqdan ozod etildi.

O.QODIROV,

jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudining sudya kata yordamchisi