Odam savdosidan jabrlangan voyaga yetmaganlar qanday identifikatsiya qilinadi?

Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 8 fevraldagi “Odam savdosidan jabrlangan yoki odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxslarni milliy darajadagi qayta yo‘naltirish tizimini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori asosida qabul qilingan Nizomga ko‘ra, voyaga yetmagan shaxslarni odam savdosidan jabrlangan yoki odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan voyaga yetmagan shaxslar sifatida identifikatsiya qilinganda, ularning «Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunda ko‘rsatilgan huquqlari amalga oshirilishi uchun Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiya xabardor qilinadi.

Odam savdosidan jabrlangan yoki odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan voyaga yetmagan shaxslarni identifikatsiya qilish va qayta yo‘naltirishda voyaga yetmagan shaxslarning uy-joyi xavfsizligi, daxlsizligi, xat-xabarlari sir tutilishi, ekspluatatsiya va zo‘ravonlikning barcha shakllaridan, shu jumladan, jismoniy, ruhiy va jinsiy zo‘ravonlikdan, qiynoqlarga solishdan yoki shafqatsiz, qo‘pol yoxud inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa shakldagi muomaladan, huquqbuzarliklar va g‘ayriijtimoiy harakatlar sodir etishga jalb etilishidan himoya qilinishi hamda tarjimon, pedagog yoki psixolog, shu bilan birga qonuniy vakilning ishtiroki ta’minlanadi.

Shuningdek, odam savdosidan jabrlangan yoki odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan voyaga yetmagan shaxslar ota-onasi, ularning o‘rnini bosuvchilar qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bo‘lsa yoki o‘z oilasining qayerdaligini bilmasa, dastlabki identifikatsiyani amalga oshirgan mutaxassis boshqa vakolatli davlat organlari bilan hamkorlikda voyaga yetmagan shaxslar oilasini qidirish yoki ularga vasiylik yoki homiylik belgilash choralarini ko‘radi. Voyaga yetmagan shaxslarni dastlabki identifikatsiya qilish uchun ushbu jarayon ular bilan maxsus jihozlangan xonada, qayd etishning texnik vositalaridan foydalangan holda, ota-onasi yoki qonuniy vakili, homiylik hamda vasiylik organining vakili va psixolog ishtirokida suhbat o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.

Azamat Narziqulov,

Samarqand viloyat moliya bosh boshqarmasi bosh yuriskonsulti.