Odamlar nimadan norozi?
Samarqand viloyat, shahar va tumanlardagi Xalq qabulxonalariga 2021 yilda 23 ming 754 ta masala bo‘yicha 22 ming 540 ta (2020 yilga nisbatan 5327 ta ko‘p) murojaat kelib tushgan.
Viloyat Xalq qabulxonasi mudiri Mamatjon Turdiyevning aytishicha, birgina viloyat Xalq qabulxonasida 3436 ta murojaat ro‘yxatga olingan. Eng ko‘p murojaat Samarqand shahri (1662 ta) va Samarqand tumanidan (394 ta) qayd qilingan. Urgut (283 ta), Past Darg‘om (210 ta), Payariq (168 ta), Oqdaryo (180 ta) va Toyloq (113 ta) tumanlaridan ham yuzdan ortiq murojaatlar kelib tushgan.
Eng ko‘p murojaat kommunal sohadan bo‘lyapti
O‘tgan yili Xalq qabulxonalarida ro‘yxatga olingan murojaatlar orasida eng ko‘pi elektr, gaz, suv ta’minoti (2698 ta)dan bo‘lgan. Bundan tashqari, moddiy yordam (2106 ta), ish bilan ta’minlash (1622 ta), uy-joy va yer bilan ta’minlash (1163 ta), pensiya va nafaqalar (1117 ta), aliment undirish (1709 ta), kredit olish (948 ta) va sog‘liqni saqlash (1049 ta) sohasida murojaatlar nisbatan ko‘p bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual va Xalq qabulxonasiga viloyat aholisidan 2021 yil 20 dekabrdan 2022 yil 5 yanvargacha 1121 ta murojaat tushgan. Ularning 489 tasi gaz, 479 tasi elektr energiyasi, 83 tasi ichimlik suvi ta’minoti bo‘yicha, 52 tasi turar joylarni saqlash va ta’mirlash, 5 tasi ko‘mir bilan ta’minlash to‘g‘risida bo‘lgan.
Murojaatlarning 166 tasi Samarqand shahri, 120 tasi Urgut tumani, 119 tasi Payariq tumani, 109 tasi Past Darg‘om tumani, 100 tasi Kattaqo‘rg‘on tumanidan yo‘llangan.
2021 yilda Xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlarning 75,6 foizi, ya’ni 17 953 tasi qanoatlantirilgan. Bu ko‘rsatkich 2020 yilga nisbatan 15,6 foizga oshgan, chunki 2020 yilda qanoatlantirish darajasi 60 foiz bo‘lgan.
Talab bo‘lsa-da sayyor qabul kamayib boryapti
Davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga ko‘ra, tuman, shahar sektor rahbarlari har hafta kamida bir marta joylarga chiqib, ommaviy qabul o‘tkazishi kerak. Biroq bu talab amalda bajarilmayapti. Chunki, sektor rahbarlari tomonidan 2021 yilda 3161 ta ommaviy sayyor qabul o‘tkazilishi lozim bo‘lsa-da amalda bu ko‘rsatkich 2149 tani tashkil qilgan.
Eng kam Ishtixon (68 marta), Past Darg‘om (98 marta), Bulung‘ur (100 marta) tumani sektor rahbarlari tomonidan ommaviy sayyor qabullar o‘tkazilgan.
Sektor rahbarlari tomonidan o‘tkazilgan ommaviy sayyor qabullarda 20 923 ta masala bo‘yicha 20 574 murojaat ro‘yxatga olingan. Murojaatlarning 11474 tasi ijobiy hal qilingan, 9 054 tasiga tushuntirish berilgan, 41 tasi rad etilgan, 354 tasi o‘rganish jarayonida.
O‘tgan yili, shuningdek, sektor rahbarlari tomonidan 2230 marta yoshlar bilan uchrashuv va qabullar o‘tkazilgan. Ularda 66 108 nafar yoshlar qatnashib, 15 335 ta turli masalalar bo‘yicha murojaat qilishgan. Murojaatlarning 8488 tasi ijobiy hal etilgan, 6367 tasi bo‘yicha tushuntirish berilgan, 480 tasi nazoratda turibdi.
Yoshlar bilan uchrashuv va qabullarning eng ko‘pi Samarqand shahri (173 ta), Urgut tumani (187 ta), Kattaqo‘rg‘on shahri (157 ta) Nurobod (148 ta), Paxtachi (179 ta), Payariq (195 ta) va Qo‘shrabot (148 ta) tumanlarida sektor rahbarlari tomonidan o‘tkazilgan.
Aksincha, yoshlar bilan uchrashuv va qabullar Ishtixon (82 ta) va Bulung‘ur (98 ta) tumanlarida eng kam tashkil qilingan.
Bundan muloqotlarda eng ko‘p kredit olish masalasida (4498 ta), ishga joylashtirish (2976 ta), uy-joy bilan ta’minlash (1218 ta) va moddiy yordam masalasida (666 ta) murojaatlar kelib tushgan.
Ta’sir choralari ham ta’sir qilmayapti
Murojaatlar bilan ishlashda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar uchun 2021 yilda Xalq qabulxonalari tomonidan chiqarilgan taklif va taqdimnomalarga asosan 201 nafar mansabdor shaxslarga nisbatan ta’sir choralari ko‘rilgan. Ammo shunga qaramasdan murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi va muddatlari buzilishi holatlari davom etmoqda.
Masalan, viloyat elektr tarmoqlari korxonasiga yuborilgan 60 ta, xalq ta’limi boshqarmasiga yuborilgan 8 ta murojaatga 30 kunlik muddati o‘tsa-da javob xatlari tizimga kiritilmagan.
Prezident Administratsiyasining topshirig‘iga asosan viloyatda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” hamda “Yoshlar daftari”ga kiritish, ro‘yxatga olingan fuqarolarga zarur yordam ko‘rsatish tahlil va monitoring qilinganda ham bir qator kamchiliklar aniqlandi.
Jumladan, Samarqand shahri 2-sektor hududidagi Ko‘ksaroy mahallasida yashovchi Fariza Bahromova boquvchisini yo‘qotgan bo‘lsa-da “Yoshlar daftari”ga, 4-sektor hududidagi Temiryo‘lchilar mahallasida yashovchi, 1988 yilda tug‘ilgan Laylo Bobomurodovaning ijtimoiy ahvoli og‘irligiga qaramasdan “Ayollar daftari”ga kiritilmagan.
Kattaqo‘rg‘on shahri 4-sektor hududidagi Go‘zalkent mahallasida yashovchi, 1992 yilda tug‘ilgan Uzoqovaning turmush o‘rtog‘i II guruh nogironi, 1 nafar voyaga yetmagan farzandi bor. Og‘ir oilaviy sharoitda, onasining qaramog‘ida yashayotgan bu fuqaro “Yoshlar daftari”ga kiritilmagan.
Bu kabi kamchiliklar barcha shahar va tumanlardagi sektorlarda mavjud.
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” ishlari yakunlanmagan
2021 yilda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturi doirasida 28 ta qishloq va 4 ta mahallada qurilish, ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish belgilangan. Ammo o‘tkazilgan manitoringlar natijasi shuni ko‘rsatadiki, dasturga kiritilgan qishloq va mahallalardagi ishlar to‘liq yakunlanmagan.
Xususan, Samarqand, Kattaqo‘rg‘on, Urgut tumanlari va Samarqand shahrining ko‘plab fuqarolaridan elektr energiyasi, gaz, suv va yo‘l masalasida boshlangan ishlar oxiriga yetkazmaganligidan norozilik murojaatlari kelib tushmoqda.
Jumladan, Urgut tumani "Vatkan-Qo‘zibek" mahallasida tuman elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan olib kelingan 1 ta yangi transformator o‘rnatish ishlari to‘liq tugatilmagan, hududda o‘rnatilgan 27 ta beton ustunlarga 1,2 kilometr elektr tarmog‘i tortilmagan.
Hududdagi 100 o‘rinli yangi maktabagacha ta’lim tashkiloti jihozlanmagan.
Nima qilish kerak?
"Albatta, qayd etilgan holatlar bir qator xulosalar chiqarishni taqozo qiladi. Zotan, amaldagi tartibga ko‘ra, murojaatlar belgilangan muddatlarda tahlil qilib borilishi, kelgusi faoliyat yo‘nalishlari shunga moslanishi zarur. Biroq yuqorida qayd qilinganidek, ayrim mutasaddilar bu talabni yoddan chiqarib qo‘ymoqda.
Shu bois, xalq deputatlari viloyat Kengashining ellik beshinchi sessiyasida murojaatlar bilan ishlash tahlilidan kelib chiqib, ayrim takliflarni bildirdim.
Xususan, viloyatdagi elektr, gaz, suvoqova va boshqa kommunal xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar mas’ullari tomonidan murojaatchilarning talablarini hal etishda qonun talablariga hamda me’yoriy hujjatlarga qat’iy amal qilish choralarini ko‘rish kerak. Negaki, murojaatlarning katta qismi ayni shu yo‘nalishda kelib tushmoqda. Qayd etilgan korxonalarning mas’ul xodimlari tomonidan murojaatlar bilan ishlashda qonunda belgilangan tartibga amal qilmaslik holatlari aniqlanganda qat’iy chora ko‘rishni yo‘lga qo‘yish lozim.
Bundan tashqari, viloyat bandlik bosh boshqarmasi bilan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar va davlat tashkilotlari o‘rtasida axborot almashuvida majburiy bo‘lgan qo‘shimcha ko‘rsatmalar ishlab chiqilishini yo‘lga qo‘yish zarur. Chunki, ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish bo‘yicha kelayotgan murojaatlar salmog‘i ham kam emas. Shu bois, bo‘sh va vakant o‘rinlar soni to‘g‘risida real ma’lumot bazasini tashkil qilish ayni muddao bo‘ladi.
O‘z navbatida boshqarma bo‘sh ish o‘rinlarini yashirib yoki bu haqda noto‘g‘ri ma’lumot bergan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar, davlat tashkilotlari rahbarlariga nisbatan qonunda belgilangan tartibdagi tegishli choralar ko‘rilishini qat’iy yo‘lga qo‘yishi kerak", deya fikrlarini bayon etgan viloyat Xalq qabulxonasi mudiri.