Odamlari uy qurishdan oldin issiqxona quradigan mahalla

Yurtimizda tomorqadan unumli foydalanish, har bir hududni ma’lum bir turdagi mahsulot yetishtirishga ixtisoslashtirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Boshqa hududlarda endi qo‘llanilayotgan bu tajriba Paxtachi tumanining Quvondiq mahallasida bir necha yildan buyon qo‘llaniladi. Mahalla ahlining asosiy qismi tomorqasida issiqxona tashkil qilib, pomidor, bodring, ko‘kat yetishtirish bilan shug‘ullanadi.

– Yoshim ellikdan oshdi, esimni tanibmanki mahallamiz aholisi issiqxonada mahsulot yetishtirib ro‘zg‘or tebratadi, – deydi Quvondik mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Berdilla Egamberdiyev. – To‘g‘ri, eski issiqxonalarni bugungilari bilan solishtirib bo‘lmaydi. Ota-bobolarimiz o‘z davri imkoniyatidan kelib chiqib tomorqadan daromad olgan. Bugun esa imkoniyat katta. Mahallamizdagi 543 ta xonadonda 776 ta oila yashaydi. 3200 nafardan ko‘proq aholimiz bor, lekin hududda zavod, fabrikalar yo‘q. Aholining asosiy daromad manbai tomorqa. Deyarli har bir xonadonda issiqxona tashkil qilingan. Bu mahallada yashamoqchi bo‘lgan odam, albatta, tomorqasida issiqxona qurishi kerak. Chunki, ikki kishi uchrashdimi, faqat issiqxona, unda yetishtirilayotgan mahsulot haqida suhbat quradi. Issiqxonasi bo‘lmagan odam mahallaga, suhbatga qo‘shila olmaydi-da.

Mahalla raisining so‘zlarida jon bor. Kuzatuvlarimiz davomida har bir xonadonda issiqxonaga mavjudligiga guvoh bo‘ldik. Boshqa hududlardagi issiqxonalardan farqi – Quvondiqda issiqxonalar hech qanday yonilg‘i bilan isitilmaydi. Tabiiy issiqlik asosida mahsulot yetishtiriladi. Shu bois, mahallada mahsulot yetishtirishda o‘ziga xos yondashuv bor.

– Mahallamiz ahlining bor daromadi issiqxonadan, – deydi Homid aka Qalandarov. – To‘ylarimiz ham, uylarimiz ham peshona terimiz bilan topilgan daromad evaziga bo‘ladi. Shundanmi, odamlar orasida hayotidan noliydiganlar uchramaydi. Mehnat qilgan odam rohatini ko‘radi. Har yili tomorqamda tashkil qilgan issiqxonamda ikki marta ko‘kat, bir marta pomidor va bodring yetishtiraman. Xullas, yil davomida yer bo‘sh turmaydi, o‘zimiz ham tinmaymiz. Ayni paytda 10 sotix yerda bodring, 5 sotixda pomidor yetishtiryapmiz. Bu yilgi hosildan 70 million so‘m atrofida daromad qilishni mo‘ljallab turibmiz. Nasib etsa, daromadimizdan to‘ng‘ich o‘g‘limga uy quramiz.

Quvondiqliklarning ajoyib odati bor ekan. Yangi oilaga atalgan tomorqa yerga uy qurishdan oldin issiqxona qurib, yosh oilaga asosiy daromad manbai tashkil qilinar ekan. Mahallaning yoshi ulug‘lari ta’kidlashicha, bu yerdagi oilalarda iqtisodiy, maishiy-turmush masalalarida hech qanday muammo yuzaga kelmas ekan. Chunki, oila a’zolarining hammasi ish bilan band, doimiy daromad manbaiga ega. Ortiqcha vaqt bo‘lmaganidan keyin o‘rinsiz bahs-munozara ham bo‘lmaydi-da. Qo‘li ishlamagan odamning tili ko‘p ishlashi oqibatida oilada turli gap-so‘zlar yuzaga keladi-da, deyishadi quvondiqliklar.

– Mahallamiz an’anasiga muvofiq, tomorqa yerimizda dastlab issiqxona qurish uchun “Mikrokreditbank” Ziyovuddin filialidan 30 million so‘m kredit oldik, – deydi yosh oila sohibi Diyor Qo‘ldoshev. – 4,5 sotix yerda issiqxona tashkil qilib, bugun bodring yetishtiryapmiz. Ko‘rib turganingizdek, yaqin kunlarda dastlabki hosilni bozorga chiqaramiz. Mehnat qilgan odam rohatini ko‘radi, degan gap rost ekan. Ekkan nihollarimiz rivojlanib, hosili ko‘zga tashlangan sari kishining ko‘zi quvnab, rohat olarkan.

Mahalla raisining ta’kidlashicha, aholi tomonidan yetishtirilayotgan mahsulotlar nafaqat tuman, viloyat, balki qo‘shni viloyatlar, hatto Qozog‘istongacha yetib boradi. Mavsum davomida mahalladan kuniga 15-20 tonnagacha pomidor, bodring savdoga chiqariladi. Ayni paytdagi asosiy muammo mahsulotni xaridorga yetkazish masalasi bilan bog‘liq. Bu ham viloyat hokimi bilan bo‘lgan muloqotda ko‘rib chiqilgan. Viloyat hokimi mahalla hududida to‘plash va eksportga yo‘naltirish uchun maxsus markaz tashkil etishda ko‘mak berilishini ma’lum qilgan.

G‘.HASANOV,

A.ISROILOV (foto).