Odamlarning hayotdan rozi bo‘lib yashashi uchun barcha sharoitlarni yaratish – bosh maqsadimiz
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi islohotlar, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va yirik loyihalar bilan tanishish maqsadida 11 yanvar kuni Samarqand viloyatiga tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbari 2018 yil 17-18 mart kunlari viloyatga tashrifi chog‘ida ko‘plab istiqbolli loyihalar bilan tanishgan, tuman va shaharlarda qurilish-bunyodkorlik ishlari ko‘lamini kengaytirish, sanoat, turizm, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish va servis sohalarini jadal rivojlantirish, aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish yuzasidan vazifalar belgilab bergan edi.
O‘tgan vaqt mobaynida mazkur topshiriqlar ijrosi doirasida muayyan ishlar amalga oshirildi. Sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish va servis yo‘nalishlarida umumiy qiymati 1 ming 142 ta loyiha ishga tushirilib, 10 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi.
2018 yilda Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy kompleks rivojlantirish dasturi doirasida sanoat yo‘nalishida jami 88 ta loyiha amalga oshirilib, 1 trillion 322 milliard so‘mdan investitsiyalar o‘zlashtirildi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hajmi 58 million 267 ming dollarni tashkil etdi.
Prezidentimiz Samarqand viloyatiga tashrifini Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qilishdan boshladi. Qur’on tilovat qilindi.
Ma’lumki, 2016 yili Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasi ochilish marosimida davlatimiz rahbari Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi yonida ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish taklifini ilgari surgan edi. Keyinchalik davlatimiz rahbari ushbu markaz loyihasi va qurilishi bilan bir necha bor tanishdi, muhim tavsiyalar berdi. Bugungi kunda qurilish va pardozlash ishlari nihoyasiga yetkazildi.
Shavkat Mirziyoyev ushbu markazda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.
Markaz Imom Buxoriy va boshqa mutafakkir allomalarimizning bebaho ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish, ular yaratgan asarlarning ilmiy-izohli tarjima va qiyosiy matnlarini nashr etish, mamlakatimiz va xorijiy davlatlardagi kutubxonalar, arxiv fondlarida saqlanayotgan qo‘lyozmalarning elektron nusxalarini to‘plash, ularni xalqimiz va jahon jamoatchiligiga yetkazish bilan shug‘ullanadi. Bu yerda ajdodlarimizning boy merosini alohida-alohida o‘rganish, yetuk mutaxassislar tayyorlash uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Markazning birinchi qavatida muzey tashkil etilgan. Unda Imom Buxoriyning hayoti, ilmiy safarlari aks etgan. Muzey markaziga «Sahihi Buxoriy» kitobining qadimiy qo‘lyozma nusxasi qo‘yilgan.
Muzey bilan tanishar ekan, Prezidentimiz bu joy ziyoratchilarga Imom Buxoriy haqida keng tasavvur berishini, bilimini boyitishini ta’kidladi.
Dunyo xaritasida yana bir ilmiy markaz paydo bo‘ldi. Bu markaz mamlakatimizga ilm, baraka olib keladi. Yoshlarimizga bilim, kuch beradi. Bu yerda o‘qiganlar, ziyoratga kelganlar katta ma’naviyat, ma’rifat oladi, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Markaz tomonidan o‘tgan vaqt mobaynida buyuk allomalarimiz merosini o‘rganish, keng targ‘ib qilish, nufuzli xalqaro markazlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Yevropa va Sharq mamlakatlari, dunyodagi yetakchi islom tadqiqot markazlari, universitetlar bilan aloqalar o‘rnatildi. Jumladan, Buyuk Britaniyaning Oksford islom tadqiqotlari markazi, Kembrij universiteti, “Al-Furqon” fondi, Britaniya muzeyi, Fransiyaning Arab dunyosi instituti, Fransiya milliy kutubxonasi va boshqa ilm-fan maskanlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Markaz ilmiy xodimlari tomonidan “Imom Buxoriy ta’rifi”, “Alouddin Usmandiy Samarqandiy hayoti va ilmiy merosi”, “Lubobul hadis" asari kabi 17 ta kitob nashrga tayyorlandi. Xorijiy mamlakatlarning kutubxona fondlarida saqlanayotgan 535 ta qo‘lyozma va toshbosma asarlarning elektron nusxalari olindi. Markazda saqlanayotgan 1 ming 168 asarning katalogi tayyorlandi.
Davlatimiz rahbari qo‘lyozma kitoblarni avaylab saqlash, tarjima qilib xalqqa yetkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Imom Buxoriy ilmiy-tadqiqot markazi bilan birga oliy diniy ta’lim muassasasi – Hadis ilmi maktabi ham bunyod etilgan. Shavkat Mirziyoyev ushbu maktab bilan ham tanishdi.
Hadis ilmi maktabida o‘qish muddati besh yil. Maktabga arab tilini puxta o‘zlashtirgan, hadislarni yod olishga salohiyati bo‘lgan o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarining 10 nafar iqtidorli bitiruvchisi saralab olingan. Maktabda hadisshunoslik fanlari bilan bir qatorda Qur’oni karim, fiqh, aqida, tafsir, islom tarixi kabi fanlar hamda xorijiy tillardan chuqur bilim beriladi.
Buyuk ajdodlarimiz asos solgan Hadis ilmi maktabi faoliyatini tashkil qilish mamlakatimiz ma’naviy taraqqiyotining bugungi bosqichida muhim ahamiyat kasb etadi. Tashkil etilgan muassasa oldiga hadis ilmining ilmiy-nazariy asoslarini puxta o‘rganish, xorijiy tillarni chuqur o‘rgatish, mashg‘ulotlarni «Ustoz – shogird» an’analari asosida tashkil etish, dunyoviy davlatda diniy qadriyatlarni asrab-avaylash, hadis ilmi ulamolari asarlarining ilmiy-izohli tarjima va qiyosiy matnlarini tayyorlash, o‘zbek va xorijiy tillarda nashr etish, ilmiy seminarlar, konferensiyalar tashkil etish, eng muhimi, «Jaholatga qarshi – ma’rifat» shiori asosida murosasizlik, ekstremizm va terrorizmning har qanday ko‘rinishlariga ilm-ma’rifat, yuksak odob-axloq bilan qarshi turishdek katta vazifalar qo‘yilgan.
Kelajakda Hadis ilmi maktabi bitiruvchilari diniy fanlar, xususan, hadis ilmi sohasida ta’lim berib, diniy tashkilotlarda imom-xatib, ilmiy xodim vazifalarida ishlashi, shuningdek, ilmiy-tadqiqot markazlarida ilmiy xodim sifatida faoliyat olib borishi ko‘zda tutilgan. Bitiruvchilar ta’limni o‘z ixtisosligiga ko‘ra, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi magistraturasida, tayanch doktorantura va doktorantura bosqichlarida davom ettirishi mumkin.
Prezidentimiz maktabda o‘qitish uslublarini takomillashtirish, xalqaro ilmiy markazlar bilan hamkorlikni rivojlantirish zarurligini ta’kidladi.
Shavkat Mirziyoyev Samarqand tumani Qorasuv massivida qurilayotgan zamonaviy uy-joylarni borib ko‘rdi.
Prezidentimiz hududlarga tashrifi chog‘ida eng muhim ijtimoiy-iqtisodiy loyihalar qatori aholi uchun qulay turmush sharoiti yaratish masalasiga alohida e’tibor qaratadi. Samarqand viloyatida ham keyingi yillarda bu borada salmoqli ishlar qilinmoqda.
Jumladan, Samarqand shahri aholisining uy-joyga ehtiyoji yuqoriligini inobatga olib, 2018 yilgi dasturga qo‘shimcha ravishda ko‘p qavatli arzon uylar qurish kiritilgan edi. Shunga muvofiq, Samarqand tumani Qorasuv massividan Samarqand shahri uchun 50 gektarga yaqin yer ajratilib, keng ko‘lamli bunyodkorlik-obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.
2018 yilning o‘zida “O‘zshaharqurilishinvest” injiniring kompaniyasi buyurtmasi asosida jami 1 ming 344 xonadondan iborat 7 qavatli 32 ta arzon uy barpo etildi. Bundan tashqari, “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi tomonidan Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya xizmatchilari va yosh oilalarga mo‘ljallangan 5 qavatli 12 ta turar joy qurib, foydalanishga topshirildi. Shu bilan birga, hududda xususiy bog‘cha, ichki ishlar bo‘limi binosi, savdo va maishiy xizmat majmuasi, “Registon” supermarketi qurib bitkazildi. 540 o‘rinli maktab qurilishi yakunlanmoqda.
Shu tariqa bu yerda qisqa fursatda zamonaviy massiv qad rostladi. Yangi uylarda odamlarning hayotdan rozi bo‘lib yashashi uchun barcha qulayliklar e’tiborga olingan. Har bir xonadon individual isitish qozonlari bilan ta’minlangan. Uylar oldida bolalar o‘yin maydonchalari barpo etilgan.
Davlatimiz rahbari Jasur Tursunqulov va Jamshid Kattaqulovlar oilalari ko‘chib o‘tgan xonadonlarni kirib ko‘rdi, uy sohiblari bilan suhbatlashdi.
Shu yerda Qorasuv massivida 2019 yilda foydalanishga topshiriladigan uylar, jumladan, “Agromir bildings” kompaniyasi tomonidan Turkiyaning zamonaviy texnologiyasi asosida monolit usulida barpo etilayotgan 16 qavatli turar joylar, kommunal soha infratuzilma ob’yektlarining loyiha ko‘rinishidagi taqdimotlari o‘tkazildi.
Yangi massivda “O‘zshaharqurilishinvest” injiniring kompaniyasi tomonidan 12 ta, “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi tomonidan 7 ta uy qurilishi jadal olib borilmoqda.
Prezidentimiz turar joylar qurilishining odamlar hayotidagi, hudud infratuzilmasidagi ahamiyati haqida to‘xtaldi.
Samarqand turizm markazi bo‘lishi kerak. Shuning uchun bu yerda ko‘p qavatli uylar qurilishini ko‘paytiramiz. Shaharda eng zamonaviy talablarga javob beradigan uylar qurib, aholini ta’minlaymiz. Uylarni qurishdan oldin uning egasi, qaysi qavatda, necha xonali uyda yashashigacha aniq bo‘lishi lozim, dedi davlatimiz rahbari.
Samarqand seysmik jihatdan qulay hududda joylashgani bois kelajakda Kattaqo‘rg‘on, Urgut, Paxtachi, Narpay, Qo‘shrabot tumanlari markazlarida ham ko‘p qavatli uylar qurilishi zarurligi ta’kidlandi.
Mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, jumladan, yog‘-moy mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish, tarmoq korxonalarida zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Toyloq tumanidagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, o‘simlik yog‘i ishlab chiqarish va qadoqlashga ixtisoslashtirilgan “Pet Agro Oil” qo‘shma korxonasi 2017 yilda Shimoliy Irlandiyaning “Nortec Estate LLP” kompaniyasi hamda O‘zbekistonning “Tony Green” firmasi tomonidan tashkil etilgan.
Ayni paytda korxona faoliyatini kengaytirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Italiya, Avstriya, Turkiya, Shveysariya, Hindiston, Bolgariya va Xitoydan 7 million dollarga zamonaviy texnologiyalar keltirib o‘rnatildi.
Korxona to‘liq quvvat bilan ish boshlagach, 800 kishining bandligi ta’minlanadi. Kuniga 350 tonna o‘simlik yog‘i, 3 ming tonna tomat pastasi, 2 ming 500 tonna olma konsentrati ishlab chiqariladi.
Shu yerda Samarqand viloyatiga biriktirilgan O‘zbekiston Respublikasining Turkiya, Xitoy va Ispaniya davlatlaridagi elchixonalari hamda Afina shahridagi Bosh konsulligi ko‘magida amalga oshiriladigan loyihalar, viloyatda intensiv bog‘lar, paxta-to‘qimachilik klasterlari tashkil etish, suv tejaydigan texnologiyalar, parrandachilikni rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish ishlari taqdimotlari o‘tkazildi.
Davlatimiz rahbariga Xitoyning “Henan Wanbang Selected Supply Chain Management Co.LTD” kompaniyasi tomonidan chorvachilik klasteri qurish loyihasi, Bulung‘ur, Jomboy va Payariq tumanlarida chorvachilik klasteriga tanlangan yer maydonlari, aholi tomorqasidan samarali foydalanish va “Tomorqa xizmati” MChJ faoliyatini kengaytirish vazifalari haqida ma’lumot berildi.
Samarqand tumanidagi “Afrosiyob Parranda” MChJ Samarqand, Toshkent, Andijon va Surxondaryo viloyatlarida omixta yem hamda premiks ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirgan. Surxondaryoda 2019 yilning to‘rtinchi choragida 6,6 million yevro evaziga yiliga 50 ming tonna omixta yem tayyorlaydigan korxona barpo etiladi.
Prezidentimiz Turkiyadagi elchixona tomonidan qishloq xo‘jaligi uchun dori vositalari va o‘g‘itlar, tomchilatib sug‘orish uskunalari, traktor, polipropilendan ip-kalava, sendvich panel ishlab chiqarish, Samarqand shahrida 130 o‘rinli mehmonxona qurish loyihalari bilan tanishdi.
Ispaniya qirolligidagi elchixona viloyatda zamonaviy qurilish materiallari, issiqxona qurish uchun asbob-uskunalar ishlab chiqarish, paxta uchun tomchilatib sug‘orish tizimini joriy etish hamda qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘ini tayyorlash zavodi qurish loyihalarini amalga oshiradi.
Shavkat Mirziyoyev ushbu loyihalarning asosi, samaradorligi bilan qiziqdi. Ular yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berib, xorijiy tajribani o‘rganish, kerak bo‘lsa, chet eldan konsultantlar jalb etish zarurligini ta’kidladi.
Samarqand viloyatida 37 ming gektardan ziyod lalmi yer maydonlaridan foydalanilmayotgani, ularni ishga solib, aholini ish va arzon mahsulotlar bilan ta’minlash mumkinligi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari Samarqand shahrining Universitet xiyobonida qurilayotgan Konfutsiy maydonida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Konfutsiy eramizdan oldingi 551 yilda tug‘ilgan. Xitoy madaniyati asoslarining yaratilish davrini boshlab bergan. Konfutsiy ta’limoti asoschisi, siyosiy arbob sifatida tanilgan.
2014 yilda Shanxay xorijiy tillar universiteti va Samarqand davlat chet tillar instituti o‘rtasida imzolangan o‘zaro hamkorlik shartnomasiga muvofiq, chet tillar instituti qoshida Konfutsiy instituti tashkil etilgan edi.
Prezidentimizning avvalgi tashrifi chog‘ida berilgan topshiriqlarga muvofiq, Samarqand davlat universiteti yonida buyuk mutafakkir Konfutsiy haykali o‘rnatildi. Haykal atrofidagi maydonda qadimgi Xitoy an’analariga xos ayvonlar barpo etildi.
Samarqand davlat universitetiga qarashli 9 qavatli o‘quv va ma’muriy binoda qurilish ishlari amalga oshirilib, uning har bir qavati rivojlangan mamlakatlarning nufuzli oliy ta’lim muassasalari andozalariga moslashtirildi.
Bu yerda xalqaro ta’lim dasturlari markazi tashkil etilmoqda. Unda Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Hindiston va Yevropa Ittifoqi davlatlari universitetlaridagi eng yaxshi tajribalar o‘rganiladi. Mamlakatimiz tarmoqlari uchun zarur malakali mutaxassislar tayyorlanadi. Talabalar ikki yil ushbu markazda ta’lim olsa, keyin xorijda o‘qishni davom ettiradi.
Prezidentimiz markaz loyihasi bilan tanishib, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Shu yerda Samarqandda turizmni rivojlantirish, kongress-xoll va mehmonxonalar qurishga oid va boshqa loyihalar namoyish etildi.
O‘n to‘rt gektardan ziyod maydonda bunyod etiladigan kongress-xollda yirik xalqaro anjumanlar o‘tkazish uchun barcha sharoit yaratiladi. Uning atrofida besh yulduzli ikkita zamonaviy mehmonxona, biznes markazlar va boshqa ob’yektlar quriladi.
Bugungi kunda Samarqand viloyatida 540 dan ziyod turistik ob’yekt, 119 ta mehmonxona, 23 ta uy mehmonxona, 127 ta turoperator faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘tgan yili viloyatga 2 million 400 mingdan ziyod mahalliy va xorijlik sayyoh tashrif buyurgan. Ayni paytda viloyat turizm salohiyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda. Indoneziyaning «Sahid group» kompaniyasi bilan hamkorlikda ikkita zamonaviy mehmonxona qurilmoqda. Urgut, Samarqand, Nurobod kabi qator tumanlarda yangi turistik marshrutlar tashkil etish ishlari boshlangan.
Davlatimiz rahbariga turizmni rivojlantirish bo‘yicha “Smart Chain” kompaniyasi tomonidan “Nazzar” innovatsion ilovasi haqida ma’lumot berildi. Ushbu innovatsion ilova istalgan materialni to‘ldirilgan voqelik elementlari bilan boyitishi mumkin. Smartfon “Nazzar” belgisiga yo‘naltirilsa, mobil qurilma ekranida real ob’yektning tasviri chiqib, u turli effektlar bilan to‘ldiriladi.
“Smart Chain” kompaniyasi mutaxassislari taklif etayotgan innovatsion ilovalar orqali mamlakatimizning sayyohlik salohiyatini keng targ‘ib qilish hamda tarixiy obidalar va muzeylarni yoshlar o‘rtasida yanada ommalashtirish mumkin. Ushbu kartochkalarga smartfonni yaqinlashtirish orqali tarixiy ob’yektlarni “gavdalantirish”, lavha fonida audiomatnni eshitish yoki uni 3D realligida tomosha qilish imkoniyati mavjud. Prezident mamlakatimiz turizm salohiyatini yanada rivojlantrish uchun, avvalo, malakali mutaxassislar tayyorlash zarurligini qayd etdi. Mutasaddilarga turizm rivojlangan mamlakatlar tajribasini o‘rganish, Samarqanddagi “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti faoliyatini yanada kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Shu kuni Samarqand shahrida xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yurtimiz ravnaqi yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan Samarqand ahliga chuqur hurmatini bildirib, iqtisodiy-ijtimoiy sohalarni rivojlantirish, xalqimiz hayotini yaxshilash bo‘yicha viloyatda ham ko‘p ishlar qilinayotganini ta’kidladi.
Jumladan, «Obod qishloq», «Obod mahalla» dasturlari doirasida 29 ta qishloq, 4 ta mahallada qariyb 200 milliard so‘mlik qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilgan. O‘tgan yili 1 ming 500 kvartirali 36 ta ko‘p qavatli uy, 2 ming 349 ta arzon uy-joy barpo etilib, egalariga topshirilgan. 60 ga yaqin davlat bolalar bog‘chasi qurilib, 356 ta xususiy maktabgacha ta’lim muassasasi tashkil etilgan. Sog‘liqni saqlash, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, kommunal tarmoqlarni rekonstruksiya qilish bo‘yicha ham aniq manzilli ishlar bajarilgan.
Davlatimiz rahbari Germaniyaning yetakchi universitetlari bilan hamkorlik o‘rnatib, Samarqandda «raqamli iqtisodiyot» uchun kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning tavsiyasiga binoan Samarqand viloyati hokimi vazifasini vaqtincha bajarib kelayotgan Erkinjon Turdimov Samarqand viloyatining hokimi etib tasdiqlandi.
So‘zga chiqqanlar Prezidentimiz tomonidan Samarqand viloyatini jadal rivojlantirish bo‘yicha belgilab berilgan vazifalarni bajarish yo‘lida bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etishini ta’kidladilar.
Viloyat iqtisodiyotini rivojlantirish, investitsiya jarayonini faollashtirib, yangi korxonalar qurish va ish o‘rinlarini ko‘paytirish eng muhim va ustuvor yo‘nalish hisoblanadi. O‘tgan yili viloyatda 448 ta ob’yekt ishga tushirilgan. Lekin Samarqanddek katta salohiyatga ega hudud uchun bu yetarli emas, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu maqsadda 2019-2020 yillarda amalga oshiriladigan 968 ta investitsiya loyihasi shakllantirilgani, xorijiy davlatlar bilan hamkorlikda yirik sanoat korxonalari tashkil etilishi ma’lum qilindi.
Samarqandning turizm salohiyatidan foydalanish, qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya qilish, tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Shu bilan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Samarqand viloyatiga tashrifi yakunlandi.
Matnazar ELMURODOV,
Umar ASROROV,
Ziyodulla JONIBEKOV,
O‘zA maxsus muxbirlari.