Odobnoma: Birisin oy angla, birisin quyosh
Ota-ona har bir kishi uchun mo‘’tabar, aziz inson hisoblanadi. Dinimiz ota-ona kim bo‘lishidan qat’i nazar, ularni hurmat-ehtirom qilishga buyuradi. Dunyoda bizning dinimizdagidek ota-onaning hurmatini yuqori qo‘ygan boshqa biror ta’limot yo‘q.
Qur’oni karimda ota-onaga yaxshilik qilish qanchalar oliyjanob ish ekani shunday ta’kidlanadi: “Va insonga ota-onasiga yaxshilik qilishni tavsiya qildik”.
Abdulloh ibn Umar aytadi: “Robning rizosi ota-onaning rizosidadir. Robning noroziligi ota-onaning noroziligidadir”.
Bundan shunday xulosaga kelish mumkinki, “Ota rozi – Xudo rozi” degan gap bejiz aytilmagan.
Hazrat Alisher Navoiy ham ota-ona haqida gapirib, quyidagi baytlarni bitadi:
Boshni fido ayla ato qoshig‘a,
Jismni qil sadqa ano boshig‘a.
Tun-kuningg‘a aylagali nur fosh,
Birisin oy angla, birsin quyosh.
Farzand ota-onaga muomala qilishda, garchi ular xatokor bo‘lsalar ham, ehtiyot bo‘lishi, ularning qalbiga ozor beruvchi so‘zlardan tiyilmog‘i lozim. Shuningdek, jamiyatda ham doim ota-onasiga olqish va rahmatlar keltiradigan amallarni qilishi kerak. Ota-onani la’natlash, so‘kish bilan va ularning nomiga yomon so‘zlarni olish bilan kishi o‘zini o‘zi Alloh taoloning la’natiga loyiq qiladi. Allohning la’natiga duchor bo‘lish esa, rahmatidan mahrum qilinishdir. Bunday inson ikki dunyoda ham saodat topmaydi.
Bundan ko‘rinib turibdiki, farzand har qanday holatda ota-onasini hurmat qilishi, ularning duosini olishi, har doim ularga mehribonlik ko‘rsatishi zarur.
Mashrab XIDIROV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot
markazi fiqh sho‘’basi rahbari.