Og‘ir atletika bo‘yicha O‘zbekiston chempionatida Samarqand viloyati birinchi
Samarqand shahridagi Sportning o‘yin turlari va yengil atletikaga ixtisoslashgan bolalar va o‘smirlar sport maktabida og‘ir atletika bo‘yicha 2002 yilda tug‘ilgan va undan kichik yoshdagi sportchilar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati yakunlandi.
Respublikamizning barcha viloyatlaridan 210 nafar sportchi ishtirok etgan musobaqalarda umumjamoa hisobida viloyatimiz polvonlari birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Namangan va Toshkent viloyati terma jamoalari keyingi sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritishdi.
Qizlar o‘rtasidagi bellashuvlarda Navoiy viloyatining yosh sportchilariga teng keladigani topilmadi. Qashqadaryolik va xorazmlik qizlar ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egallashdi.
Chempionatda qizlarimiz medal ololmagan bo‘lsa-da, o‘g‘il bolalar o‘rtasida T.Yusupov, O.Nafasov, H.Olimov, Z.Xusanov kabi o‘smirlarimiz o‘z vazn toifasida oltin medalga sazovor bo‘lishdi.
Basketbol
Urgut tumanida o‘smirlar o‘rtasida basketbol bo‘yicha viloyat birinchiligi bo‘lib o‘tdi.
Shiddatli o‘tgan bahslarda Samarqand shahridagi 1- son Bolalar va o‘smirlar sport maktabi jamoasi birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, jomboylik yosh basketbolchilar ikkinchi, Urgut tumanidagi 36-son umumta’lim maktabi sportchilari esa faxrli uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritishdi.
Qizlar o‘rtasidagi bellashuvlarda esa Jomboy tumanidagi 46-son hamda 43-son umumta’lim maktablarining sportchilari birinchi va ikkinchi o‘rinlarni, kattaqo‘rg‘onlik yosh basketbolchilar uchinchi o‘rin egallashdi.
Bekzod AHMEDOV.